29.06.2018

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarning  o‘simliklar  olami  haqidagi  tushunchalarini  boyitish, dorivor o‘simliklar  va ularning  ahamiyati  haqida  ma’lumot  berish;

tarbiyaviy: tabiatdagi  dorivor  o‘simliklar  va  ularni  asrashga o‘rgatish;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning  dorivor o‘simliklardan  olinadigan  mahsulotlar  haqidagi  bilimlarini  rivojlantirish.

Dars turi: yangi tushuncha, bilimlarni shakllantirish.

Dars metodi: suhbat, tushuntirish, kichik guruhlarda ishlash, uyg‘unlashgan.

Dars jihozi: darslik, ko‘rgazma va tarqatma materiallar, rangli rasmlar, texnik vositalar, slaydlar.

Mashg‘ulotning borishi

I. Tashkiliy qism.

(O‘qituvchi «Ona tabiat» siymosida, har xil gullar, barglarga burkangan holda kirib keladi).

Ona tabiat: — Salom, bolajonlar! Men Ona tabiat bo‘laman. Sizlar bog‘chada, maktabda tabiat degan so‘zni ko‘p eshitgansiz. Qani aytinglar-chi, tabiat nima o‘zi?

1- bola: — Tabiat bu — havo.

2- bola: — Tabiat bu — suv.

3- bola: — Tabiat bu — tosh.

4- bola: — Tabiat bu — daraxt.

5- bola: — Nimaiki bizni o‘rab turgan bo‘lsa, hammasi — tabiat.

Ona tabiat: — Iflos havoni yutib toza havo beradigan daraxtlar haqida nimalar bilasiz? (Erkin Vohidovning «Daraxtlar suhbati» she’ri).

QARAG‘AY                             MAJNUNTOL                                  OLMA           

Buyin cho‘zib                           Boshim egik                            Men sizlarning

Qarag‘ay,                                Majnuntol,                              Olmangiz,

Yon-atrofga                            Majnuntolman,                        Xomligimda

Qaragay                                 Majnuntol.                              Olmangiz.

Der u:                                   Dam olsangiz                          Nortojiga

Barcha daraxtdan,                  Soyamda,                               O‘xshab so‘ng,

Baland akang                         Men sizlardan                         Voy qornim,

Qarag‘ay.                              Mamnuntol.                            Deb qolmangiz.

 

TERAK                                         O‘RIK                                     GILOS

Men terakman                            Qantak o‘rik                           Men gilosman

Terakman,                                 Otim bor,                               Quloq sol,

Men hammaga kerakman.           Xo‘p mazzali totim bor.            Rangim qizil,

Osmon mening yelkamda,           Mag‘zimga berkitgan               Totim bol.

Men olamga                              Qantim bor,                            Topsang qo‘shalog‘imni,

Tirgakman.                               Novvotim bor.                         Qulog‘ingga taqib ol.

II. Asosiy qism.

O‘qituvchi: — Aziz  bolajonlar, bugun  darsimizni musobaqa tarzida tashkil etamiz. Buning uchun  sizlar uch  guruhga  bo‘linib olishlaringiz kerak.

1- guruha: «OLMA».

2- guruh: «MAJNUNTOL».

3- guruh: «YALPIZ».

(O‘quvchilarning  har bir  savolga  bergan  javoblari yuqoridagi  olma,  majnuntol va  yalpiz  rasmlari  orqali  rag‘batlantirilib boriladi).

Ona tabiat: — Aziz bolajonlar! Bu zavodlaringizda ko‘pgina mahsulotlar ishlab chiqarilsa kerak. Bu mahsulotlardan hamma foydalanadi. Ammo ulardan chiqadigan tutun va chiqindilarning juda katta zarari bor, shunday emasmi?

6- bola: — Bu zavodlardan chiqadigan tutunlar havomizni ifloslantirmoqda.

7- bola: — Oqibatda esa, ko‘pgina kasalliklar kelib chiqmoqda.

Ona tabiat: — Bolajonlar, sizlar katta o‘g‘il-qiz bo‘lganlaringizda tabiatni asrash uchun nima qilgan bo‘lardingiz?

O‘quvchi: — Men katta bo‘lsam, shunday uskuna yasar edimki, u barcha zavodlardan chiqadigan chiqindilarni bolalar o‘ynaydigan o‘yinchoqlarga aylantirsin.

O‘quvchi: — Men katta bo‘lsam, zavodlardan chiqayotgan tutunlarni ushlab qolib, toza havo chiqaradigan katta bir asbob yaratar edim.

O‘quvchi: — Men katta bo‘lsam zavodlardan oqib chiqayotgan chiqindilarni suvlarga, anhorlarga emas balki ularni tozalab, keyin oqishiga yo‘l qo‘yardim.

O‘quvchi: — Men katta bo‘lsam, shifokor bo‘lmoqchiman. Doimo insonlarning sog‘ va salomat bo‘lib yurishlari uchun qo‘limdan kelganicha yordam beraman.

O‘quvchi: — Men katta bo‘lsam, militsioner bo‘lmoqchiman, odamlar yo‘lda qiynalib yurmasliklari uchun doimo nazorat qilib turaman.

O‘quvchi: — Men esa olim bo‘lmoqchiman. Doimo havomiz toza bo‘lishi uchun o‘qib izlanaman, albatta o‘zim ko‘zlagan maqsadga erishaman.

O‘quvchi: — Men ham katta bo‘lsam, albatta, odamlarga foydam tegadigan kasbni egallayman.

Dam olish daqiqasi.

Ona tabiat: Stol ustidagi turgan meva va sabzavotlarning nimalarga davo ekani haqida fikrlaringizni tinglamoqchiman.

O‘quvchi:Isiriq.  

Isiriq tutatib hidlansa, bosh og‘rig‘idan holi qiladi.  Isiriq bilan dudlangan xona mikrob va zararli hasharotlardan tozalanadi. Isiriq damlamasi bezgak, tomoq og‘rig‘i, holdan toyish va o‘ta charchash natijasida asabning buzilishida, uyqusizlikka qarshi shifobaxsh omil bo‘ladi.

O‘quvchi:Ismaloq.

Qadim zamonlardan beri ovqatga ishlatilib kelinayotgan o‘simliklarga ismaloq ham kiradi. Mazkur o‘simlik oqsil moddalarga boyligidan tashqari unda temir moddasi, fosfor kislotalari va oz miqdorda yod ham uchraydi. Shuning uchun ismaloqni parhez va organizmni mustahkamlovchi o‘simlik sifatida qariyalarga, qoni kamayib ketgan kishilarga, raxit bilan og‘rigan bolalarga tavsiya qilinadi.

O‘quvchi: — O‘rik.

O‘rik tarkibida qand, organik kislotalar, kalsiy, magniy,  kaliy tuzlari bilan bir qatorda vitamin C, karotin kabi foydali moddalar bor. O‘rikni suvda qaynatib, suvi ichilsa, safro moddasini tanadan haydaydi. Baland qon bosimini tushiradi. Och qoringa o‘rik yeyish mumkin emas. Chunki o‘rik ichaklarning ichki devorini yallig‘lantiradi.

O‘quvchi:Yalpiz.

Xalq tabobatida yalpizning yer ustki qismidan tayyorlangan qaynatma tish og‘rig‘i,  og‘iz karashi, milk yallig‘langanida ijobiy natija beradi. Yalpiz  balg‘am  ko‘chiruvchi, nafas  yo‘llari  kasallanishiga qarshilik  ko‘rsatuvchi vosita  sifatida  ham  ishlatiladi.

O‘quvchi:Gulqoqi – qoqi  o‘t.

Abu  Ali  ibn Sino  gulqoqining  o‘t  shirasini  jigar  xastaliklarini davolashda  qo‘llagan,  sut  shirasi  bilan ko‘zga tushgan oqni  ketkazish  mumkinligini  aytgan. O‘simlik  o‘tidan  tayyorlangan  qaynatmani  haroratni  pasaytiruvchi  omil  sifatida  tavsiya  etgan.

O‘quvchi: — Nok.

Nokning pishgani  yeyilsa,  miyani  namlik  bilan  ta’minlaydi, tumov, shamollashni  bartaraf  qiladi, miyaga turli  zararli moddalarning ko‘tarilish  yo‘lini  to‘sadi. Shuningdek, nok kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi, yurak, me’da, jigar va boshqa  hazm a’zolari faoliyatini  oshiradi.

O‘quvchi:Turp.

Ma’lumotlarga  qaraganda,  turp  ildizmevasi ishtaha ochadi, ovqat  hazm bo‘lishini yaxshilaydi, siydik yo‘lidagi toshlarni  nurashiga yordam beradi. Turp sharbati bilan asal iste’mol qilinib turilganida, buyrak hamda o‘t qopchasida tosh hosil  bo‘lishidan asraydi.

O‘quvchi:Sabzi  sharbati.

Sabzi  sharbati amaliyotda peshob haydovchi, qovuqdagi tosh hamda qumlarni nuratuvchi omil  sifatida tavsiya etiladi. Sabzi  sharbati  teri kuyganida  hamda sovuq urganida, shuningdek, bitishi qiyin bo‘lgan yara  va jarohatlarda tashqi muolaja sifatida qo‘llaniladi.

O‘quvchi: — Qizil lavlagi.

Qizil lavlagi  o‘z tarkibida  bir qator mineral tuzlar, vitaminlar, magniy, kaliy  va boshqa moddalarni saqlaydi. Buyrak faoliyatini yaxshilash va boshqa kasalliklarni davolashda lavlagi  yaxshi samara beradi. Uning suvi bilan bosh chayqasa kepakdan holi bo‘ladi.

O‘quvchi: — Piyoz.

Piyozni siqib suvi olinadi, olingan suvidan burunga 2—3 marotaba tomizib turilsa, burundagi o‘smalarni, yallig‘langan pardalarni yo‘qotadi va yaralarni quritadi.

O‘qituvchi: — Bolajonlar! Siz bugun bizlarga insonlar uchun juda foydali o‘simliklar haqida gapirib berdingiz, ana endi ana shu  o‘simliklarning applikatsiyasini hamda shu o‘simliklar haqida qanday qo‘shimcha fikrlaringiz borligini  yozib berasizlar.

Bunda 1- guruhga mevalar applikatsiyasini;  2- guruhga sabzavotlar applikatsiyasini;  3- guruhga Fikrlarini yozma bayon qilish topshiriladi.

(O‘quvchilar oldilariga tayyorlab qo‘yilgan rangli qog‘ozlardan berilgan topshiriqlarni bajaradilar. O‘qituvchi guruhlarning tayyorlagan ishlarini ko‘rib, ularni rag‘batlantiradi).

(O‘qituvchi sinf xattaxtasida ilingan rasmlar asosida suhbat o‘tkazadi. Tabiatga sayrga chiqqanda nimalarga e’tibor berishlari kerakligi aytiladi).

O‘qituvchi: — Bolajonlar! Mana bugun siz bilan o‘simliklarning qanday kasalliklarga da’vo bo‘lishini bilib oldik. O‘ylaymanki, siz bundan keyin ham tabiatni asrab-avaylaysiz, menga bergan va’dalaringiz eslaringizdan chiqmaydi. Shundaymi?

III. Yakuniy qism.

Dars so‘ngida o‘quvchilar rag‘batlantiriladi va guruhlarning yig‘gan ballari e’lon qilinadi.

 

Surayyo XAYITOVA,

Navoiy shahridagi 7- umumta’lim

maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. 

Add comment


Security code
Refresh