Ta’lim samaradorligi o‘qituvchi qo‘llaydigan metodlarga bog‘liq

Ta’lim samaradorligi o‘qituvchi qo‘llaydigan metodlarga bog‘liq

O‘quv jarayonini shunday tashkil etish kerakki, hech qanday psixologik noqulaylik bo‘lmasligi, o‘quvchi o‘ziga nisbatan ishonchni his eta olishi lozim. Har bir o‘quvchining imkoniyatini hisobga olish, bajarilgan ish uchun rag‘batlantirish, xatoga yo‘l qo‘ygan o‘quvchiga uni to‘g‘rilash imkonini berish zarur.
Boshlahg‘ich ta’limda o‘qitishning innovatsion metodlarini qo‘llashdan asosiy maqsad o‘qituvchilar va o‘quvchilar faoliyati izchilligini ta`minlash hamda uni maqsadga yo‘naltirilgan holda tashkil etishdir.
O‘qitishning faol metodlariga “Aqliy hujum”, “Zinama-zina”, “Klaster”, “Davom ettir”, “Archa”, “Yelpig‘ich”, “Sinkveyn”, “Zanjir”, “Meni tushun”, “Sehrli katak”, “Oyga sayohat” kabilarni kiritish mumkin.

“Algoritm” metodi

      “Algoritm” atamasi buyuk o‘zbek matematigi Al-Xorazmiy nomidan kelib chiqib, uning mashhur “Al-jabr va al-Muqobala” asari bilan bog‘liq. Algoritm — berilgan natijaga erishish uchun qilinishi kerak bo‘lgan aniq ko‘rsatmalar ketma-ketligi.
Ushbu metod o‘quvchilarning o‘tilgan mavzu yuzasidan o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan muayyan tushunchalarga egaligini aniqlash va ularda kompetensiyaviy ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Metodni qo‘llash quyidagi ketma-ketlikda olib boriladi: kichik guruhlar shakllantirilib, ularga nom beriladi, har bir guruhga raqamlar bilan belgilangan nuqtalar tasviri tushirilgan A-4 formatdagi qog‘oz tarqatiladi, guruh a’zolari berilgan shart asosida nuqtalarni birlashtiradilar, hosil bo‘lgan shaklga oid ikkitadan fikr bildirish aytiladi. O‘quvchilar ketma-ketlikda o‘z fikrlarini bayon etadilar, ular xattaxtaga yozib boriladi, so‘ngra o‘qituvchi fikrlar qay darajada to‘g‘riligini muhokama qiladi, to‘g‘ri fikrlar rag‘batlantirilib, guruh ishlari umumlashtirilib, yakuniy xulosa chiqariladi.

“Kamalak” metodi

      Bu metod o‘qish va ona tili darslari uchun mo‘ljallangan. Metodning mohiyati shundan iboratki, bunda biryo‘la mavzuning turli tarmoqlari, shu bilan bir qatorda o‘zbek tilining kamalakdek serjiloligi haqida axborot beriladi. Ayni paytda ularning har biri alohida muhokama qilinadi. Masalan, ijobiy va salbiy tomonlari, afzallik va kamchiliklari, foyda va zararli tomonlari ochib beriladi. “Kamalak” metodining maqsadi o‘quvchilarni erkin, mustaqil, tanqidiy fikrlashga, izlanishga, fikrlarini jamlab taqqoslash uslubi yordamida o‘tilgan mavzulardan egallagan bilimlarini kundalik faoliyatda qo‘llay olishga o‘rgatishdan iborat.

      Metod imkoniyatdan kelib chiqib, yakka yoki kichik guruhlarda olib borilishi mumkin. Kamalak tasviri tushirilgan qog‘oz tarqatiladi va uning shartlari tushintirib o‘tiladi. O‘qish darslarida she’rdagi vatan mazmunini ifodalovchi so‘zlarga, asar qahramonlariga “Kamalak” metodi asosida ta’rif berish so‘raladi. Topshiriqni o‘quvchi kamalakda aks ettirishi ta’kidlanadi. (Masalan: 1. vatan/ 2. chaman/ 3. bo‘ston/ 4. diyor/ 5. yurt/ 6. guliston/ 7. o‘lka).

“Archa” didaktik o‘yini

       O‘yinning maqsadi o‘quvchilar diqqatini jamlash, yakka, jamoaviy, guruh bilan ishlash, ijodiy va tashkilotchilik faoliyatini, ishga mas’uliyat bilan yondashuvni shakllantirish, bezash ishlari ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. “Archa” didaktik o‘yini bir soatlik dars mashg‘ulotiga mo‘ljallangan. Buning uchun texnologiya darslarida yoki guruh mashg‘ulotlarida karton qog‘ozdan uch qismdan iborat archa maketi hamda archa o‘yinchoqlari tayyorlab olinadi. Bu didaktik o‘yinni ona tili, matematika dars jarayonlarida qo‘llaganda samarali natijalarga erishiladi.
“Archa” didaktik o‘yini besh bosqichda olib boriladi:
1- bosqich: har bir qatordagi o‘quvchilarga geometrik shakllar tarqatiladi. Guruh a’zolari geometrik shaklga ta’rif berib, undagi harflardan o‘z guruh nomlarini hosil qiladilar va unga ta’rif beradilar. Guruh archaning birinchi qismini qo‘lga kiritadi.
2- bosqich: o‘tilgan mavzu asosida “Aqliy hujum” metodi olib boriladi. Yaxshi natijaga erishgan guruh archaning ikkinchi qismini qo‘lga kiritadi(archa qismlari birlashtirib boriladi).
3- bosqich: uyga vazifa “Do‘stim, meni tushun” metodi orqali tekshiriladi. To‘g‘ri bajargan guruh archaning uchinchi qismini qo‘lga kiritib, archani yasashga erishadi.
4- bosqich: yangi mavzuni mustahkamlash jarayonida “Test”, “Klaster”, “Tort” kabi metodlardan birini qo‘llagan holda olib boriladi. Faol qatnashgan o‘quvchilar archa o‘yinchoqlari bilan rag‘batlantiriladi.
5- bosqich: darsning yakunlovchi qismi bo‘lib, guruh a’zolarining rag‘batlari sanalib, archa bezatiladi. G‘olib guruh aniqlanadi. Guruh archalari birlashtiriladi. O‘quvchilarga kuch do‘stlik, ahillik va birdamlikda ekanligi, xuddi archadek bir tan-u bir jon bo‘lsagina, tik tura olishi uqtiriladi.
“Archa” metodini fasllarga moslab, olma daraxti shaklida, archa o‘yinchoqlari o‘rnida gullardan, mevalardan foydalangan holda qo‘llash mumkin. O‘quvchilar faolligini oshirishda, chiroyli yozishga qiziqtirishda archa o‘yinchoqlari bilan rag‘batlantirib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

                                                      Mahmuda ABDUNABIYEVA,

                 Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 11- sonli

umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish