02.05.2018

Mashg‘ulot mavzusi: «Maqollarda hayot haqiqati».

Mashg‘ulot  maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarga xalq og‘zaki ijodi, maqollarning  yaratilish tarixi,  hayotimizda tutgan o‘rni haqida  yangi bilimlar berish;

tarbiyaviy: vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat, tabiatga muhabbat, ilm olishga intilish hissini tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning mustaqil fikrlash, o‘z fikrini erkin ifoda etish ko‘nikmasini oshirish, tasavvuri va tafakkurini rivojlantirish.     

Mashg‘ulot  turi: kichik guruhlarda ishlash.

Mashg‘ulot metodi: «Rasmlarda hayot aksi», «Alifbo bilimdoni», «So‘z sehri» o‘yinlari .

Mashg‘ulot  jihozi: mavzuga doir so‘zlar yozilgan kartochkalar, rasmlar, AKT.

Mashg‘ulotning borishi

I. Tashkiliy qism.

Salomlashish, mashg‘ulot ishtirokchilarining davomatini aniqlash. Kichik guruhlarga bo‘linib olish. O‘quvchilarga  mashg‘ulot  va uning  qoidalarini tushuntirish.

— Aziz bolajonlar! Bugungi darsimizni musobaqa tarzida o‘tkazamiz. G‘olib guruhlarlarga o‘zlariga moslashtirilgan  rangdagi qizil, sariq, yashil qog‘ozga tushirilgan so‘zlar berib boriladi. Eng ko‘p so‘z yig‘gan va shu so‘zlarda  yashiringan maqolni  topa olgan guruh g‘olib  bo‘ladi.

II. Asosiy qism.

O‘qituvchi: — Maqollar chuqur ma`noni ifoda  etishi, ixcham va puxtaligi bilan xalq og‘zaki u yoki bu hodisaga ijodining  boshqa turlaridan  farq qiladi. Ularda vatanparvarlik, insonparvarlik xislatlari, xalqning munosabati, o‘y-fikrlari  o‘ziga xos  shaklda  aks etgan bo‘ladi.

Aziz o‘quvchilar! Sizlar maqol haqida nimalarni bilasiz?

(O‘quvchilarning fikri tinglanib, umumlashtiriladi).

1. «So‘z sehri» o‘yini. O‘yin shartiga ko‘ra, maqolda tushib qoldirilgan so‘z topilishi kerak.

1- guruh:

Vatan qadrini bilmagan o‘z … bilmas. (Qadrini).

Qishning qori — yozda … . (Dori).

2- guruh:

Obro‘ning onasi — mehnat,

Otasi — … . (Sa’yi harakat).

Yurti boyning … boy. (O‘zi).

3- guruh:

O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda … bo‘l. (Gado).

Ilmsiz …yashar, (bir)

Ilmli …yashar. (Ming).

2. «Rasmlarda hayot aksi» o‘yini. O‘quvchilar shu rasmlarga qarab, mavzuga mos maqollarni topib, aytishlari kerak.

3. «Alifbo bilimdoni» mashqi. O‘quvchilar alifbodagi tartib raqamiga ko‘ra sonlar o‘rniga harflarni qo‘yib, tartibsiz berilgan so‘zlardan maqollar tuzadilar. Maqollar mazmunini o‘qish darsida o‘qilgan asarlar asosida izohlash so‘raladi.

1- guruh: 7, 20, 13, 1, 17 – 7, 20, 13, 1, 17, 3, 1, 13   20, 13, 1, 17.

2- guruh: 19, 8, 13, 28   21, 1, 19, 1, 13   18, 4, 13  19, 8, 13, 28. 

3- guruh: 14, 11, 1, 12   2, 25, 11, 18, 1, 29   14, 11, 8, 12   18, 4, 13, 8, 10, 8.

Javoblari:  1. Vatan tinch — sen tinch.

  1. Hunar — hunardan unar.
  2. Olim bo‘lsang, olam seniki.
  3. «Donolar bellashuvi» mashqi. Guruh sardorlari o‘zaro bellashadilar. Eng ko‘p maqol aytgan guruh sardori g‘olib bo‘ladi.
  4. «Birlashgan kuch yengilmas» o‘yini. Maqollar beriladi uning mazmuni guruh o‘quvchilari tomonidan yoziladi .

1- guruh: Ko‘z ko‘rar, qo‘l ishlar.                                                                                           

2- guruh: Ona yerning tuprog‘i — ona sutidan aziz.                                                            

3- guruh: Ulug‘lik yoshda emas, boshda.

III. Yakuniy qism.

(O‘quvchilarning dars davomidagi faolligi hamda to‘plagan  kartochkalari  soniga qarab  baholanadi va  rag‘batlantiriladi). 

1. Tongda qilsang harakat,

   Ishingda bo‘lar  barakat.

(Qizil).     

2. Ayrilganni ayiq yer, 

    Bo‘linganni bo‘ri yer.

(Sariq).

3. Yaxshi yaxshiga yondashtirar, 

   Yomon yo‘ldan adashtirar.

(Yashil).                                                      

IV. Uyga vazifa.

Mehnat  haqidagi maqollardan biriga rasm chizish.          

 

Xolisxon QURBONOVA,

Toshkent shahar Mirobod tumanidagi

328- umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh