Uning nomi bilan birga bitilgan

Uning nomi bilan birga bitilgan

Dunyo daftariga o‘zbek degan nom

(Navoiyning 579 yilligiga bag‘ishlangan tadbir ssenariysi)

(Sahna bayramona bezatilgan, to‘rida Navoiyning sur’ati. Mayin musiqa sadosi ostida boshlovchilar sahnaga chiqib keladilar.)

Mayin musiqa sadosi ostida boshlovchilar sahnaga chiqib keladilar. )

 

  • 1- boshlovchi: Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,

Hammasiga guvoh yer osti.

Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro,

Jahongiri kam bo‘lar rosti.

2-boshlovchi:                 Besh asrkim, nazmiy saroyni

Titratadi zanjiband bir she’r.

Temur tig‘i yetmagan joyni,

Qalam bilan oldi Alisher.

  • 1- boshlovchi: — Assalomu alaykum, buyuk mutafakkir, g`azal mulkining sultoni — Mir  Alisher Navoiy tavalludi tantanasiga yig`ilgan aziz mehmonlar!
  • 2- boshlovchi: — Ulug‘ ajdodlarimizning siymosi hamisha el ardog‘ida. Mana bugun ham Navoiy bobomiz tavalludining 579 yilligini nishonlamoqdamiz.
  • 1- boshlovchi: Navoiy ijodining har bir namunasida insonlarni ezgulikka chorlovchi g‘oyalar o‘z aksini topgan.
  • 2- boshlovchi:                  Odami ersang demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

deya odamlarni Vatanni sevishga, xalqni qadrlashga chorlashni burchi deb bilgan.

 

 

(Sahnaga sakkiz nafar o‘quvchi kirib keladi).

  • 1- o‘quvchi: Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘rgatmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila.

  • 2- o‘quvchi: Yolg‘onchi kishi ermas,

Yolg‘on aytmoq mardlar ishi ermas.

  • 3- o‘quvchi: Kimki, jahon ahlida inson erur,

Bilki, nishon anga iymon erur.

  • 4- o‘quvchi: Ko‘p demak birla bo‘lmag‘il nodon,

Ko‘p yemak birla bo‘lmag‘il hayvon.

  • 5- o‘quvchi: Hunarni asrabon netkumdir oxir,

Olib tufroqqami ketgumdir oxir?!

  • 6- o‘quvchi: Ko‘ngul maxzanining qulfi til,

Va ul maxzanning kalitin so‘z bil.

  • 7- o‘quvchi: bordur inson zotida oncha sharaf—

Kim yomon axloqin etsa bartaraf

  • 8- o‘quvchi: Befoyda so‘zni ko‘p aytma,

Foydalig so‘zni eshiturdin qaytma.

  • 1- boshlovchi:— Navoiy bobomiz bolaligidan yuksak iste’dodi bilan ustozlarini ham hayratga solgan. Besh yoshida Qosim Anvorning kattalar ham tushinishi qiyin bo‘lgan   g‘azalini yod olgan.
  • 2- boshlovchi: — U endigina qalam tebratgan kezlaridayoq o‘zining bir bayti bilan ustozi mavlono Lutfiyni lol qoldiradi.

(Sahna ortidan T. Almatovning «Ey, sabo» kuyi yangraydi. Sahnada yosh Alisher siymosi gavdalanadi. Egnida o‘sha zamonga mos to‘n, salla, etik. Sahnaning bir chetida Lutfiy va uning shogirdlari kitob mutolaa qilib o‘tiribdi. Alisher ta’zim qilib kirib keladi.).

Alisher:— Assalomu alaykum, ustoz.

Lutfiy:— Vaalaykum assalom, barakallo, kelsinlar. Qani Alisherbek, o‘lturung.

(Alisher ta’zim qilib o‘tiradi)

Lutfiy:— Otangiz salomatmu?

Alisher:— Insholloh, yuribdilar. Sizga ko‘pdan ko‘p salom aytdi.

Lutfiy:— Salomat bo‘lg‘aylar. O’zingiz-chi, omonmisiz? She’r mashq qilib turibsizmu?

(Alisher boshini tasdiq ma’nosida silkib qo‘yadi)

Alisher:— Ha ustoz, bugun ham bir g‘azal bitgan erdim. Lozim topsalar o‘qib beramen.

Lutfiy shogirdlariga qarab jilmayib

Lutfiy:— Qani eshitaylik.

(Alisher o‘rnidan turib, qo‘ynidan g‘azal yozilgan qog‘ozni oladi va o‘qiy boshlaydi)

Alisher:             Orazin yopg‘och ko‘zimdin sochilur har lahza yosh,

Bo‘yla kim paydo bo‘lur yulduz nihon bo‘lg‘ach quyosh.

Lutfiy:— Barakallo, Alisherbek, barakallo.

Shogirdlari: Ofarin, bag‘oyat go‘zal bayt bitibdursiz.

Lutfiy bir muddat jim turib, so‘ng

Lutfiy:— Agar imkon bo‘lsa erdi, sizning bu baytingizg‘a umrim davomida yozg‘on barcha she’rlarimni alishg‘on bo‘lur erdim. Sizdan xo‘o‘o‘b xursandmen.

Alisher:— Qulluq, taqsir, qulluq.

Lutfiy:— G‘azalingizni bog‘dagi mushoirada ham o‘qib berg‘aysiz.

Alisher:— Xo‘p bo‘ladi, taqsir.

(Barchalari birgalikda chiqib ketadilar)

  • 1- boshlovchi: Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga panja urmoq.

Kerak sher oldida sheri jangi,

Magar sher o‘lmasa bori palangi.

  • 2- boshlovchi:— Darhaqiqat, Nizomiy panjasiga   panja urib, o‘zining turkiy tildagi birinchi “Xamsa”sini yaratgan lirik shoir, davlat arbobi, mutaffakir – Mir Alisher Navoiy o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi sifatida adabiyot   ixlosmandlari uchun chinakam ulkan badiiy xazina meros qoldirib ketdi.
  • 1- boshlovchi:— Buyuk “Xamsa”ni yaratib, Nizomiy, Xisrav Dehlaviy, Jomiyga hamqadam bo`lib, buyuklar qatoridan joy olgan hazrat Navoiy o`z oldiga  qo`ygan maqsadini sharaf bilan ado etdi.

2-boshlovchi: Zamonasining alloma shoiri, ustozi Jomiyning yuksak bahosiga musharraf bo`ldi. Husayn Boyqaro esa «Bu qalamga falakdin ofarinlar yog`ilsin» deya niyat bildirdi.

  • 1- boshlovchi:— Navoiy 60 yillik umri davomida xalqi, yurti uchun chin insoniylik burchini ham ado etdi. Do‘sti Husayn Bayqaroning yonida turib yurtning farovonligi yo‘lida qo‘ldan kelgancha sa’y harakat qildi.
  • 2- boshlovchi:— Navoiyning ulkan adabiy merosi bugun jahon adabiyoti ixlosmandlari uchun ham birdek qadr-qimmatga ega. Ana shunday buyuk insonlarni xizmatlarini qadrlamoq, ularga munosib avlod bo‘lmoq bizning sharafli burchimizdir. O‘quvchilar navbat bilan Navoiy va uning ijodiga bildirgan fikrlarni bayon etadilar.
  • 1- boshlovchi: Kamol et kasbkim olam uyidin,

Senga farz o`lmag`ay g`amnok chiqmoq.

Jahondin notamom o`tmak biaynih,

Erur hammomdin nopok chiqmoq                                      

  • 2- boshlovchi:— Navoiy aql qurolining mohir ustasi edi. U o‘zining donoligi sabab zamonasini hamisha lol qoldirib kelgan.

O’quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. Sahnada Bayqaro o‘zining mulozimlari bilan suhbat qurib o‘tirigan holat. Mulozimlari Bayqarodan norozi kayfiyatda so‘z boshlaydilar.

Mulozim:— Shohim biz sodiq mulozimlaringiz orasida har-xil mish-mishlar yuribdir. Deydilarki, olampanohimiz bizning sodiqligimizga shubhalari bormikon deb.

Bayqaro:— (ajablangan ohangda)Nechuk bunday demishlar?

Mulozim:— Deydilarki, siz Alisherbekka hamisha yon bosarmishsiz, bizlar qancha sizning xizmatingizni chin yurakdan ado etsak-da,   g‘ayri nigoh bilan qararmishsiz.

Yana bir mulozim:— Shohim, afv etgaysiz. Sizning davlatingizni o‘ylab aytayotibmiz. Alisherbekka bunday munosabatda bo‘laversangiz, u kishim haddilaridan oshib ketmasunlar deymiz-da. Har zamonda maoshini oshira bersangiz hovliqib ketmasunlar.

Bayqaro:— (jiddiy ohangda) Ho‘p mayli, sizlarga bir savolim bor. Agar shuni javobini topsangiz, sizlarni ham mavqeyingizni oshirishga va’da beramen. Uch kun ichida javob bera olmasangiz boshingizni tanangizdan judo etamen.   (Bayqaro mulozimlarga qarab tili bilan boshini ko‘rsatadi.) Qilg‘on harakatimning javobini topsangiz bergan va’damni bajaramen, javobini topa olmasangiz ham o‘sha va’da ya’ni bir boshg‘a bir o‘lim.

Bayqaro orom olish uchun chiqib ketadi. Orqalaridan mulozimlar ham ergashadi. Bir- ozdan so‘ng mulozimlar yana to‘planadilar. Uchunchi kun holati.

  • 1- mulozim: — Mana, berilgan muddat ham poyoniga yetdi. Ammo javob topa olmadik.
  • 2- mulozim: — Bu ketishda boshimizdan judo bo‘lishimiz tayinga o‘xshaydur.
  • 3- mulozim: — Jonni saqlamoq kerak. Alisherbekning oldiga borib, jumboqni yechmoq darkor. Ul kishi, albatta javobini biladur.

Sahnada Navoiy qiyofasidagi o‘quvchi paydo bo‘ladi. Ul zot kitob mutolaa qilib o‘tirgan bo‘ladi. Mulozimlar ta’zim qilib kirib keladilar.

Mulozimlar: Assalomu alaykum, mavlono.

Alisher:— Vaalaykum assalom, kelsunlar.

1- mulozim:— Taqsir, sizning oldingizda gunohkormiz. Sizga xasadimiz kelib, ustingizdan shohimizga arz qilib qo‘yg‘on edik.

  • 2- mulozim:— Bizni avf etgaysiz. Shohimiz bizga bir jumboq berdilarki uning javobini topib borsak, bizni siz kibi mukafotlashg‘a, agar javob topa bilmasak, bizni qatl qildirmoqqa va’da berdilar.
  • 3- mulozim:— Necha kundirki javobini topa olmadik. Bori umidimiz sizdandur. Bizni kechirib, yordam bersangiz.

Alisher nim tabassumda:— Xasad har kimning ichini yondirg‘uvchi o‘tdir. Xo‘p mayli, jumboq qandoq erkon?

1- mulozim:— Olampanoh bir qo‘llarida boshni, bir qo‘llarida tilini ko‘rsatdilar. Bu bilan nima demoqchi ekanliklarini anglolg‘animiz yo‘q.

Alisher bir oz jim turib aytadi:— Shohimiz bu bilan, tiling boshingni yeydi, demoqchi bo‘lganlar. Chunki odamni yaxshilikka yetaklovchi yoki yomonlikka duchor qiluvchi — tildir. Bo‘lar bo‘lmas so‘zlarni gapirish odamning umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Mulozimlar qulluq qilib chiqib ketadilar.

Sahnada Boyqaro va Alisher suhbat qurib o‘ltiribdilar. Mulozimlar ta’zim qilib kirib keladilar.

Bayqaro:— Xo‘sh javobini topdingizmu?

Mulozimlar:— Ha, topdik hazratim. Jumboqning javobi tiling boshingni yeydi erkon..

Bayqaro: Sizlarning bunga aqlingiz yetgoniga ishonmaymen, to‘g‘risini so‘zlangiz kim aytd?.

Mulozimlar: Alisherbek.

Bayqaro hayrat bilan Alisherga qarab:— Alisherbek, bularning sizga g‘ayrligi borligidan xabardor bo‘lsangiz kerak, bilib turib nega yordam berdingiz?

Alisher:— Hazratim, inson umri azizdir. Bosh egib yordam so‘rab kelgan odamga yordam bemoq, umrlarini asramoq savobdir, agar yordam bermasam nomardning ishini qilg‘on bo‘lar erdim. Iltimos hazratim, bularning bir qoshiq qonidan kechsangiz.

Bayqaro: (mulozimlarga qarab)— Ana ko‘rdingizmi, Alisherbekni nima sababdin sizdan ortiq ko‘ramen. Javobini o‘zingiz ham anglog‘on bo‘lsangiz kerak.

Mulozimlar: Bizni kechiringiz.

Barchalari birgalashib chiqib ketadilar.

  • 1- o‘quvchi:— Navoiy bobomiz yaratgan asarlar samodek tiniq, tongdek shaffof, musiqiy ohanglar bilan yo‘g‘rilgan. Asarlari ni o‘qir ekanmiz, har bir satridan o‘z xalqiga, insoniyatga cheksiz mehri, u bilan bir jon, bir tan ekanligini anglash qiyin emas.

Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranji g`urbat havas aylama.

  • 2- o`quvchi:— Navoiyning jozibador baytlari insoniyatga so‘zning sehrini, hayotning ma’nosini, saodatning eshigini ochib  berayotgandek .

Bu gulshan ichra yo‘qtir baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur yaxshilik bila chiqsa ot

  • 3- o‘quvchi:— Bunday buyuk zotni qadrlamoq, unga munosib avlod bo‘lmoq bizning muqaddas burchimizdir.
  • 4- o‘quvchi:— Dunyoda biror nom qoldirmoq uchun,

Yurt buzish shart emas, degan gap-ku, rost.

Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,

 

Alisher qalamni ko‘rsatgan , xolos.

Sahnada qizlar tomonidan raqs ijro etiladi

O’quvchilar Navoiyning ruboiy, tuyuq va qit’alaridan namunalar o‘qishadi.

1-boshlovchi:— Alisher Navoiy ijodi bebaho xazinadir. Uning adabiy merosi ham, o‘zining nurli hayot yo‘li ham biz yoshlarga hamisha ibrat va hayot maktabi bo‘lib qoladi.

2-boshlovchi: Shunday ekan, bu ulug‘ zotning merosini qadrlamoq, uni qunt bilan o‘rganmoq, qolaversa, unga munosib avlod bo‘lmoqqa intilaylik!

Shu buyuk o‘g‘lingni ardoqlab dildan, –

Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.

Uning nomi bilan birga bitilgan

  • 1- va 2- boshlovchi: (Jo‘rlikda):— Dunyo daftariga o‘zbek degan nom.

Sahnada mayin musiqa yangraydi. Tadbirda qatnashgan barcha o‘quvchila chiqib ta’zim qiladilar.

Zebo Xakimova,

Toshkent shahri Yunusobod tumani

274- maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan