27.09.2018

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarga yovvoyi hayvonlar haqida ma’lumot berish. Jonivorlar hayoti bilan tanishtirish;

tarbiyaviy: tabiatga mehr uyg‘otish. Hayvonot olamini asrash  muhimligini tushuntirish, g‘amxo‘rlik qilish hislarini tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: yovvoyi hayvonlar haqida bilimlarini rivojlantirish.

Dars turlari: yangi bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantiruvchi.

Dars metodlari: savol-javob, suhbat, «Aqliy hujum», «Klaster» o‘yin, «Venn diagrammasi».

Dars jihozlari: darslik, elektron darslik, slayd, «Kelajak avlod» ko‘rgazmasi, proektor, uy hayvonlarini tasvirlovchi o‘yinchoqlar, qushlar, in, fasllarni ifodalovchi tasmalar, jo‘ja maketi.

Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

O‘qituvchi: — Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar va aziz o‘quvchilarim!

Sizlar sog‘lom avlodsiz,

Yurtimiz uchun siz kerak.

Ajdodlar shod bo‘ladi

Bo‘la olsangiz tirgak.

O‘quvchilar:

Biz istiqlol g‘unchasi

Hur Vatanning egasi.

Ibrat olib yashaymiz

Biz kelajak mevasi.

O‘qituvchi: — Barakalla. Qani bolajonlar,  darsga tayyormisiz?

O‘quvchilar: — Tayyormiz!

O‘qituvchi: — Juda yaxshi. Bugun sinfda kim navbatchi?

(Navbatchi o‘quvchi hisobot beradi).

— Bolajonlar, bugun sinf xonamizni sizning murg‘ak qalbingiz «Atrofimizdagi olam»ni qanday tasavvur qilsa, shunday jihozladik, to‘g‘rimi? O‘zingizni ona-tabiat bag‘rida yurgandek his qilyapsizmi? (Ha).

— Qani, ona-tabiatda nimalarni ko‘ryapsiz?

O‘quvchilar: — Tabiatni, hayvonlarni, qushlarni, o‘simliklarni, insonlar  mehnatini, fasllarni ko‘ryapmiz. Tabiatda to‘rtta fasl bor. Qish, bahor, yoz, kuz.

(Sinfda ilingan to‘rtta faslni ifodalovchi tasmalar ko‘rsatiladi).

O‘qituvchi: — Hozir o‘lkamizda qaysi fasl? (Qish).

— Qish fasli oylari? (Dekabr, yanvar, fevral).

O‘qituvchi: — Bolalar, darsda doim bir xil qoidalarga amal qilamiz, to‘g‘rimi? Keling, bugungi qoidalarni o‘zingiz tanlang.

(Bolalar aytadi, o‘qituvchi doskadagi oldindan tayyorlangan plakatga yozadi. — Tartib, ahillik, o‘zaro hurmat, o‘ng qo‘l qoidasi).

— Dars davomida zarur bo‘lsa, yana qoidalarni yozib boramiz.

O‘qituvchi: — Bugun qatorlarda ish olib boramiz. Bir kishining boshqaruvisiz ham, hamjihatlikda ishlashingizni tekshirish maqsadida. Qatorlarga sardor tayinlamaymiz.

Qatorlarni nomlash va rag‘batlantirish uchun «Kelajak avlod» ko‘rgazmasidan foydalanamiz. Bu ko‘rgazmani quyosh shaklida tayyorladim, siz kelajak avlodning ham yo‘llari quyoshdek porloq bo‘lsin deya. («Quyoshjon» qo‘shig‘i elektron darslik. 7- dars. 1- topshiriq).

(Har bir qatordan bir nafar o‘quvchi chiqib, «Quyosh»dan bitta nurni oladi, orqasida qator nomi ko‘rsatilgan bo‘ladi).

«Yulduzcha»    «Quyoshjon»           «Bulutjon»

O‘qituvchi: — Har bir qator shu osmon jismlari bilan rag‘batlantiriladi.

— Qani, qaysi qator o‘quvchilari ko‘p rag‘bat yig‘ar ekan? Unda 1- topshirig‘imizni boshlaymiz.

II. O‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

1- topshiriq. O‘tilgan mavzuni takrorlash.

«Parrandalar».

— Siz bu topshiriqda uy hayvonlari va parrandalarining  ovozidan tanib, ularning  nomlarini aytishingiz kerak. (3 nafardan o‘quvchi bajaradi. «Quyosh»ga rag‘bat yopishtiradi).

2- topshiriq. («Klaster»+«Venn diagrammasi»).

  • Sigirdan olinadigan mahsulotlarni ayting.

2- qator. Parrandalardan olinadigan  mahsulotlarni ayting.

3- qator. Sigir va tovuqning o‘xshash va farqli tomonlarini ayting. (Slayd).

(Har bir qatorga bergan javobiga rag‘bat yopishtiriladi, quyosh, bulut, yulduzcha).

3- topshiriq. «Jo‘ja yasash» (1 daqiqa).

— Xatjild  ichidagi qirqma bo‘laklarini to‘g‘ri yig‘ib, jo‘jani hosil qilasiz.

Marhamat, boshladik. («Jo‘jalarim» qo‘shig‘i. Elektron darslik. 12- dars. 7- topshiriq).

O‘qituvchi: — Yasab bo‘ldingizmi? Juda yaxshi.

Yasagan jo‘jangizni ko‘rsating-chi. Barakalla. Endi sizdan keyin  o‘tirgan o‘rtoqlaringizga ham ko‘rsating. O‘xshabdimi? (Ha).

— Demak, mohirona yasaganingiz uchun har bir qatorga 1tadan rag‘bat beriladi.

— Bolajonlar, jo‘ja qanday jonivor?

— Parranda.

— U qanaqa rangda?

— Sariq.

— «Sariq jo‘ja» ingliz tilida qanday talaffuz etiladi?

— Yellow chicken.

O‘qituvchi: — Barakalla.

Mehnat qilib, toliqib qoldingizmi? Endi dam olamiz. («Ayiqpolvonlar bog‘chasi» qo‘shig‘i. Bolalar qo‘shiq aytib, raqs tushishadi).

III. Yangi mavzu bayoni. Yovvoyi hayvonlar.

O‘qituvchi: — Hozir qaysi hayvonning harakatini ko‘rsatdik? (Ayiqning).

— Ayiq qanday hayvon? (Yovvoyi hayvon).

— Demak, yangi mavzu «Yovvoyi hayvonlar».

— Keling, bolajonlar. Mavzuni o‘tishdan oldin «Hayvonot olami»ga sayohat qilamiz. (Elektron dars. 13- dars. 7- topshiriq).

(Musiqali videolavha).

— Lavhada qanday hayvonlarni ko‘rdik?

— Yovvoyi hayvonlarni.

— Demak, hayvonlar necha turga bo‘linar ekan?

2 turga. Uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar.

— Biz uy hayvonlarini o‘rgangan edik. Endi yovvoyi hayvonlar bilan tanishamiz. (Elektron dars. 13- dars. 2- topshiriq).

(Hayvonlar birma-bir o‘zlari haqida ma’lumot beradi).

O‘qituvchi: — Mana, yovvoyi hayvonlar haqida birmuncha ma’lumotga ega  bo‘ldik. Ular o‘rmon, tog‘, cho‘l, dasht, daryo va dengizlarda yashaydilar.

Hozir diqqat bilan eshitgan bo‘lsangiz, ularning ba’zilari o‘t-o‘lanlar, don-dunlar, mevalar bilan oziqlanar ekan. Ayrimlari esa boshqa jonivorlarni ovlab, kun kechiradi, ya’ni, yirtqichlardir. (Slayd).

O‘qituvchi: — Darsligimizdagi rasmga e’tibor qaratamiz. Demak, yovvoyi hayvonlarning o‘zi 2 turga ajratilar ekan:

  • o‘simlik bilan oziqlanuvchilar
  • yirtqichlar

O‘qituvchi: — Bolalar, hayvonlar davlat tomonidan himoya qilinadi, degandik. Buning uchun qanday kitob tashkil etilgan? («Qizil kitob»).

 O‘quvchi: — «Qizil kitob» — bu yo‘qolib ketish havfi bo‘lgan hayvon va o‘simliklar kiritilgan kitobdir.

O‘qituvchi: — Qizil rang ogohlik belgisi. Demak, hayvonlarni himoya qilish va asrash barchamizning burchimizdir.

— Endi yangi mavzu bo‘yicha topshiriqni bajaramiz.

4- topshiriq. «O‘rtiqchasini top» (elektron dars. 13- dars. 6- topshiriq).

(3tadan savol beriladi).

— Siz uy hayvonlari, yovvoyi hayvonlar, parrandalarning farqini juda yaxshi bilar ekansiz. Barakalla!

O‘qituvchi: — Endi darslikdagi rasmlarni kuzatamiz. Bu yerda ayrim ertaklardan lavhalar berilgan. Bolajonlar, siz ertaklarni ko‘p eshitgansiz-a? Kimlar ko‘proq so‘zlab berardi? (Bobojon, buvijonlarimiz).

— Juda yaxshi. Ertaklar bizni nimaga yetaklaydi?

— Ertaklar — yaxshilikka yetaklar.

— Balli. Keling, endigi mustahkamlash uchun beriladigan topshirig‘imizni siz aytgandek nomlasak.

1- qator. «Hunarmand yigit» 

2- qator. «To‘g‘ri va egri» 

3- qator. «Oltin tarvuz» 

— Bu ertakda qaysi jonivor tasvirlangan?

— Laylak.

— Laylak qanday jonivor?

— Qush.

— Sinfimizda «Qushlar bizning do‘stimiz» burchagini ham tashkil etganmiz. Qushlar haqida keyingi darsimizda bilib olamiz.

(Osmon jismlaridan rag‘bat beriladi, o‘quvchilar ko‘rgazmaga yopishtirib boradi).

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.

O‘qituvchi: — Endi darsligimizdagi keyingi topshiriqqa qaytsak. .

6- topshiriq. «Tez top» mashqi.

(Har bir o‘quvchi yovvoyi hayvonlarni topadi).

— Darslikni kuzatamiz. Yoningizdagi partadosh do‘stingizga ham ko‘maklashib yuboring. Hamjihatlikda bajaring.

Aniqlab bo‘ldikmi? Keling unda ko‘rsatkich barmog‘imizni strelka chizig‘i  bo‘ylab harakatlantiramiz, yovvoyi hayvonlarni ketma-ket aytamiz.

(Rag‘bat beriladi).

7- topshiriq. «Quvnoq o‘rmoncha» o‘yini.

1- qator. — Uzunquloq, sabzisevar hayvon ... (quyon).

O‘qituvchi: — Quyon ingliz tilida nima deyiladi? — Rabbit.

— Sinfimizdagi quyonchalarni ingliz tilida sanang. (Bolalar ingliz tilida ketma-ket sanaydilar).

1- qator. — Mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirtqich hayvon... (yo‘lbars).

— Yo‘lbars ingliz tilida nima deyiladi? — Tiger (sinf burchagidagi yo‘lbarslarni ingliz tilida sanaydilar).

3- qator. ... asal yaladi,

            Asalari taladi.

                              (Ayiq).

— Ayiq ingliz tilida nima deyiladi? — Bear (sinf burchagidagi o‘yinchoq ayiqlar ingliz tilida sanaladi).

(«Kelajak avlod» ko‘rgazmasiga quyosh, yulduz, bulut yopishtiriladi).

O‘qituvchi: — Mana, bolajonlar! Hayvonot olami haqida bilimimizni boyitib oldik. To‘g‘rimi?

Hayvonlar ham, butun jonivorlar singari tabiatning bir bo‘lagi hisoblanadi. Tabiatga g‘amho‘rlik qilish barchamizning vazifamizdir.

Tabiatni asrashni siz qanday tasavvur  etishingizni oq qog‘ozga ifodalab kelish topshirilgan edi.

Mana sinfimizda  tashkil etilgan «Tabiatni asrash — Vatanni sevmoqdir» deb nomlangan burchakni chizgan rasmlaringiz va doim birga o‘ynaydigan jajji o‘yinchoqlaringiz bilan boyitibsiz. Chizgan rasmlaringiz orqali tabiatga, tanlagan o‘yinchoqlaringiz orqali hayvonlarga bo‘lgan mehringizni anglasak bo‘ladi.

Shuning uchun har bir qatorga bittadan osmon jismlaridan beraman.

— Har bir qatordan bittadan rasmni birgalikda tanlagan edik. Hozir o‘sha o‘quvchilar chizgan rasmlarini izohlab berishadi. Marhamat.

1- rasm. (Slayd). 1- o‘quvchi: — Tabiatga oppoq qish uchun, go‘zal bahor va ajoyib yoz uchun, oltin kuz uchun rahmat aytamiz.

O‘qituvchi: — Naqadar ajoyib so‘zlar. Rahmat!

2- rasm (Slayd). 

O‘qituvchi: — Sabina gullarga suv quyayotgan qizcha rasmini chizibdi, balki u rasmda o‘zini aks ettirgandir. Qani, Sabina ...

2- o‘quvchi: — Tabiat musaffo bo‘lishi uchun o‘simliklarga zarar yetkazmaslik, to‘g‘ri kelgan joyga chiqindi  tashlamaslik kerak. Shu bilan  daraxt ekish va ularni parvarish qilish lozim.

3- rasm (Slayd). 3- o‘quvchi: — O‘rmon bo‘lsa bas, bulbullar albatta uchib keladi. Suvsiz dunyo cho‘l bo‘ladi. Shuning uchun daraxtlarimizni, suvlarimizni asrashimiz kerak.

O‘qituvchi: — Barakalla, bolalar! Tabiatni asrasak, Vatanimizni asragan bo‘lamiz. Bejizga tabiatni ona so‘zi bilan yonma-yon aytishmaydi. Ona tabiat! Chunki, onamiz bizga oq sut berib voyaga yetkazsa, tabiat bizni noz-ne’matlari bilan boqadi, kiyintiradi.

V. Darsga yakun yasash.

Baholash va rag‘batlantirish.

— Mana, bolalar. Darsimiz boshida yozgan qoidalarimizga amal qilib, hamjihatlikda topshiriqlarni bajardik.

— Kayfiyatingiz qanday?

— A’lo.

— Qaysi qatorning kayfiyati eng yuqori ekanligini bilish vaqti keldi.

(Rag‘batlar sanaladi, g‘olib guruh aniqlanadi, olqishlanadi).

O‘qituvchi: — Bugun men uchun barchangiz g‘olibsiz. Chunki, ozgina vaqt mobaynida maktabga moslashuvingiz, bilimga intilishingizni ko‘rib, «Kelajak — yoshlarniki» degan buyuk fikr bejizga aytilmaganini yana bir bor his etdim.

 («Kelajak avlod» ko‘rgazmasini ko‘rsatib): — Mana shunday musaffo osmonda doim quyosh nurlarini sochib  turadigan, kechalari to‘lin oy yorqin yulduzlari bilan yo‘llarimizni yoritadigan, osmonimizda qora bulutlar emas, faqat hozirgidek kulib turuvchi bulutlar suzib yuradigan yurtimiz tinchligiga shukronalar keltirib, bugungi darsimizni yakunlaymiz.

VI. Uyga vazifa.

Darslikdagi 4- topshiriqni bajarish.

 

Nilufar USMANOVA,

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi

3- umumta’lim maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh