27.08.2018

Nutq boyligi kishining muloqotga kirishishida, o‘z fikrini erkin bayon qilishida, o‘zganing fikrini to‘ldirib, voqelikni idrok etishida namoyon bo‘ladi.

Muloqot qila olish kompetensiyasini shakllantirishda darslarda ko‘proq suhbat, muloqot, «Voqeaga sizning fikringiz qanday?», « Bu vaziyatda qanday yo‘l tutar edingiz?», «Qahramonning ishi to‘g‘rimi?» kabi savollar bilan o‘quvchilarni bahs-munozaraga jalb etish juda muhim.

Bitta dars misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, navbatchining axborot topshirishi shu kundagi voqea-hodisalar, vaziyatni to‘liq ochib berishi bilan belgilanadi. Agar o‘qituvchi juftlikda yoki guruhda bajariladigan topshiriqlar bersa, o‘quvchi o‘zining to‘g‘ri deb bilgan fikrini o‘z sherigiga yoki guruhidagi boshqa o‘quvchilarga yetkaza bilishi ham muloqot orqali namoyon bo‘ladi. Agarda guruhlar taqdim etgan taqdimotlar ichidan eng ma’qulini tanlash kerak bo‘lsa,  har bir guruh o‘z qarashlarini boshqa guruhlarga ta’riflab berish orqali bir-birlari bilan muloqot qiladilar. Tortishib, o‘zlarining tayyorlagan ishlarini ma’qullaydi yoki boshqa guruhlarning ishiga o‘z munosabatini bildiradi. Agar o‘qish darsi bo‘lsa, matnni rollarga bo‘lib o‘qish orqali o‘quvchilarda qahramonlarga o‘z munosabatini bildirish ko‘nikmasi shakllanadi.

Har bir o‘quvchining fikrini eshitish, ularning orasidan eng ma’qulini namuna qilib ko‘rsatish o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. Bu orqali o‘quvchilar voqeani adekvat baholay olish, fikrlarini erkin bildirishga o‘rganadilar. Erkin bildirilgan fikr qanday bo‘lmasin, o‘qituvchi uni oxirigacha tinglashi va boshqa o‘quvchilarning ham bu fikrni eshitishlari, unga munosabat bildirishiga ahamiyat berishi lozim. O‘zgalarni tinglagan o‘quvchi voqeani to‘la idrok etadi, o‘z munosabatini bildiradi va eng muhimi, boshqaning fikrini takrorlamaydi. Ammo bu to‘g‘ri va noto‘g‘ri fikrlarning barini qabul qilish degani emas. Noto‘g‘ri fikr bildirgan o‘quvchining qarashlari to‘g‘ri emasligini tushuntira bilish,  uni to‘g‘ri  fikrlashga yo‘naltirish eng muhimidir.

Masalan, 2-sinf «O’qish» kitobidagi «Kulol va shogird» hikoyasini olaylik. Hikoyada shogird ustozining «Yana biror yil kulolchilik sirlarini o‘rgan» deyishiga qaramay, o‘zi alohida faoliyat olib borish uchun ustozini ko‘ndirib chiqib ketadi. Avvalida ishi yurishgan bo‘lsa-da, oxir oqibat uning yasagan idishlari siri tezda ko‘chib ketayotgani bois, ularni hech kim sotib olmay qo‘yadi. Ishi yurishmagan shogird yana ustozi oldiga qaytib boradi. Hikoya yuzasidan o‘tkazilgan suhbat natijasida aksariyat o‘quvchilar shogirdning ishini ma’qullamadilar. Lekin o‘quvchilar ichida kulolning ayrim ishini ma’qullamagan o‘quvchilar ham bo‘ldi. «Ustozi doim o‘t yoqtirguncha, suv tashitguncha kulolchilikning eng nozik sirlarini o‘rgatsa bo‘lmasmidi?», «Yasalgan buyumlarga sir berishdan oldin qurigan idishlarni puflab, so‘ng sirlash kerakligini ustozi avvalroq shogirdini yoniga chaqirib o‘rgatganda, u shuncha qiynalmagan bo‘lar edi» degan fikrlarni bildirganlar ham bo‘ldi. Bolalar o‘z fikrlari yuzasidan bir-birlari bilan bahsga kirishib ketdilar. Men hech bir  fikrni noto‘g‘ri demasdan o‘quvchilarni voqea-hodisaga teranroq nazar bilan qarashga yo‘naltirdim. Har bir narsani o‘rgatish va o‘rganishning o‘z vaqti borligi, shogird hech qachon ustozining so‘zini ikki qilmasligi kerakligi haqida o‘quvchilarga tushunchalar berdim.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, guruhlarda ishlash uchun topshiriqlar berilganida o‘quvchilar o‘z fikrlarini o‘rtoqlariga yetkazishga harakat qiladilar. Hamkorlikda ishlash jarayonida bir-birlarining fikrlarini eshitadi va to‘ldiradi, eng maqbulini ajratishga erishadi. Fikrni bayon qilish natijasida nutq malakalari shakllanadi, o‘quvchilar ko‘pchilik oldida fikr bildirishga o‘rganadilar. Voqeani turli usullarda erkin va mustaqil bayon qilish imkoni tug‘iladi. So‘z boyliklari sayqallashadi.

Bugungi kunda mustaqil fikrga ega bo‘lmagan shaxslar har qanday kimsalarning g‘arazli maqsadlari qurboniga aylanib qolayotganligi hech birimizga sir emas. Shunday ekan, erkin va mustaqil fikrga ega, yaxshini yomondan, ezgulikni yovuzlikdan farqlay oladigan, muloqotga erkin kirishadigan shaxslarni tarbiyalash bugungi ta’limning asosiy vazifalaridan biridir.

Adiba JUMAYEVA,

                                                        Namangan viloyati Pop tumanidagi 10- IDUM

                                                      boshlang‘ich sing o‘qituvchisi,

                                                     Xalq ta’limi a’lochisi

Add comment


Security code
Refresh