«Bahor kelgach» she’ri. Tursunboy Adashboyev

«Bahor kelgach» she’ri. Tursunboy Adashboyev

O‘qish, 1-sinf

Darsning  maqsadlari:
ta’limiy: o‘quvchilarga bahor fasli tabiati haqida  ma’lumot berish. Ifodali o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish.
TK-2: mavzu doirasida ko‘rsatilgan multimedia ilovalarini tinglab tushunish;
FK-1: matnni ifodali, to‘g‘ri o‘qiy olish;
tarbiyaviy: o‘quvchilarda tabiatga muhabbatni tarbiyalash, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarida faol qatnashishga undash.
TK-5: badiiy adabiyotda aks etgan vatanparvarlik va milliy qadriyatlar tasvirini aniqlash, ulardan o‘rnak olish;
rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning mustaqil va ijodiy qobiliyatlarini, lug‘at ustida ishlash  malakalarini rivojlantirish;
FK-2: o‘rganilgan matnning nomini ajrata olish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi.
Dars uslublari: suhbat, tushuntirish, test, «Bu  kim» mashqi, «Davomini top»,  «Ortiqchasini top» o‘yinlari .
Dars  jihozi: darslik, mavzuga oid ko‘rgazmalar, tarqatma materiallar, multimediali ilovalar.
Darsning borishi:

    I.Tashkiliy qism:

O‘quvchilar bilan salomlashish, davomatni  aniqlash, o‘quvchilarni darsga tayyorlash, dars  qoidasini eslatish.
O‘qituvchi: ― O‘quvchilar, dars qoidasi nimalardan iborat?
O‘quvchilar: ― Ahillik, intizom, o‘ng qo‘l qoidasi, aniqlik, o‘zgalar fikrini hurmat qilish.
― O‘lkamizda hozir qaysi fasl?
― Bahor fasli necha oydan iborat?
― Bahor faslida tabiatda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
― Bahor faslida qanday bayramlar nishonlanadi?

II.O‘tgan mavzuni takrorlash: Uyga vazifa: bo‘lim mavzularini takrorlash. O‘tilganlarni yodga olish maqsadida test sinovi o‘tkaziladi.

Test topshiriqlari:

1) Muhammad Alining «Amir Temur» hikoyasida Amir Temur butun olamni obod qilishda  nima qilaman dedi?

A) Adolat o‘rnataman

B) Olamni adl va ehson bilan obod qilaman

D) Ilmli va ilmsizlarni ajrataman.

2) Amir Temur nimani hamma narsadan ham ustun qo‘ygan?

A) G‘ururni B) Millat va vatan sharafini D) Yaxshilikni.

3) Mirzo Ulug‘bek necha yil podshohlik qildi?

A) 40 yil B) 38 yil     D) 42 yil

4) Alisher Navoiy qanday sharafli nomga munosib bo‘lgan?

A) G‘azal mulkining sultoni

B) Eng yaxshi shoir

D) Adolatli inson

5) Oyna emas, jimirlar,
Tik turolmas, qimirlar.
Topishmoqning javobi ….

A) yulduz B) suv D) oy

«Bu kim?» mashqi.

Bu o‘yinda o‘quvchilar uch guruhga bo‘linib, har bir guruh allomalar haqida ma’lumot berishi kerak bo‘ladi.
I- guruh: Amur Temur haqida nimalarni bilasiz?
II- guruh: Alisher Navoiy haqida ma’lumot bering.
III- guruh: Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ma’lumot bering.
III. Yangi  mavzuni  tushuntirish: «Bahor – yashnaydi olam» bo‘limi bilan tanishtirish. Multimedia ilovalari orqali bahor fasliga oid tasvirlarni namoyish qilish, mazmunini tushuntirib berish.

Videolavhada bahorda tabiat uyg‘onishi, gullarning ochilishi, qushlarning sayrashi, suvlarning  shildirab oqishi tasvirlanadi.

«Bahor kelgach» she’ri bilan tanishtirish.

Muallif – Tursunboy Adashboyev haqida ma’lumot berish.
Taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev 1939- yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga  qarashli Olabuqa tumanida tug‘ilgan. Shoirning «Kamolning olmasi» deb nomlangan birinchi kitobi 1966- yilda nashr etildi. Keyinchalik «Biz sayohatchilar», «Arslonbobo sharsharasi», «Surnay», «Nur daryo», «Guldasta», «Olabuqa to‘lqinlari» kabi to‘plamlari bosilib chiqqan.
Bugun sizlar bilan shoirning «Bahor kelgach» she’ri bilan tanishamiz.
«O‘qituvchi she’rni ifodali o‘qib, o‘quvchilarga mazmunini tushuntirib beradi.

«Bahor kelgach» (Tursunboy Adashboyev).
Qish qorini supurdi,
Quyosh nurin ufurdi ,
Yalpiz hidi gupirdi
Bahor kelgach.
Chaqmoq ko‘kda yong‘oq chaqdi ,
Qizg‘aldoqlar selda oqdi,
Mayin shamol
Bizga yoqdi
Bahor kelgach.

Lug‘at  ishi:
Nurin  ufurdi – nurini sochdi
Gupurdi – tarqaldi
Ko‘kda – osmonda

Dam olish daqiqasi:

«O‘zbekiston»  qo‘shig‘iga o‘quvchilar harakatlar orqali mashqlar bajarishadi .

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash:

  1. Yangi mavzu bo‘yicha savol–javob uyushtirish :
    ―«Bahor kelgach» she’rining muallifi kim?
    ―She’rda qaysi fasl tasvirlangan?
    ―Bahorda tabiatda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
  2. O‘quvchilar she’rni «Zanjir» usulida navbat bilan o‘qiydilar.
  3. «Ortiqchasini top» o‘yinini o‘tkazish.

Bu o‘yin uchun doskaga bahor fasli, unga tegishli bo‘lgan va tegishli bo‘lmagan ma’lumotlar  ko‘rsatiladi. O‘quvchilar bahor  fasliga oid bo‘lmagan ortiqcha ma’lumotni topishlari kerak.

«Davomini top» o‘yini.

O‘yin uchun o‘quvchilarga o‘zbek xalq maqollari so‘zlari tushirib qoldirilgan holda beriladi. O‘quvchilar maqollarni to‘liq holda aytishlari kerak.
Maqollar:

  1. Mehnat qilb topganing…
  2. Ish ishtaha ochar …
  3. Sabrning tagi …
  4. Ilmli ming yashar …
  5. Do‘stsiz boshim …
  6. Bilagi zo‘r birni yiqar, …   

V.Dars yakuni: darsda o‘rganilganlar asosida savol-javob o‘tkaziladi:
― Bugungi darsimizda nimalarni bilib oldingiz?
― Bahor fasli haqida qanday ma’lumotlarni bilib oldingiz?
O‘quvchilar javoblari umumlashtirilib, dars xulosalanadi.
O‘quvchilar darsda ishtirokiga ko‘ra baholanadilar.
VI.Uyga vazifa: she’rni ifodali o‘qish, yod olish.

Zulhumor MO‘MINOVA,

 Andijon viloyati

Baliqchi tumanidagi

54- maktabning

 boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan