(Sahna bayramona ruhda bezatilgan, zalga o‘quvchilar kirib kelib, bayram dasturini boshlaydilar).

1- boshlovchi:

Assalom, xush keldingiz,

Ustozlar-u ey, aziz,

Otajon-onajonlar,

Sizga biz ta’zimdamiz!

2- boshlovchi:

Katta-kichik barchaga,

Yo‘llagaymiz assalom,

Sizga ezgu tilaklar

Va jamiki xushkalom!

(O‘quvchilar she’r aytadilar).

1- o‘quvchi:

Alifbeni tugatdim,

Endi o‘qiy olaman.

So‘zlarni qo‘shib har xil

Jumla to‘qiy olaman.

2- o‘quvchi:

Qancha unli, undosh bor,

Hammasini bilaman.

To‘plab bilim, zehnimni,

Sizni xursand qilaman.

3- o‘quvchi:

Rahmat, aziz ustozlar,

Mehringiz dilimizda.

Yoshlikda olgan bilim

Nur sochar yo‘limizga.

4- o‘quvchi:

Ma’noli shirin so‘zi,

Oftobday nurli yuzi.

Bilmaysizmi, bolalar,

Qani «Alifbe» o‘zi?

Do‘stlar! Qani endi davramizga «Alifbe»ni chorlaymiz!

5- o‘quvchi:

Kitoblarning bobosi,

Har yurakka nur ziyo,

Taratish muddaosi.

«Bilim ista» xitobi,

Bu — «Alifbe» kitobi.

6- o‘quvchi:

U borki, yo‘llar

         ravon,

Oshamiz bir-bir dovon.

Borayapmiz mardona,

Bilimlar yurti tomon.

«Bilim ista» xitobi,

Bu — «Alifbe» kitobi!

O‘quvchilar:

«Alifbe»jon, kel tezroq,

Do‘stlaring senga mushtoq!

Davraga «Alifbe» kitobi kirib keladi:

Salom,   aziz mehmonlar,

Shirin-shakar bolalar!

Sizni ko‘rib shod bo‘ldim,

Bilimdonim — qaqalar.

— Zehnli, aqlli va bir-biridan quvnoq bolajonlarim! Savodxonlik ayyomingiz bilan tabriklayman! Yanayam ko‘proq bilimlarni o‘rganishingiz, o‘zlashtirishingiz kerak. Bu yo‘lda barchangizga omad, sog‘lik va mustahkam iroda tilayman.

Qani, aziz bolajonlar, ayting-chi, mendan nimalarni o‘rgandingiz?

7- o‘quvchi:

Eng avval «Assalom»ni,

Tildan chiqqan kalomni.

Joyin bilib so‘zlashni,

Yaxshilikni ko‘zlashni.

8- o‘quvchi:

Bilim — ziyoligini,

Ulug‘ligin oftobning

Vatanning qutlug‘ligin,

Azizligin kitobning.

«Alifbe» kitobi:

Balli, ey dili oqlar,

Fan, bilimga chanqoqlar.

Minnatdorman sizlardan,

Baxtli o‘g‘il-qizlardan.

Bolajonlar, siz mendan,

Ko‘p narsalar bildingiz.

Bilim to‘la konimdan,

Dur-u gavhar terdingiz.

Fursat yetdi siz bilan,

Xayrlashib ketaman.

Do‘stim — «O‘qish» kitobni,

Sizlarga topshiraman.

«O‘qish» kitobi:

Assalom, «Alifbe»jon,

Xat-savodning onasi.

Bu davraga yig‘ildi,

Bilimdonlar sarasi.

Tanishtirsam o‘zimni,

«O‘qish» kitob bo‘laman.

Nutqingiz bo‘lsa, go‘zal,

Quvonchlarga to‘laman.

O‘quvchilar:

Xayr, «Alifbe»jonim,

Rahmat yo‘llab qolamiz,

Omon bo‘lgin, biz senga

Oq yo‘l tilab qolamiz!

«Dilxiroj» kuyiga o‘quvchi qizlar raqsga tushishadi.

(Shundan so‘ng o‘quvchilar tomonidan «Bo‘g‘irsoq» ertagiga yangicha talqinda ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etiladi. Sahna ertakka mos bezatilib, ishtirokchi o‘quvchilar qahramonlar liboslarini kiyishadi).

Ertakchi bola: — Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan. Qadim zamonda katta o‘rmonda chol bilan kampir yashagan ekan. Bir kuni chol kampirini chaqirib shunday debdi:

— Kampir, Bo‘g‘irsoqvoy ham yetti yoshga kirib qoldi. Uni o‘rmon maktabiga bersak bo‘lardi.

— Mayliku-ya, lekin Bo‘g‘irsoqvoy o‘qishni xohlarmikan? — debdi kampir.

Ota-onasining o‘zaro suhbatini eshitib turgan Bo‘g‘irsoqvoy esa:

— Albatta, o‘qishni xohlayman. Maktabga borsam, a’lo baholarga o‘qiyman, — debdi.

Shunday qilib, Bo‘g‘irsoq maktabda o‘qiy boshlabdi. Dam olish kunlarining birida u uyida o‘tiraverib zerikib ketibdi.

— Bir o‘rmonni aylanib kelay-chi, — deya uylaridan uzoq bo‘lmagan o‘rmonga yo‘l olibdi. Bo‘g‘irsoqvoy qo‘shiq aytib, qushlarni tomosha qilib ketayotgan ekan, oldidan Quyon chiqib qolibdi.

— Bo‘g‘irsoq, Bo‘g‘irsoq, men seni yeyman, — debdi Quyon.

— Meni yema, endigina 1- sinfga bordim-ku, — debdi Bo‘g‘irsoqvoy.

— Yo‘g‘-e, unda seni sinab ko‘raman. Sinovdan o‘tsang, yemayman. Qani, ayt-chi, matematikadan nimalarni bilding?

— Qo‘shish, ayirish, raqamli do‘stlarimni taqqoslashni o‘rgandim.

— Sening do‘stlaring bormi?

— Ha, mana ular. Noldan 9gacha bo‘lgan sonlar.

«0» raqami rasmini boshiga kiyib olgan o‘quvchi she’r o‘qiydi:

Shaklim mening dumaloq,

Bir o‘zim yo‘q narsaman.

Oldimda turgan sonni,

O‘n marta oshiraman.

«1» raqami:

Eng oldinda turaman,

Bo‘yimga bir qarab qo‘y.

Tartib sonlar

          ichida

Birinchiman, bilib

                        qo‘y.

«2» raqami:

Qomatimni ko‘rganlar

Qiyos etar oqqushga.

Mendan dir-dir titraydi,

Ixlosi yo‘q o‘qishga.

«3» raqami:

Bilimingni baholab,

Noiloj qoniqaman.

Qachon mendan o‘tar deb,

Ko‘z tikib toliqaman.

«4» raqami:

To‘ntarilgan stolga

O‘xshab ketar bo‘y-bastim.

Ismim «yaxshi» — to‘rtta harf,

Uchdan keyinman, do‘stim.

«5» raqami:

Meni derlar besh soni —

A’lochilarning joni.

Olti sonidir akam,

Uch-to‘rt sonlari ukam.

«6» raqami:

Qorni semiz, dumaloq

Beshdan keyin turaman.

Juft sonlar qatorida

Uchinchisi bo‘laman.

«7» raqami:

Boshga tutib soyabon,

Belbog‘cha boylaganman.

Hisob-kitobga   do‘stlar,

O‘zimni shaylaganman.

«8» raqami:

Ipak qurt pillasidek,

Qo‘sh halqaga o‘xshayman.

O‘zgarmas qiymatim lek,

Oyoq osmon tursam ham.

«9» raqami:

Shaklim o‘xshar vergulga,

Oltiga qarindoshman.

Bir xonali sonlarga,

Shu yoshdan karvonboshman.

Bo‘g‘irsoq: — Men mana shu do‘stlarim yordamida misol, masalalar tuzib, yozishni, hisoblashni o‘rganib oldim.

Quyon: — Barakalla, Bo‘g‘irsoq. Men seni yemayman. Sen aqlli bo‘lib qolibsan.

Bo‘g‘irsoq o‘rmon aylanishda davom etayotgan ekan, oldidan Bo‘ri chiqib qolibdi:

— Men seni yeyman! Qornim juda och, — debdi Bo‘ri.

— Meni yema, senga maktabda o‘rganganlarimni aytib beraman, — debdi Bo‘g‘irsoqvoy.

— Maktabga bordingmi? Unda senga savol beraman. Javob bersang, qo‘yib yuboraman. Xo‘sh, ayt-chi, «Alifbe»ni tugatibsan, unda nechta harf bor ekan? — debdi Bo‘ri Bo‘g‘irsoqni savolga tutib.

— 29 harf va tutuq belgisi. Harflarning oltitasi unli, qolganlari undoshdir. Barcha harflardan so‘zlar tuzib, o‘qiy olaman, — debdi Bo‘g‘irsoq.

— Barakalla, meni qoyil qoldirding. Senga ruxsat, ketaver.

Bo‘g‘irsoq xursand bo‘lib ketayotgan ekan oldidan «Qizil qalpoqcha» chiqib qolibdi.

— Salom, Qizil qalpoqcha, — debdi Bo‘g‘irsoq.

— Salom, Bo‘g‘irsoqjon.

— Qizil qalpoqcha, agar bilsang, men maktabga boryapman. O‘qish-yozishni, ingliz tilini o‘rganyapman!

— Hali shunaqami, unda savollarimga javob bergin-chi, what is your name (vot iz yo neym)?

— My name is Bougirsoq (may neym iz Bo‘g‘irsoq).

— How old are you (hau old a yu)?

— I am seven (ay em sevn).

— Barakalla, Bo‘g‘irsoq. Ingliz tilidan yana nimalarni o‘rganding?

— Hozir ko‘rsataman!

(Hamma bolalar birgalikda harakat bilan raqamlar haqida quyidagi she’rni aytishadi).

One, one, one — little dogs run (uon, uon, uon — litl dogz ran).

Two, two, two —   cats see you (tu, tu, tu — ketz si yu)!

Three, three, three — birds on the tree (sri, sri, sri — byordz on ze tri).

Four, four, four — rats on the floor (fo, fo, fo — retz on ze flou).

— Barakalla, Bo‘g‘irsoq. Sen maktabda juda foydali narsalarni o‘rganayotgan ekansan. Bundan keyin ham «a’lo»   baholarga o‘qigin, xayr!

Bo‘g‘irsoq Qizil qalpoqcha bilan xayrlashgach, kattakon Ayiqqa duch kelibdi.

— Bo‘g‘irsoq, Bo‘g‘irsoq men seni yeyman. Qornim juda och, — debdi Ayiq ham.

— Meni yema. Maktabda endigina «Alifbe»ni tugatib, savod chiqargan bo‘lsam, — debdi Bo‘g‘irsoq.

— Xo‘sh, unda senga atrof, borliq haqida savol beraman. Topa olsang, yemayman. Ayt-chi, hayvonot dunyosini o‘rgandingmi?

— Albatta. Hayvonlar uy va yovvoyi hayvonlarga, parrandalar va hasharotlar, dengiz jonivorlariga ajratiladi. Masalan, sen — yovvoyi hayvonsan.

— Barakalla. Maktabda faqat «5» bahoga o‘qigin, — debdi Ayiq.

Bo‘g‘irsoqning oldidan ayyor Tulki chiqib qolibdi:

— Voy, Bo‘g‘irsoqjon, qayerga ketyapsan?

— O‘rmonda sayr qilib yuribman.

— Vaqtida kelding, qornim juda ochdi-da, o‘ziyam. Men seni yeyman, — debdi mug‘ombir.

— Meni yemagin, senga maktabda o‘rgangan maqollarimdan aytib beraman, — debdi Bo‘g‘irsoq.

— Iye, sen hali maktabga bordingmi? Mayli, aytaqol.

— Bilim — baxt keltirar. Ona yurting — oltin beshiging. Kitob — bilim bulog‘i.

— Yaxshi, yaxshi. Faqat qulog‘im yaxshi eshitmayapti, maqolingni burnimga chiqib aytaqol, — debdi Tulki.

— Voy ayyor tulki-yey, nima, meni ertak o‘qimagan, eshitmagan deb o‘ylayapsanmi?! Maktabimizda sening nayranglaring haqida juda ko‘p ertak o‘qiganmiz. Meni laqillatmay qo‘yaqol, — debdi Bo‘g‘irsoq.

— Eh, hozirgilar buncha aqlli bo‘lmasa. Bu ketishda ochimdan o‘lishim hech gapmas.

O‘rmonni bir aylanay-chi, menbop laqmalar ham topilib qolar.

Ertakchi bola: — Tulki shunday deya o‘rmonga ravona bo‘libdi. Bo‘g‘irsoqvoy esa ilmning qanday kuchga ega ekanini ko‘rib, yana-da a’lo o‘qishga bel bog‘labdi.

Aziz bolajonlar, siz ham kuchingizni ilm olishga sarflang. Shunda yurtimiz farovonligiga hissa qo‘shib, kelajakda o‘z ishingizning ustasi bo‘lasiz va albatta, baxtiyor, farovon yashaysiz!

1- o‘quvchi: — Bilasizmi, bolalar dunyoning ayrim davlatlarida turli notinchliklar, urushlar bo‘layotgani bois, qanchadan-qancha tengdoshlarimiz ta’lim ololmayaptilar.

2- o‘quvchi: — Shunday ekan, biz yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetishimiz, ona Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lish uchun yaxshi o‘qishimiz kerak.

3- o‘quvchi: — Endi tushundim, bilim olish biroz mashaqqatli bo‘lsa ham, intilish,   o‘rganish kerak ekan.

(Bayram so‘ngida 1- sinf musiqa darsida o‘rganilgan, M.Mirzo she’ri D.Omonullayeva musiqasi asosida bastalangan «Aziz bo‘ston — O‘zbekiston» ashulasi o‘quvchilar tomonidan ijro etiladi).

 

Ra’no NURIDDINOVA,

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi
144- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh