Tomchida hayot aksi (Ekologik ekskursiya)

Tomchida hayot aksi (Ekologik ekskursiya)

Suv tabiat va hayot uchun muhim ahamiyatga ega. Ekologik muammolar doirasida suvning ifloslanishi, toza chuchuk suvning yetishmasligi, uning sho‘rlanishi o‘ta dolzarb masala hisoblanadi. Zero, suv tiriklik kafolatidir. Ayni vaqtda suvdan tejab-tergab foydalanish har birimiz uchun tabiiy refleks darajasidagi odatga aylanishi zarur. Mazkur holat ijtimoiy zarurat bo‘lishi bilan birga yashash sharti hamdir. Shu bois, o‘quvchilarning ekologik madaniyatini shakllantirish ularda suvga, undan foydalanishga nisbatan mas’uliyatli yondashuvni qaror toptirish negizida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Bunda tarbiya jarayonini loyihalash bosqichlari:

1) Tarbiyaviy tadbir mavzusiga doir materiallarni yig‘ish;
2) Tadbir maqsadi va vazifalarini belgilash;
3) Uning mazmunini ishlab chiqish;
4) Tadbir shakli, metodlari va vositalarini tanlash;
5) Tarbiyaviy tadbirni tashkil etish va o‘tkazish (davomiyligi) vaqtini belgilash;
6) Tarbiyaviy tadbir ssenariysini ishlab chiqish;
7) O‘quvchilar faoliyatini nazorat qilish, ularning faollik darajalarini norasmiy (o‘quvchilarni bu haqida xabardor qilmasdan) baholash;
8) Loyihani amaliy faoliyatda qo‘llash;
9) Tarbiyaviy tadbirni tashkil etish jarayoni;
10) Tarbiyaviy tadbirning o‘tkazilish holati (samarali, samarasiz, muvaffaqiyatli, muvaffaqiyatsiz kechgani)ni muhokama qilish va yakuniy xulosa chiqarishni o‘z ichiga oladi.
Tadbir maqsadi o‘quvchilarni o‘zlari istiqomat qilayotgan hududda joylashgan suv havzalari va ularning holati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Mazkur tadbirni o‘tkazish jarayonida quyidagi pedagogik vazifalar hal etiladi:
— o‘quvchilar o‘zlari yashab turgan hududdan oqib o‘tadigan suv havzalari bilan yaqindan tanishtiriladi;
— mazkur suv havzalarining qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalari, shuningdek, maishiy turmushdagi ahamiyati o‘rganiladi;
— suv havzalarining sanitariya holati tahlil qilinadi;
— suv sifati (oddiy usullar yordamida) aniqlanadi;
— suv havzalarining sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan amaliy faoliyat tashkil etiladi.
Ekologik ekskursiya uchun tanlangan obyektlar mazkur tadbir o‘tkazilayotgan ta’lim muassasasi joylashgan hududlardagi suv havzalaridir.
«Suv — hayot manbai» mavzusida ekologik ekskursiyaning davomiyligi quyidagicha:
Birinchi hafta. Dastlabki ikki kunda o‘rganilayotgan hududdan oqib o‘tadigan suv havzalari, ularning joylashuv o‘rni, holati o‘rganiladi. Keyingi ikki kunda mazkur suv havzalarining sanitariya holatini yaxshilash yuzasidan olib boriladigan amaliy faoliyat rejasi tuziladi va amalga oshiriladi.
Navbatdagi ikki kunda «Mening shahrim (qishlog‘im)da joylashgan suv havzalari» nomli ekologik karta hamda «Siz uchun tanish, biroq mohiyati anglanmagan manzara» nomli stend tayyorlanadi. Ekologik karta va stendlarda o‘quvchilar yashaydigan hududdan oqib o‘tadigan suv havzalarining mavjud holati, ularning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan omillar xususidagi lavhalar va dalillarning ifoda etilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Ekologik ekskursiyaning yettinchi kunida «Suv zaxiralari — milliy boyligimiz» mavzusida davra suhbati tashkil etiladi. Unda o‘quvchilarning faol ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar diqqatiga o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ekologik karta va stend havola qilinadi va yakuniy xulosaga kelinadi. Shuningdek, suv havzalarining sanitariya holati ustidan nazoratni tashkil etish borasidagi ishchi reja ishlab chiqiladi va u mahallalarning fuqarolar kengashiga taqdim etiladi.
«Tomchida hayot aksi» ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovining maqsadi o‘quvchilarni tabiat bilan yaqindan munosabatda bo‘lishini ta’minlash orqali ularda tabiatga nisbatan mehr-muhabbat uyg‘otishga qaratilgan. Quyidagi pedagogik vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilgani tadbir samaradorligining ta’minlanishida asos bo‘lib xizmat qiladi:
1. Ijodiy ishlar yo‘nalishi (nasr, nazm, tasviriy san’at, haykaltaroshlik, naqqoshlik va hokazolar)ning turlicha bo‘lishi.
2. O‘quvchilarning mavzu va yo‘nalishni belgilashdagi erkinlik va mustaqilligining ta’minlanganligi.
3. O‘quvchilarning suv va uning ijtimoiy, iqtisodiy ahamiyati to‘g‘risidagi tasavvurini to‘laqonli bayon etishi uchun shart-sharoitning yaratilganligi.
O‘quvchilar tomonidan bajarilgan ijodiy ishlar muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus hay’at tomonidan baholanadi. Hay’at tarkibiga san’atshunos, adabiyotshunos, ekolog, rassom va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar jalb etiladi. Tadbir jarayonida ijodiy ishlar g‘oyaviy, badiiy hamda estetik talqiniga ko‘ra munosib taqdirlanadi.
Tadbirning tashkil etilishi, o‘tkazilishi va yakuni xususidagi muhokama jarayonida har bir bola tomonidan qat’iy amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalar majmui ishlab chiqiladi.
Ular quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
1. Ichimlik suvi miqdorining keskin kamayib borayotganini doimo yodda tuting!
2. O‘z ehtiyojingizdan ortiqcha suvning sarf bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.
3. Ochiq qolgan suv qurilmasining jo‘mragini yopib qo‘ying.
4. Tishingizni yuvayotganda suv qurilmasidan uzluksiz ravishda suvning oqib turishiga yo‘l qo‘ymang. Avval stakanga suv quyib oling va undan foydalaning. Tishni tozalash jarayonida mazkur usulning qulayligini o‘zingiz ham his etasiz.
5. Nosozligi ma’lum bo‘lgan suv inshootlari to‘g‘risida mas’ul idoralarga xabar bering.
6. Ochiq suv havzalari (ariq, zovur, kanal, ko‘l, soy va daryolar)dan to‘g‘ridan to‘g‘ri suv ichmang.
7. Suvni qaynatilgandan so‘ng iste’mol qiling.
8. Suv havzalari ifloslanishining oldini oling. Suvga turli chiqindi hamda axlatlarni tashlamang.
9. Suv havzasiga yaqin joyda transport vositalari (traktor, avtomashina hamda velosiped)ni yuvmang.
10. Suvga mag‘zava to‘kmang.
11. Shahar sharoitida ichimlik suvi bilan ekin va ko‘chatlar sug‘orilishining oldini oling. Bu maqsadda ikkilamchi suv manbalari (idishlarga yig‘ilgan yomg‘ir suvi)dan foydalanish mumkinligini unutmang.
12. Ichimlik suvining maxsus idishlarda usti yopiq holda saqlanishiga e’tibor bering!
13. Suvni ifloslantirayotgan tengdoshingizni bu harakatlardan to‘xtating!
14. Yoshi kichik o‘quvchilarga suvni ifloslantirmaslik zarurligini tushuntiring.
Bunday tadbirlar orqali o‘quvchilarning
ona-tabiat ne’mati bo‘lgan suvga munosabatini tarbiyalash, ularda ekologik bilim, ko‘nikmalarni shakllantirish orqali olam va odam haqidagi bilim saviyasi, tushunchalari va tasavvurlarini rivojlantirishga erishiladi.

Gulbahor TOJIYEVA,
Nizomiy nomidagi TDPU
Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi
kafedrasi o‘qituvchisi.

Fikr bildirish