27.10.2017

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarga dorivor giyohlar, o‘simliklar olami haqida ma’lumot berish, ularga xos hususiyatlar bilan tanishtirish;

TK 2: mavzuga oid ma’lumotlarni kompyuter va boshqa manbalardan izlab topib, ulardan samarali foydalana oladi;

FK 1: o‘simliklardan gerbariy tayyorlay oladi;

tarbiyaviy: o‘simliklarni  payhon qilmaslik, tabiatga g‘amxo‘rlik hissini tarbiyalash;

TK 3: atrofdagi tabiat manzaralarini estetik his etish;

rivojlantiruvchi: o‘simliklar, gullar, daraxtlar, madaniy o‘simliklar haqidagi fikrlarni rivojlantirish;

FK 1: o‘z o‘lkasining tabiati haqida aytib bera oladi.

Dars turi: yangi bilim beruvchi.

Dars metodi: suhbat, savol-javob, «Pochta», «Sirli raqamlar», «Bu qaysi o‘simlik?» didaktik  mashqlari, guruhlarda ishlash.

Dars jihozi: o‘simlik va giyohlar rasmi, slaydlar, ko‘rgazmalar, amaliy ish uchun kerak bo‘ladigan jihozlar (idishlar, choynak, damlamalar).

 Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

O‘quvchilar bilan salomlashiladi. Navbatchi axboroti orqali davomat aniqlanadi. Sinf o‘quvchilari 4 guruhga bo‘linadi.

II. O‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

Guruhlarga jonli va jonsiz tabiatga misollar yozish vazifasi topshiriladi.

                   Jonli tabiat              Jonsiz tabiat

                   hayvonlar                 quyosh

                   o‘simliklar                 oy va yulduzlar

                   daraxtlar                   bulut

                   qushlar                     tog‘ toshlari

                   chaqmoq chaqishi      qumlik

                   vulqon otilishi            dengiz         

                   shamol esishi             havo, suv

O‘quvchilar bajargan vazifa tekshirilib, o‘qituvchi tomonidan fikrlar umumlashtiriladi.

Guruhlarga tarqatmalar va konvert topshiriladi. Tarqatmalarga mevali butalar, mevalar, sabzavotlar, poliz ekinlarining nomi yozilgan bo‘lib, har bir guruh «Pochta» usulidan foydalangan holda, ularni o‘ziga tegishli konvertga joylashtiradi.

         Mevalar       Sabzavotlar            Mevali butalar       Poliz ekinlari

         olma            piyoz                       anor                       bodring

         gilos            sabzi                       anjir                       qovoq

         olcha           karam                      malina                   tarvuz

         behi             pomidor                  qorag‘at                 qovun

         olxo‘ri          kartoshka                                             handalak

III. Yangi mavzu bayoni.

«Sirli raqamlar» ostida yashiringan raqamlarni alifbo tartibidagi harflar bilan almashtirilsa, yangi mavzuning nomi kelib chiqadi.

         3, 14, 17, 8, 21, 14, 17        25, 18, 8, 12, 11, 8, 10, 11, 1, 17.

         D  o   r  i   v    o   r              o‘    s   i  m   l   i  k    l  a   r.

Yangi mavzu aniqlangach, o‘qituvchi tomonidan savol-javob o‘tkaziladi va  mavzu tushuntirib beriladi.

— Qanday o‘simliklar dorivor o‘simliklar deyiladi?

— Dorivor o‘simliklarni qaerda uchratish mumkin?

— Qanday dorivor o‘simliklarni bilasiz?

O‘qituvchi: — Bizni o‘rab turgan atrofi olam, tabiatdagi har bir giyoh dorivorlik xususiyatiga ega. 4500ta o‘simlik turining 703tasi shifobaxsh sanaladi. Ana shunday o‘simliklardan biri — Yalpiz.

O‘qituvchi yalpizning foydali xususiyatlari haqida ma’lumot berar ekan, yalpizdan damlama tayyorlab ko‘rsatadi. (2 osh qoshiq quritilgan yalpizni olib, ustidan 1 stakan (200 ml) qaynagan suv solib, tindiriladi va 15 minutdan so‘ng dokadan suzib, har kuni 3 mahaldan ichiladi). U og‘izdagi yomon hidlarni, ovqat hazm qilishni, bosh og‘rig‘ini qoldiradi. O‘quvchilarga yalpizning foydali xususiyati aytish asnosida damlamadan tatib ko‘rish tavsiya etiladi. Shu tariqa na’matak haqida ham ma’lumot beriladi.

Na’matak — ko‘proq tog‘ yonbag‘irlarida o‘sadi. Mevasi vitaminga boy. Uning damlamasi isitma tushirishga, og‘iz bo‘shlig‘i yaralariga davo bo‘ladi. Na’matak mevasidan tayyorlangan damlama yurakni quvvatlantiradi.

Kashnich ko‘kati vitaminlarga boydir. Kashnich urug‘idan tayyorlangan damlama yo‘talni to‘xtatadi. Og‘izdagi yoqimsiz hidni ketkizishda, ichak kasalliklarini davolashda ham shunday damlama ichiladi. Ovqatga solib iste’mol qilinadi.

Isiriq — cho‘l, qir, adirlarda o‘sadi, yoqib tutatilsa, tutunidan kasallik tarqatuvchi mikroblar nobud bo‘ladi. Isiriqdan tayyorlangan damlama bod, uyqusizlik, shamollash kabi kasalliklarga davo bo‘ladi.

Maymunjon — ariq bo‘ylarida, tog‘ yon bag‘irlarida daraxt va butalarga chirmashib o‘sadi. Maymunjonning mevasi isitmani tushiradi, ich ketishini to‘xtatadi. Uni muntazam iste’mol qilgan odam shamollamaydi. Shamollagan odam maymunjon bargini damlab ichsa, shifo topadi.

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.

Guruhlarga yangi mavzuni mustahkamlash maqsadida krossvord beriladi.

Savollar:

1. Ariq bo‘ylarida, tog‘ yonbag‘irlarida daraxt butalariga chirmashib o‘sadi. Mevasi isitmani tushiradigan meva nomi?

2. Dorivor o‘simliklardan tayyorlanadigan shifobaxsh ichimlik nomi?

3. Bu o‘simlik ovqat hazm qilishda, og‘izdagi hidni ketkazishda yordam beradi, undan somsa, chuchvaralar tayyorlash ham mumkin. Bu qaysi o‘simlik?

4. Bu o‘simlik tog‘ yon bag‘irlarida o‘sadi. Undan tayyorlangan damlama isitmani tushirishda, yurakni quvvatlantirishda yordam beradi. Bu qaysi o‘simlik?

5. Bu o‘simlikni ham chuchvara, somsaga solib iste’mol qilinadi. Uning damlamasi odamning ichki a’zolaridan ketadigan qonni to‘xtatadi. Bu qaysi o‘simlik?

6. Bu o‘simlik ko‘kat hisoblanib, taomlarga solib iste’mol qilinadi. Bu ko‘katning urug‘idan tayyorlangan damlama yo‘talni to‘xtatadi. Bu qaysi o‘simlik?

Guruhlar tomonidan to‘ldirilgan krossvord tekshiriladi va to‘g‘ri bajargan guruh rag‘batlantiriladi.

«Bu qaysi o‘simlik» mashqi bajariladi. Har bir guruh bir dorivor o‘simlikka xos belgini aytadilar. Qolgan guruh o‘z javoblarini yozadilar.

V. O‘quvchilarni baholash va darsga yakun yasash.

O‘quvchilar darsdagi ishtiroki va to‘plagan rag‘bat kartochkalariga ko‘ra baholanadi. Darsdan olgan taassurotlari tinglangach, darsga yakun yasaladi.

VI. Uyga vazifa.

Yangi mavzuni o‘qish, foydali o‘simliklar rasmini chizish.

 

Nargiza ISLOMOVA,

Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi

15- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh