«Quvnoq olmaxon»  ko‘rgazmasi boshlang‘ich sinflarning  har bir o‘tiladigan darslarida qo‘llanilishi mumkin. Bu ko‘rgazmada bolajonlar «Quvnoq olmaxon»ning  ko‘ylaklarini chiroyli va bejirim yulduzchalar bilan bezashi kerak va  yulduzchalar ortiga o‘tilayotgan dars mavzusiga mos testlar, qiziqarli savollar solinadi. Bu savollarga javob berilib, «Olmaxon»ning ko‘ylagi bezaladi. Ko‘ylagi bezalgan olmaxon o‘quvchilarga minnatdorchilik bildirish maqsadida o‘z o‘rmonidagi turli xil foydali meva va giyohlardan tayyorlangan shirinlik va o‘zining mazali yong‘oqlaridan sovg‘a o‘rniga olib keladi. Olmaxon keltirgan sovg‘alardan o‘qituvchi rag‘bat sifatida foydalanadi va baho o‘rnida berilgan tuhfani yegan har bir bola sog‘lom, baquvvat va bilimdon o‘quvchiga aylanadi. Bu ko‘rgazmaning fanlar bilan bog‘liqligi ham o‘quvchining ziyrakligini oshiradi va chaqqonlikka undaydi. Bu ko‘rgazmadan ona tili darsida «So‘z turkumlari» mavzusida  foydalanganmiz. Olmaxonning faqatgina ko‘ylagini emas, balki tevarak atrofini ham gulzorga aylantiramiz va sinovlardan o‘tamiz.

 

 Yasalishi: «Quvnoq olmaxon» ko‘rgaz­masini tayyorlash uchun kerakli jihozlar: qalin karton qog‘ozga  olmaxon rasmini chizamiz  va ranglarini  guash bo‘yog‘i bilan bo‘yab chiqamiz. Bo‘yog‘i qurigach rasm qirqib olinadi va yana  90x90 sm shakldagi yupqa taxta yoki  DVP, rangli karton qog‘oz, yaltiroq gul qog‘oz(oboy), yelim, skotch va naqshli tasma, turli rangdagi bo‘yoqlar kerak bo‘ladi. 

Qalin karton qog‘ozga  chizilgan olmaxon rasmini qirqib olamiz, uni  90x90 sm o‘lchamdagi  DVPga yelim  yoki  skotch bilan yopishtirib olamiz. Olmaxonning  qo‘lida ushlab turgan pishirig‘ini  alohida o‘rmon mevalari shaklini yasab, shular bilan boyitib boramiz. Uning  atrofini  rangli qog‘ozdan yasalgan gullar bilan,  ko‘ylagini esa bejirim  yulduzchalar  bilan bezaymiz.  Bu bezaklar ostida ona tili fanidan «So‘z turkumlari»ga oid savollar mavjud. Biz ko‘rgazmadan ona tili darsida foydalandik. Lekin uni barcha fanlarda qo‘llash mumkin. Buning uchun o‘qituvchida ijodkorlik va ko‘plab yangi g‘oyalar kuchli bo‘lsa bas. Ko‘rgazmali quroldan foydalanish o‘quvchining tabiat o‘zgarishlariga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, chaqqonlikka, bilimdonlikka, zukkolikka va fanga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, ya’ni dars samaradorligiga yordam beradi, hamda rag‘bat olgan o‘quvchini  o‘ziga ishonchini orttiradi. Chunki biz dars davomida «Sog‘lom bola» yilida olmaxon nomidan  rag‘bat uchun vitaminlarga boy bo‘lgan «o‘rmon mevalari va yong‘oqlar»dan o‘quvchilarga berib bordik.

Darsning jihozi: o‘rmon tasviri tushirilgan rangli rasm, «Quvnoq olmaxon» ko‘rgazmasi, rag‘bat uchun pishiriq, yong‘oq, archa mevasi va savollar yozilgan yulduzcha va gullar, kompyuter.

 

«Maktabimiz hovlisi» nomli ko‘rgazmamiz ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun juda qiziqarli. Chunki bu ko‘rgazmamizni fasllarga moslab bezashda o‘quvchilar ham ishtirok etishadi. O‘quvchilar ko‘rgazma bezaklarini bolalar mehnat darslarida yasab, o‘rnini topib qo‘yishga o‘rganishgan. Ko‘rgazma sifatida qo‘llanganda o‘quvchilar daraxt barglari va hovuzchadagi baliqlar orqasidagi savollarga mustaqil javob beradilar. Bu ko‘rgazma bolalarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘qituvchiga faol ko‘makchi, deb bilaman. O‘quvchilarni o‘z uyini o‘zi asrashiga undaydi, zukkolik, bilimdonlik, chaqqonlikka o‘rgatadi. Biz ko‘rgazmadan o‘qish darsida foydalanganmiz. «Oltin kuz» bo‘limidagi «Sahovatli fasl» mavzusida o‘quvchilar bilan birgalikda ko‘rgazma orqali maktabimiz hovlisini kuz fasliga moslab «bezatdik».

O‘quvchilar ikki guruhga «Oltin yaproqlar» va «Sehrli baliqchalar»ga bo‘linib harakat qildilar. Dars noan’anaviy usulda o‘tdi.

Quyidagi savollar berildi:

  1. Kuz faslining oylarini sanang.
  2. Nima uchun «Oltin kuz» deymiz?
  3. Kuzda qaysi milliy boyligimiz yetishtiriladi?
  4. Kuz faslida pishadigan meva va sabsavotlarni sanang.
  5. «Kuzimizning go‘zalligin, og‘aynilar, ko‘rganmisiz?» misrasida nimalarni tushunib yetdingiz?

6  «Kuz» she’rining muallifi kim? 

7. «Quyosh tushar taftidan», «Qishga zamin solinar»  misralarining ma’nosini izohlang.

8. Kuz faslida tabiatda qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?

 

Yasalishi

«Maktabimiz hovlisi»  ko‘rgazmasi uchun judayam eskirgan qog‘oz parchalari, «PVA» yelimi, alebastr yoki gips, iliq suv, ozgina  un va xamir achitqisi, rangli guash bo‘yoqlari, lak va 100x80 sm  DVP  taxtasi  kerak boladi.

Qog‘oz parchalarini maydalab bo‘laklarga ajratamiz,  iliq suv solib, ezamiz. Suyuqlik hosil bo‘lgach, unga ozroq un, yelim va achitqi solib yumshoq xamirsimon massa tayyorlab, achiguncha  issiq qilib, o‘rab qo‘yamiz. Achigan xamirga gips yoki alebastr sepilib, yedirilguncha  qayirib, qayta-qayta mushtlab olamiz va 10 daqiqa dam olgach, xamirda xohlagan shaklingizni yasaysiz va issiq xonada 1-2 kun ichida quritasiz, so‘ng kerakli ranglar bilan bo‘yab, bo‘yoqlar qurigach, ustidan lak yurgizib chiqasiz. Yasagan  ko‘rgazmangiz siz uchun bir necha yillar xizmat qiladi.

IJODINGIZGA PARVOZLAR TILAYMAN, AZIZ USTOZLAR!!!

 

Muhabbat ALIMOVA,

Navoiy  viloyati Uchquduq  tumanidagi 20- maktabning  boshlang‘ich  sinf o‘qituvchisi.

 

Add comment


Security code
Refresh