«O‘nlikdan o‘tib qo‘shish»

«O‘nlikdan o‘tib qo‘shish»

    Matematika  fani  kundalik  hayotimizda  muhim o‘rin  egallaydi. Shunday ekan matematik  tushunchalarga ega  bo‘lgan  o‘quvchi  boshqa  fanlarni   bemalol  qiynalmay  o‘zlashtira  oladi. Darslar  o‘yin  tarzida  va   ko‘rgazmali  qurollar asosida   tashkil   etilishi   muhim   ahamiyatga  ega. O‘quvchi fanni o‘zlashtirish  jarayonida zerikmaydi, balki  keyingi  darsni qiziqish bilan  kutadi.

O‘quvchilariga  matematikani  muvaffaqiyatli  o‘qitish  uchun  o‘qituvchi matematika o‘qitish metodikasini puxta  egallagan   bo‘lib va  shu  bilimi asosida   mustaqil  ijodiy ishga   kirishishi kerak. O‘qituvchi  mavzuga  oid ko‘rgazmalarni,  rebuslarni, turli  xil tarqatmalarni  o‘z  ijodidan, mahoratidan  kelib  chiqib  tayyorlay   olishi  lozim. 1- sinfda  dastlab  1  dan   10 gacha  sanash,  raqamlash,  qo‘shish,  ayirish  munosabatlari  o‘rgatiladi.

1,2,3,4,5,6,7,8,9,0 Raqamlash jarayonida  sonlarning   tarkibi  tushuntiriladi. Masalan, 7 sonini  olaylik. 7 soni  tarkibida  7  ta  1 soni  ya’ni  birlik  borligi  ko‘rsatilib  tushuntirilishi   kerak. 9 sonidan  keyin  0  soni bilan  tanishtiramiz. 1 va 0 ning  ishtirokida  10  sonini  tanishtiramiz. 10   soni- bitta  o‘nlik  ekanligi o‘rgatiladi. O‘nlik  tushunchasiga  ega  bo‘lgan o‘quvchi o‘nlikdan  o‘tib  qo‘shishda  mutlaqo  qiynalmaydi.

2- chorakdan «O‘nlikdan  o‘tib  qo‘shish»  mavzulari   tanishtiriladi. Masalan,  8+5=,  8+6=,  9+5= ,9+6=  ifodalarini  olaylik. Mana   shu   jarayonda   o‘qituvchi  mavzuni o‘quvchisiga  sodda  usulda  mohirona   tushuntira  olishi  kerak. Qanday  qilib deysizmi?

Aksariyat   hollarda   o‘qituvchilarimiz  dars  o‘tishda  mavzu  mohiyatini tushunmaydilar. Aytaylik   o‘quvchiga   7+5= ifodasini  taqdim  etadilar  va  sonlarni qo‘shishni  talab  qiladilar. O‘quvchi sonlarni  bir-biriga  qo‘shishda  qiynaladi. Axir  barmoqlari 10 donagina. Hisob   jarayonida   barmoqlari

yetmaydi. Yoki   sanoq  cho‘plaridan  foydalanadi. O‘quvchi  qo‘shiluvchi  sonlar

miqdoridagi  sanoq  cho‘pini qo‘shadi. Keyin boshidan oxirigacha  sanab  chiqadi. Sanoq yakunidagi  sonni  qiymat  deb   aytadi.

1- sinf  o‘quvchisining  eng  kerakli  quroli  uning  barmoqlaridir.  Shu  boisdan

barmoqlarimizdan  unumli  foydalanamiz. Qo‘limizdagi  barmoqlar  10ta —  bu  bitta  o‘nlik. Endi  yuqorida  aytib   o‘tgan  7+5=  ifodamizda 7  soni 10  soniga  to‘lishi  uchun  nechta  birlik  yoki  barmoq  kerakligi  so‘raladi. O‘quvchi  ongli ravishda  3ta  birlik  yoki  barmoq  kerakligini  aytadi. Biz qo‘shilayotgan  5 sonidan 3ta birlikni   ajratib  olamiz. Qolgan birlik 2 ekanligi  aytiladi. O‘quvchi tasavvurida o‘nlik tushunchasi hosil bo‘ladi. To‘ldirilgan 10 soniga qolgan  2  sonini qo‘shamiz. 7+5=7+(3+2)=(7+3)+2=10+2=12.  Mavzudan kelib chiqib  shuni  ayta  olamizki, o‘quvchi  o‘nlik  va  birlik  tushunchasini yaxshi  o‘zlashtirganidan so‘ng hisoblashning  keyingi  bosqichlarida, aytaylik  100  ichida qo‘shish  va  ayirish  mavzularida  ikki xonali  sonlar  bilan  qiynalmay, ongli  ravishda  hisoblay  oladi.

Dastlabki matematik  tushunchalarni  o‘quvchimizga yetarlicha singdira olsak, keyingi maqsadlarimizga erisha olamiz.

                                                                     Dilfuzaxon BOTIROVA, 

Andijon viloyatining Andijon tumanidagi

25- umumta’lim maktabining

 oliy toifali o‘qituvchisi. 

Fikr bildirish