Oromgoh til o‘rganish uchun qulay maydoncha

Oromgoh til o‘rganish uchun qulay maydoncha

Ta’tilda kimdir maktab qoshida ochilgan yozgi dam olish oromgohida xordiq chiqarishi   rejalashtirgan bo‘lsa, yana boshqa o‘quvchilar so‘lim tabiat qo‘ynidagi sog‘lomlashtirish maskanlariga yo‘l olmoqchi. Bolalarning maroqli dam olishini tashkillashtirishda yozgi sog‘lomlashtirish va maktablar qoshida ochilgan oromgohlarda bir-biridan qiziqarli to‘garak mashg‘ulotlarini olib borishning samarasi katta.

 

Mazkur mavsumda xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqi bor bolalar bilan to‘garak ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratish ham yaxshi samara beradi. Ta’til ´³uvchilar faoliyatida muhim ahamiyatga ega b´lib, bu davr mobaynida ular o‘rganganini mustahkamlab, yangi bilimlar olishga kuch yi²adilar.

To‘garaklarda o‘quvchilarning yoshi, bilim darajasini, albatta, e’tiborga olish kerak. O‘qituvchi 1-, 2-, 3-, 4- sinflarda chet tilidan o‘tilgan taqvim-reja bilan yaxshi tanish bo‘lishi mashg‘ulot davomida qo‘l keladi. Bu mashg‘ulot rejasini tuzishda ham asqotadi.

To‘garak qatnashchilarining so‘z boyligini oshirishda darslardan farqli o‘laroq, rolli o‘yinlardan foydalanish, qiziqarli harakatli va didaktik vaziyatlar yaratish mumkin. Bunday sharoitda bolalar ingliz tilini osonroq o‘zlashtiradi. Misol uchun, 2014—2015- yilgi dam olish mavsumida poytaxtimizdagi 104- maktab qoshida tashkil etilgan oromgohda dam olayotgan 7—11 yoshli bolalardan kirish va yakuniy testlarni olganimizda, tafovut kattaligi ko‘zga tashlandi.

Shu o‘rinda oromgoh to‘garaklarida didaktik o‘yinlardan ayrimlarini qo‘llash usullarini keltirib o‘tmoqchimiz.

Nutqni o‘stirish uchun guruhga 10ta so‘z   yozish aytiladi. O‘quvchilarni kichik guruhga bo‘lib yoki individual ishlash mumkin. Masalan, o‘quvchilarga get up, wash, brush my teeth, have breakfast, have a rest, go to school, have a lunch, have a dinner, go to bed kabi so‘zlar berib, ular yordamida bir kunlik kun tartibi (My day)ni yozish so‘raladi. Topiklar yozilgandan so‘ng guruhlar ishlari o‘zaro almashiladi. Ular «raqiblari»ning ishlarini og‘zaki so‘zlab berishadi. Berilgan vaqt mobaynida guruhlar yuqoridagi so‘zlarning nechtasidan foydalanganligi tekshiriladi. Bu o‘quvchilarning maktab davrida o‘rganganlarini takrorlashi, mustahkamlashiga yordam beradi.

Play miming o‘yini grammatik ma’lumotlarni qiziqarli tushuntirish va so‘zlash malakalarini oshirishga yordam beradi. Masalan, bir o‘quvchi davraga chiqadi va ma’lum harakatni bajaradi. Doira atrofidagilar shu harakatning inglizcha aytilishini qog‘ozga yozishadi. Yoki o‘quvchi imo-ishora orqali guruhdoshlariga harakat ko‘rsatadi. Ular bajarayotgan harakatni savol berish orqali topishga urinadi(savollarning barchasi ingliz tilida bo‘lishi lozim). E.g. Are you reading a book? Are you writing? Are you drawing? Agar savol to‘g‘ri berilsa, davradagi o‘quvchi Yes, I am deb, noto‘g‘ri bo‘lsa, No, I am not deb javob beradi. O‘yin shu tarzda davom etadi. Bu kabi o‘yinlar orqali to‘garakdagilarning so‘z boyligi ortadi va muloqot qilish ko‘nikmalari rivojlanib boradi.

Ushbu jarayonda bolaning psixologik xususiyatlarini inobatga olish muhim. Ya’ni til o‘rganish mashg‘ulotlariga bolalar o‘z ixtiyori bilan, majburiy talablarsiz qamrab olinishi ahamiyatli sanaladi. Chunki ma’lum bir bilimni o‘zlashtirish murakkab psixologik vaziyat bo‘lib, ta’til davrida bu jarayonga bolalarni jalb etish murakkabroq kechadi. Shuningdek, oromgoh guruhlaridagi bolalar yoshiga ko‘ra tengdosh bo‘lsa-da, turli maktab va hududlardan kelgani uchun bir-biriga moslashishi, o‘zaro til topishishi oson kechmaydi. Guruhda bir butun jamoani shakllantirish bolalarning to‘garaklarda qatnashish faolligini oshiradi. Chunki til o‘rgatish to‘garaklaridagi mashg‘ulotlar asosan o‘yinlar, quvnoq daqiqalar va harakatli ko‘rinishlardan tashkil topadi. Bunda bolalar bir-birini yaqindan tushunishmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin. Chunki o‘quv materialini o‘zlashtirish — tafakkur jarayonlari bilan birga hamkorlik va raqobatbardoshlik muhitida yengilroq kechadi.

To‘garak rahbari bolalar o‘rtasida do‘stona muhit yaratishga e’tibor qilib, ular bilan «Qiziqarli tanishuv», «Men kimman?» o‘yinlarini ilk mashg‘ulot soatlarida o‘ynashi kerak. Agarda guruhda qo‘shilolmayotgan va tezda kirishib ketmayotgan bolalar bo‘lsa, ularni asosiy qahramonlar sifatida ko‘rsatish yaxshi samara beradi. Xususan, xorijiy tilda nutq o‘stirishga mo‘ljallangan suhbatlarda shu bolalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Qanday didaktik metod tanlanganiga qarab nutq ob’ekti bolalarga va ularning ehtiyojlari va qiziqishlariga qaratilmog‘i lozim. Oromgohlardagi xorijiy til to‘garaklari o‘ziga xos do‘stlik klubi vazifasini ado etish mumkin. Shunday yo‘l tutilganda bolalarda motivatsiya, bir-birini tushunish shakllanadi.

Xorijiy til to‘garaklarining yana bir o‘ziga xos jihati borki, bunda bolalarning faol lug‘at zahiralari kengayadi. Ular kundalik hayotimizda ishlatiladigan og‘zaki nutq terminlarini erkin holatda o‘rganganligi uchun o‘zaro murojaat shaklidagi matnlar yaratishga kirishadi. Ruhan bir-biriga yaqin guruhdoshlar dialoglari ham zo‘rma-zo‘raki emas, aksincha ularning kundalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Ushbu holatda o‘qituvchi ko‘proq dialoglar va ma’lum mavzuga doir matnlar yaratish ishtiyoqini oshirish uchun turli rag‘bat usullardan foydalanishi ham maqsadga muvofiq. Bularga jamoa bo‘lib olqishlash, eng yaxshi ishtirokchilarning suratlarini devoriy gazetaga joylashtirish, turli shaklli predmetlar taqdim etish yoki bolaning biror iqtidorini namoyish etishga imkon berish kabi rag‘bat turlarini misol tariqasida keltirsa bo‘ladi.

 

 

Muxtasar JO‘RAYEVA.

Fikr bildirish