Ko‘rgazmalar oddiyligi, rang-barangligi va barcha darslarda qo‘l kelishi bilan qimmatli. Har bir ko‘rgazmani yasashda o‘quvchilar fikrlaridan foydalanilsa, ularning yosh xususiyatlariga, qiziqishlari va orzu-xayollariga mos ko‘rgazmalar vujudga keladi. Shunda o‘quvchilar undan zavq bilan foydalanadilar. «Xazina» va «Qushlarni ozod qiling» nomli ko‘rgazma qurollarining ayni shu jihatlari e’tiborimizni tortdi. Quyida ularni tayyorlash, foydalanish jarayoni bilan tanishtiramiz.

Jurnalimiz sahifalarida berib borilayotgan ko‘rgazmali qurollardan o‘qituvchilarimiz darsda unumli foydalanish bilan birga, ulardan ilhomlanib, o‘zlari ham turli ko‘rgazmalar tayyorlamoqda. «Ertaklar olamiga sayohat» nomli ko‘rgazmali qurol asosida yaratilgan  shunday ko‘rgazmasini hamkasblari bilan o‘rtoqlashmoqchi bo‘layotgan ijodkor boshlang‘ich sinf o‘qituv­chilaridan biri — Qurbonbeka Qilicheva.

«Quvnoq olmaxon»  ko‘rgazmasi boshlang‘ich sinflarning  har bir o‘tiladigan darslarida qo‘llanilishi mumkin. Bu ko‘rgazmada bolajonlar «Quvnoq olmaxon»ning  ko‘ylaklarini chiroyli va bejirim yulduzchalar bilan bezashi kerak va  yulduzchalar ortiga o‘tilayotgan dars mavzusiga mos testlar, qiziqarli savollar solinadi. Bu savollarga javob berilib, «Olmaxon»ning ko‘ylagi bezaladi. Ko‘ylagi bezalgan olmaxon o‘quvchilarga minnatdorchilik bildirish maqsadida o‘z o‘rmonidagi turli xil foydali meva va giyohlardan tayyorlangan shirinlik va o‘zining mazali yong‘oqlaridan sovg‘a o‘rniga olib keladi. Olmaxon keltirgan sovg‘alardan o‘qituvchi rag‘bat sifatida foydalanadi va baho o‘rnida berilgan tuhfani yegan har bir bola sog‘lom, baquvvat va bilimdon o‘quvchiga aylanadi. Bu ko‘rgazmaning fanlar bilan bog‘liqligi ham o‘quvchining ziyrakligini oshiradi va chaqqonlikka undaydi. Bu ko‘rgazmadan ona tili darsida «So‘z turkumlari» mavzusida  foydalanganmiz. Olmaxonning faqatgina ko‘ylagini emas, balki tevarak atrofini ham gulzorga aylantiramiz va sinovlardan o‘tamiz.

Geometrik shakllarni o‘rgatishda yangi pedtexnologiyalarni ta’lim mazmuniga singdirish bugungi kun o‘qituvchisi uchun dolzarbdir. Geometrik shakllarni o‘rgatib borisharkan, o‘qituvchi o‘quvchilarni zarur bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantiribgina qolmay, ularning dunyoqarashi, irodasi, xarakterini shakllantiradi, ham aqliy qobiliyatini rivojlantiradi.

Yigirma yildan buyon yoshlarga saboq berib kelaman. Matematika darslarida innovatsion texnologiyalar, didaktik o‘yinlar, zamonaviy ko‘rgazma qurollaridan foydalanib, yuqori samaradorlikka erishish mumkinligi tajribadan ma’lum.

Matematika darslarida geometrik shakl elementlarini o‘rgatishda, asosan, qalam, chizg‘ich, go‘niya, sirkul, paletka kabi o‘quv qurollaridan foydalaniladi. Men yaratgan «Mixli doska» taxta, ip va mixdan tashkil topgan. Bu doska yordamida geometrik shakllarni tez va oson o‘rgatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.