27.10.2017

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarni ertak mazmuni bilan tanishtirish, matn ustida ishlashga o‘rgatish;

FK 2: asar mazmunidan ta’sirlana oladi;

tarbiyaviy: o‘quvchilarda vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish, ularning unutilmas  ishlaridan o‘rnak olish hislarini tarbiyalash;

TK 3: badiiy adabiyotda aks etgan vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini, umuminsoniy va milliy qadriyatlar tasviridagi o‘ziga xosliklarini aniqlash;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini, lug‘at ustida ishlash, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;

TK 3: o‘qib-o‘rganib borish orqali bilimini oshirib borish.

Dars turi: yangi tushuncha, bilimlarni shakllantiruvchi.

Dars metodi: suhbat, tushuntirish, «Shivirlab o‘qish», «Zinama-zina», erkin ijod, kichik guruhlarda ishlash, test.

Dars jihozi: darslik, videolavha, ko‘rgazmalar, konvert, O‘zbekiston tasvirlangan surat, A4 formatdagi  qog‘oz, kley

Darsning  borishi

I. Tashkiliy qism.

Salomlashish, davomatni aniqlash va o‘quvchilarni darsga hozirlash.

Sinf o‘quvchilari «Quyosh», «Oq bulut» va «Humo» guruhlariga bo‘linadi.

II. Uy vazifasini so‘rash va o‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

Zafar Diyorning «Suv bilan suhbat» she’ri rollarga bo‘lgan holda so‘raladi va mavzu test savollari orqali mustahkamlanadi:

1. «Suv bilan suhbat» she‘rining muallifi kim?

А. Rauf Tolib

B. Zafar Diyor

D. Xudoyberdi To‘xtaboyev

E. Anvar Obidjon

2. She‘rda suv nimaga o‘xshatiladi?

A. Jiyron toycha

B. Oppoq qor

D. Uchqur ot

3. Suv bilan kim suhbatlashdi?

A. Moviy osmon

B. Yaxshi bola

D. Ustoz

E. Quyosh

V. Toycha

4. Suv haqida qaysi fikr noto‘g‘ri?

А. Suv — hayot manbai.

B. Suvni tejab ishlatish lozim.

D. Suvni isrof qilmaslik kerak.

E. Ichimlik suvi — tuganmas boylik.

Test natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning bilimi rag‘batlantiriladi. Suvdan foydalanishda tejamkorlikka ahamiyat berilishi eslatiladi. Bunda shaxs sifatida o‘z-o‘zini rivojlantirish  kompetensiyasi singdirilib boriladi.

III. Yangi mavzu bayoni. 

O‘qituvchi: — Aziz bolajonlar, sizlar bilan shu kunga qadar ko‘p ertaklarni o‘qiganmiz. Ertaklar 2 turga bo‘linadi: хalq ertaklari va adabiy ertaklar. Bugun siz bilan Rauf Tolibning «Quyosh sevgan yurt» asarini o‘rganamiz. Asar adabiy ertak turkumiga mansub. (O‘qituvchi Rauf Tolib  haqida nimalarni bilasiz? degan  savol  bilan  murojaat  qiladi  va  o‘quvchilarning  javoblarini  to‘ldiradi).

(Ekranda Rauf Tolib haqida videolavha namoyish etiladi).

O‘qituvchi:  — Rauf  Tolib  1946- yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning bolaligi urushdan  keyingi og‘ir yillarga to‘g‘ri  keldi.

Shoirning «Gulxan», «G‘uncha»  jurnallarida  ishlashi  bolalar  hayotiga  chuqurroq kirishiga sabab  bo‘ladi. Ijodiy  safarlarda, respublikamizning chekka qishloqlarida bo‘lib, bolalar hayotini  o‘rgandi. «Ona yurt»,  «Eshitmadim  demanglar», «Yurt  mehri», «Osmon  bog‘», «Mirjalol  nega  lol?», «Qiziq  tomosha»  kabi  o‘ndan ortiq  kitoblari  chop  etildi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar «Quyosh sevgan yurt» ertagini «Shivirlab oqish» usulidan foydalanib o‘qib chiqadilar. O‘qituvchi esa ertakni rolga kirib o‘qib beradi va o‘quvchilarga tushunarsiz so‘zlarning ma’nosi izohlanadi:

chuldirab — sayrab

saxiy — himmatli

hayotbaxsh — hayot beruvchi

Dam olish daqiqasi.

Fasllarga oid  ingliz  tilidagi  qo‘shiq  yangraydi,  o‘quvchilar  mashq bajarib  birga  kuylaydilar.

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.

O‘qituvchi:  — Bolajonlar,  bugungi  darsimizga  Quyosh  va  Oq  bulut mehmon  bo‘lib  kelishdi,  ularni  mehmon  kutish  odobiga  amal  qilgan  holda  kutib  olamiz. (Sinfga  mehmonlar  kirib  keladilar).

Quyosh: —  Bolajonlar, siz  mustaqil O‘zbekistonning  barkamol  avlodisizlar. Sizlar  bilan  yurt bobosi ham faxrlanadi. Siz tinch yurtda  yashayotganingizga  shukrona  keltirishingiz,  shu  vatanga  munosib  bo‘lishga  harakat  qilishingiz  lozim.

Oq  bulut: —  Bolajonlar, siz  vatan  tabiatini  gullab-yashnashida  o‘z  hissangizni  qo‘shing. (Mehmonlar  oquvchilarning  bilimlarini  sinash uchun savollar  olib  kelganlarini  aytadilar).

1- topshiriq: «Zinama-zina» usuli.

3ta guruhga matn qismlarga bo‘lingan holda konvertlarda tarqatiladi. Har bir guruh o‘z qismini o‘qib rasmlarda tasvirlaydi. O‘zbekiston xaritasi atrofiga chizgan rasmlari  yopishtiriladi.  Ma’nosini bir o‘quvchi gapirib  beradi. Guruh rag‘batlantiriladi.

2- topshiriq. Test tarqatmalari beriladi. Tayyor  guruh  javob  beradi  va  rag‘batga  ega  bo‘ladi.

3- topshiriq. Ekranda  ma’lumot  beriladi. Gap  kim  haqida  ketayotganini guruh a’zolari  aniqlaydilar.

Buyuk sarkarda — Amir Temur; So‘z mulkining  sultoni — Alisher Navoiy; Ulug‘ tabib — Ibn Sino; Matematika  faniga  asos  solgan — al-Xorazmiy; Yulduzlarni  o‘rgangan  olim — Ulug‘bek kabi  javoblarni  beradilar. G‘olib  guruh  rag‘batlantiriladi.

Savollar  ustida  ishlash.

Quyosh: — Bolalar  nima  uchun  men  chiqayotganda  jilmayganga  o‘xshayman?

Quyosh: — O‘tmishda yurtimizda yetishib chiqqan buyuk bobokalonlarimiz nima uchun menga o‘xshatiladi?

Oq bulut: — Quyosh va men nimalarni orzu qildik? (Javoblar olinadi. Javob bergan  guruh  rag‘batlantirilib  boriladi).

V. Darsga yakun yasash  va  baholash.

— Mazkur  ertakdan  o‘zingizga  qanday  xulosa  chiqardingiz?

Quyosh: — Bolalar  bu  —  mustaqil  yurt!  Bu  yurt  men  uchun  judayam  qadrdon! Siz  shu  yurt  koriga  yaraydigan  insonlar  bo’lib  voyaga  yeting!

Oq  bulut: — Bolalar, shukrkim siz  mustaqil,  tinch  yurtning  farzandlarisiz. O‘qish  va  ishda  har  biringiz  faol  bo’ling!

O‘qituvchi faol qatnashgan o‘quvchilarni baholaydi.

Quyosh va oq bulut birgalikda: — Bu yurt kamol topsin, gullab  yashnasin! Shundoq  badavlat  yurt  doimo  omon  bo‘lsin! - deb  sinf  xonasidan  chiqib  ketadilar.

VI. Uyga vazifa.

Ertakni  ifodali o‘qishga tayyorlanib, «Mening  mahallam»  mavzusida  kichik  hikoya  tuzib  kelish.

Xurshida SOLIYEVA,

 Farg‘ona viloyati  Rishton tumanidagi

1-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh