Kechagi tarix – ertangi kun uchun saboq

Kechagi tarix – ertangi kun uchun saboq

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. O‘tganlar, ularning xayrli ishlari, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos fazilatlardan.

Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e’zozga loyiq. Xalqimizga xos xislatlar haqida gap ketsa, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, ko‘makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo‘yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Ayniqsa, o‘tganlarni xotirlash, aziz otaxon-u onaxonlarning duosini olmoqlik  saodati o‘zgacha.

Xotira shunday ruhiy-ma’naviy qudratki, insonni o‘tmish va istiqbol bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir. Xotirlash —  xalq manfaati uchun kurashgan, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilarni eslashdir. U olamdan o‘tgan ajdodlarni eslashgina emas, asrlar mobaynida vatan uchun kurashda halok bo‘lganlar xotirasini hurmatlash hamdir.

9- may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan xalqimizning ezgu fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi bo‘lgan kishilar tobora kamayib bormoqda. Navqiron yoshlik chog‘larini urush olovlarida, janggohlarda o‘tkazib, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati beqiyosdir.

Shu o‘rinda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat ko‘rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi. Yoshlarni yurtparvarlik, mehnatsevarlik, ajdodlarning eng yaxshi an’analaridan faxrlanish, ularga munosib vorislar bo‘lish ruhida tarbiyalash beqiyos ahamiyatga ega.

Kechagi kun saboqlarini, xalqimiz kelajagi yo‘lida jonini  fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi kunimizni qadrlashga o‘rgatadi. Xotira bu – tarixdir. U kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib  turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi.

Shahodat KAYUMOVA,

Namangan viloyati  Uchqo‘rg‘on tumanidagi

4- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan