27.10.2017

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarning so‘z turkumlariga oid bilimlarini mustahkamlash, ularni bir-biridan farqlashga o‘rgatish;

FK 1: o‘qituvchi nutqini va mavzuga oid tushunchalarni, o‘zaro savol-javob topshiriqlarni tinglab tushuna oladi;

tarbiyaviy: o‘quvchilarga Vatanga muhabbat va do‘stlik tuyg‘ularini, kattalarni hurmat qilish va e’zozlash fazilatlarini singdirish;

TK 4: yaxshi va yomon odatlarni bir-biridan farqlay olish;

rivojlantiruvchi:  chiroyli yozuv  malakalarini takomillashtirish, so‘z turkumlarini farqlash va ularga doir so‘zlar topish malakalarini rivojlantirish;

TK 2: o‘zining xato va kamchiliklarini to‘g‘ri tushunish, o‘zini nazorat qila olish va xatolarini tuzatishga harakat qilish.

Darsning  turi: mustahkamlovchi dars.

Darsning metodi: kichik guruhlarda ishlash, ta’limiy o‘yin.

Darsning jihozi: so‘zlar yozilgan tarqatmalar, rasmlar, applikatsiyalar, videoproyektor, slaydlar.

 Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

Salomlashish, davomatni aniqlash. O‘quvchilarni darsga hozirlash.

(O‘quvchilar so‘z turkumlariga oid so‘zlar yozilgan tarqatmalarni tanlab oladilar va oldindan so‘z turkumlari yozilgan stollarga borib o‘tiradilar. Buning natijasida o‘quvchilar 4 guruhga: «Ot», «Sifat», «Son», «Fe’l» guruhlariga bo‘linadilar va o‘z joylarini egallaydilar).

Guruhlar taqdimoti: taqdimotda guruhlar nomi bo‘lgan so‘z turkumi haqida ma’lumotlar beradilar.

Taqdimotlar ekrandagi slaydlar yordamida nazorat qilinadi.

 

 

 

 

 

 

 

«Ot» guruhi o‘zining har bir taqdimoti uchun xattaxtaga daraxtlarni, «Sifat» guruhi gullarni, «Son» guruhi kapalaklarni, «Fe’l» guruhi qaldig‘ochlarni iladi. Taqdimot yakunida xattaxtada bahor fasli tasviri hosil bo‘ladi. (Rasmlar qo‘yiladi).

Har bir guruh rasm asosida bittadan gap tuzadi. Gaplar bir-biriga bog‘liq bo‘lishi kerak. Natijada bahor haqida matn hosil bo‘ladi.

Masalan,

«Ot» guruhi: O‘lkamizga bahor keldi.

«Sifat» guruhi: Kunlar isiy boshladi.

«Son» guruhi:  Gulzorda gullar ochildi.

«Fe’l» guruhi: Gullarga rang-barang kapalaklar qo‘ndi.

II. O‘tgan darsni so‘rash.

Har bir guruh a’zolariga so‘z turkumlariga oid test savollari ekran orqali namoyish etiladi va guruhlar javobi baholanadi.

Test savollari:

1. Otlar gapda qanday vazifada keladi?

a) ega              b) kesim                      d) ega va ikkinchi darajali bo‘laklar

2. Ish-harakatni bajarilmaganini bildirgan fe’llar qanday fe’l deyiladi?

a) bo‘lishsiz fe’l          b) bo‘lishli fe’l          d) harakat bajarilmagan fe’l

3. Sifatlar shaxs va narsaning nimasini bildiradi?

a) nomini         b) harakatini                d)  belgisini

4. Tartib sonlar shaxs va narsaning nimasini bildiradi?

a) tartibini        b) sanog‘ini                 d) nomini

(O‘quvchilarning uy ishlari nazorat qilinadi va guruhlar baholanadi).

«Davom ettir» ta’limiy  o‘yini o‘tkaziladi.

O‘qituvchi tomonidan guruhlar uchun  maqollarning ma’lum qismi aytiladi, o‘quvchilar davom ettiradilar.

Ona yurting omon bo‘lsa, rangi-ro‘ying somon bo‘lmas.

Yetti o‘lchab, bir kes.

Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar.

Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni.

Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa dong‘i chiqmas.

III. Yangi mavzu bayoni.

Daftar bilan ishlash.

Husnixat:  Aa harflari yoziladi.

Lug‘at diktanti: Aziz, Anvar, Adiba, Ahror, Abbos.

(Lug‘at diktanti ekran orqali tekshiriladi. O‘quvchilarning ziyrakliklarini aniqlash uchun  lug‘at diktantidan «Begona so‘z»  ta’limiy o‘yini o‘tkaziladi).

Darslik bilan ishlash: O‘quvchilar bilan ona tili darsligining 181- betidagi 455- mashq sharti o‘qiladi va tahlil qilinadi. Shundan so‘ng videoproyektor orqali  mashq ekranda ko‘rsatiladi va o‘quvchilar bilan mashqni bajarish yo‘llari aniqlanadi. Mashq guruhlar tomonidan bajariladi.

(Matn o‘qib, otlar aniqlanadi, ularning o‘zak va qo‘shimchalari belgilanadi).

IV. Mustahkamlash.

Darslikdagi 456- mashq ekran orqali beriladi va bajarilish sharti tahlil qilinadi. Mashqni shart asosida o‘quvchilar mustaqil bajaradilar. Matn o‘qiladi, sifatlar aniqlanadi, sifatlar o‘zi bog‘langan so‘z bilan ko‘chirib yoziladi, sifatlar otga nima yordamida bog‘langanligi belgilanadi.

O‘quvchilarning mustaqil ishi ekrandagi  mashq bajarilishi orqali tekshiriladi. Mashqni birinchi va xatosiz bajargan o‘quvchilarning guruhlariga rag‘bat beriladi.

 

O‘quvchilarni so‘z turkumlarini farqlay olishini nazorat qilish uchun «Bu — biz» ta’limiy o‘yini o‘tkaziladi. O‘yinni o‘tkazishda o‘qituvchi barcha so‘z turkumlariga oid so‘zlardan tartibsiz, ya’ni o‘quvchilarni chalg‘itadigan tezlikda aytib boradi. Guruh a’zolari nomiga oid  so‘z aytilganda, tezlik bilan bu — biz  deyishlari kerak.

Masalan, kalta, ko‘p, ko‘z, sariq, besh, ketdi, ko‘zladi, lagan, ellik, kutayapti.

 O‘yinda g‘olib bo‘lgan guruhga rag‘bat beriladi.

V. O‘quvchilarni baholash.

Guruhlarning darsdagi faolligi tahlil qilinadi. Yuqori natijani qo‘lga kiritgan guruh a’zolari rag‘batlantiriladi.

VI. Uyga vazifa. 

O‘quvchilarga uyga beriladigan topshiriq ekranda slayd orqali tushuntiriladi.

 

Muhabbat QAYUMOVA,

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman

XTMFMTTE bo‘limi metodisti, 

oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh