Chaqimchilik — yechim emas, muammo

Chaqimchilik — yechim emas, muammo

Bolalarga ta’lim-tarbiya berish, ularda zarur hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, ijtimoiy odob o‘rgatish mas’uliyati muqaddas Vatanimizning suyanchi — ustoz-muallimlarimizni hammadan ko‘p tashvishga solishi tabiiy. Fidoyi pedagoglarimizning farzandlar kamoli, yurt istiqboli uchun jon kuydirib zahmat chekayotgani, yoshlarimiz toleyini baland, jamiyatimizni bundanda yuksak mavqelarda ko‘rish ishtiyoqi har qancha tahsinga loyiq! Shunday muallimlardan biri Dilnoza Narzullaeva tahririyatimizga maktub yo‘llab, o‘z tajriba va tavsiyalarini yozib yuboribdi. Buning uchun o‘qituvchiga behad minnatdorchilik bildiramiz! Maktubni o‘qirkan, unda tilga olingan chaqimchilik masalasiga kengroq to‘xtalish zarurati ham sezildi. Shu bois, quyida mavzuga oid qo‘shimcha fikrlar bayon qildik, ikkalasi bir-birini to‘ldiradi, degan umiddamiz.

 

 Ogohlik, guvohlik, shikoyat va chaqimchilik…

Chaqimchilik o‘zi nima? Bu masalani bolalarga tushuntirishdan oldin shu haqda biroz mulohaza yuritsak.

Savol tug‘ilishi tabiiy, kimningdir nojo‘ya harakati yo jinoyat sodir etganini ko‘rganda chaqma-chaqarlik bo‘ladi, deb jimgina yuraverish to‘g‘rimi? Mudhish oqibatlarga olib kelmaydimi bu? Biror jinoiy holni ko‘ra-bila turib guvohlikdan bosh tortish, odamlarga, tabiatga ziyon beradigan xatti-harakatlarning oldini olishga urinmaslik loqaydlik emasmi? Albatta, loqaydlik! Bunday vaziyatda el-yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan vijdonli inson jinoyatga imkoni doirasida yo‘l qo‘ymaydi, chora ko‘radigan mas’ullarga o‘z vaqtida xabar beradi. Chunki, ogohlik hamisha davr talabidir. Kimningdir jinoyat sodir etganini ko‘rganda esa, biz o‘z guvohligimiz orqali biror jabrdiydaning huquqini, umuman, jamiyat manfaatini, tartib-intizomni, alaloqibat, o‘zimiz va yaqinlarimizni himoya qilayotganimizni yodda tutib, bunga aslo befarq bo‘lmasligimiz kerak. Yoki kimdir bila turib, qasddan, axloqsizlikdan bizning haq-huquqlarimizni poymol etishga, o‘z manfaati yo‘lida zarar berishga urindi, deylik. O‘zaro tushuntirish va qarshilik ham foyda bermadi. Bunday taqdirda, uning ustidan arz qilish chaqimchilik emas, balki shikoyat hisoblanadi va bu har bir shaxsning huquqi bo‘lib, uni qonun ham, axloq ham taqiqlamaydi, aksincha, himoya qiladi.

Chaqimchilik esa, mutaxassislar fikricha, birovning gapini boshqa bir insonga ular o‘rtasida adovat va g‘azab keltirib chiqarish uchun yetkazishdir. Yetkazganda ham buzg‘unchilik yo‘li bilan gap tashish. Chaqimchi shu orqali kimgadir yaxshi ko‘rinish, o‘z obro‘sini oshirishga yoki raqibidan o‘ch olish, undan o‘zib ketishga urinadi. Unda umummanfaati emas, o‘z maylini qondirish istagi ustun turadi. Uning qilmishidan odamlar orasida o‘zaro ishonchsizlik oralaydi, chaqimchi jamiyat a’zolarini bir-biridan ajratib tashlaydi. Chaqimchilik raqobatning g‘irrom yo‘lidir. Tabiatiga bu xunuk illat o‘rnashgan kimsa har narsadan, har kimdan shumlanadi, hatto, shaxsiy manfaati yo‘lida boshqalarga tuhmat qilishgacha borishi turgan gap. Agar jamiyat a’zolari, misol uchun, sinf o‘quvchilari bir-birlarining xatolarini tuzatish, yordam berish o‘rniga chaqimchilik qilib, jazolanishiga hissa qo‘shsa, yangi va jiddiy muammolar, o‘zaro davomli nizolar ko‘z ochadi. Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning «Nazm ul-javohir» asarida aytilganidek, «Chaqimchining bir onlik qilmishi bir oylik fitna keltirur».

 

Muloqotga o‘rgansin!

O‘quvchilar orasida sog‘lom muhit yaratish, bunga salbiy ta’sir etadigan xulqiy og‘ishlarning oldini olish, chora-tadbirlar ko‘rish zarurati, o‘g‘il-qizlarni asl insoniy sifatlar bilan ziynatlash burchi o‘qituvchilarimizga katta mas’uliyat yuklaydi. Ana shunday sharafli javobgarlik hissini zimmasiga olgan pedagoglarimizdan birining mavzuga oid tajribalari, fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.

— Chaqimchilik muammoning yechimi emas, aksincha, yo‘q joydan muammo yaratadigan manbai, — deydi Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 122- maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Muborak Nurmatova. — Ayrim hollarda o‘qituvchi yoki ota-onaning o‘zi chaqimchilikni rag‘batlantirib, bolani bu xunuk odatga o‘rgatib qo‘yadi. Pedagog bilib yo bilmasdan o‘quvchilarini chaqimchilikka odatlantirib qo‘ysa, «Ustoz, falonchi u qildi, falonchi bu qildi», «U unday dedi, bu bunday dedi» kabi «dedi-dedi»lar bilan har qadamda o‘quvchilar bir-birlaridan nolishga tushadilar. Qaysidir tengdoshi salgina turtib yuborsa, qalamini bilmasdan tushurib yuborsa ham o‘qituvchiga chaqadi. Qarabsizki, darsdan ham har qadamda chalg‘ishga to‘g‘ri keladi. Bu hol, ayniqsa, 1- sinfda ko‘proq kuzatiladi. Shu davrdanoq o‘qituvchi sinfida chaqimchilik avj olishiga qarshi kurashishi lozim. Chaqimchilik qilgan o‘quvchini, avvalo, bu ishdan qaytarish lozim, unga nasihat qilib, qilmishini qoralasin. To‘g‘ri, o‘qituvchi sinfdagi gap-so‘zlardan yetarli darajada xabardor bo‘lib turishi kerak, lekin, ilojini topsinki, o‘quvchi axborot berayotganini bilmasin. Yo‘qsa, rag‘bat olib gap tashishga o‘rganadi. Agar o‘g‘il bola chaqimchilikka odatlansa, maydagap, ichida gap turmaydigan, aybni boshqalardan qidiradigan, doim kimgadir suyanadigan, o‘z muammolarini o‘zi yecholmay, o‘zgalarga yuklaydigan irodasiz va zaif odamga aylanib qoladi. Keyinchalik ulg‘ayib, biror kasb egasi bo‘lganda ishchilar orasida kelishmovchiliklar chiqarib yurishi mumkin. Qizlarimizni ham hozirdan chaqimchilikdan ehtiyot bo‘lishga o‘rgatmasak, ertaga turmushga chiqqach, xonadon sirlarni tashqariga chiqaradi va bu oilaning buzilishiga, oilalar o‘rtasidagi munosabatlarning parokandaligiga olib keladi.

Sinf ham xuddi oilaga o‘xshaydi. Misol uchun, oiladagi gap-so‘z tashqariga chiqmagani, muammolar bo‘lsa, xonadonning o‘zidayoq hal etilgani yaxshi. Bola nimadandir xafa bo‘lgan yoki ko‘ngli to‘lmagandir, ammo bu kayfiyatini uyiga olib ketmasinki, o‘qituvchi maktabning o‘zida muammoni bartaraf qilsin. Shunda bola uyiga gap ko‘tarib yurmaslikka odatlanadi. Chaqimchilik — muloqot o‘rnatishni bilmaslik. Bolamizning tilini chaqimchilikka emas, muomala madaniyatiga o‘rgatolsak, u hayot uchun kurashga, o‘z shaxsini shakllantirishga, halol raqobatga odatlanadi.

Bilasiz, bolaligimizda multfilmlardan ko‘ra ko‘proq ertak eshitib katta bo‘lganmiz. Ertaklar esa doimo «Bor ekan-da, yo‘q ekan. Chumchuq chaqimchi ekan…», deb boshlanardi. Shu boisdandir o‘sha murg‘aklik pallasidan chaqimchilikning yomon odat ekanini anglab, bu tushuncha vujud-vujudimizga singandir. Darsliklarimizda ham chaqimchilik qoralangan mavzular talay. Masalan, o‘qish fanidan «Chaqimchiga mukofot», «Qodir va Sobir» kabi mavzularni aytishimiz mumkin. Ammo darslik bilan cheklanib qolmasdan, muntazam ravishda, toki bola chaqimchilikdan tilini tiyishga odatlanguniga qadar tarbiyaviy ishlar olib boramiz.

Tomchida dengiz aks etar

Hayotiy kuzatishlar ko‘rsatadiki, inson gohida unutib, bilmasdan yoki ojizlik-chorasizlikdan, tajribasizlikdan ham xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Uning aybini odamlar orasida gapirib yurish, kimgadir yetkazish, gap tashib, pashshadan fil yasashning esa hech kimga foydasi yo‘q. Haqiqiy sofdil, xayrixoh inson bunday vaziyatda unutganga eslatadi, bilmaganga o‘rgatadi, chorasizga yordam beradi. Masalani ana shunday mardonavor hal etadi. Tomchida dengiz mujassam. Maktab yoki kichik bir sinf ham jamiyat ummonini o‘zida aks ettirgan qatradir. Porloq kelajagimiz bo‘lgan ertangi jamiyat a’zolari bugun bor diqqat-e’tiborimizni qaratganimiz maktablarda tarbiya topmoqda. Ular, avvalo, ikki muqaddas dargoh — oila va maktabdan jismoniy, ma’naviy hamda intellektual jihatdan ijtimoiy hayotga tayyorlanadilar. Ularni haqiqiy jo‘mard, sofdil va albatta, ogoh insonlar qilib tarbiyalaylikki, o‘tmishi ulug‘, buguni obod va osuda, kelajagi porloq yurtimizga munosib avlod bo‘lib yetishsinlar!

G‘olib BAHROM

Fikr bildirish