Печать 

Jurnalimiz sahifalarida berib borilayotgan ko‘rgazmali qurollardan o‘qituvchilarimiz darsda unumli foydalanish bilan birga, ulardan ilhomlanib, o‘zlari ham turli ko‘rgazmalar tayyorlamoqda. «Ertaklar olamiga sayohat» nomli ko‘rgazmali qurol asosida yaratilgan  shunday ko‘rgazmasini hamkasblari bilan o‘rtoqlashmoqchi bo‘layotgan ijodkor boshlang‘ich sinf o‘qituv­chilaridan biri — Qurbonbeka Qilicheva.

 

U 39 yildan buyon Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 13- maktabda jajji o‘quvchilarning savodini chiqarib kelmoqda. Ish faoliyati davomida mehribonligi, o‘z ustida tinmay ishlashi bilan o‘quvchilar, ota-onalar va maktab jamoasi orasida hurmat topgan o‘qituvchi turli tanlovlarning faol ishtirokchisi. Tuman miqyosida o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi», «Eng yaxshi ko‘rgazmali qurol» ko‘rik-tanlovlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotgan tajribali ustozning mehnatlari «Xalq ta’limi a’lochisi» unvoni bilan taqdirlangan. Darslarida doim AKTdan va an’anaviy usul — qo‘l mehnati bilan tayyorlangan ko‘rgazmali qurollardan foydalanib keladi.

Quyida uning yasalishi ko‘p vaqt va mehnat talab qilmaydigan «Kungaboqar kulib boqar» nomli ko‘rgazmali qurolini taqdim etamiz. Ushbu ko‘rgazmali qurolni tayyorlash uchun faner yoki karton, taxta kerak bo‘ladi. Faner yoki karton kungaboqar shaklida kesib olinib, orqa qismiga xuddi shunday ko‘rinishda taxta mixlanadi. Kungaboqarning bandi ham yuqoridagi materiallardan yasaladi va unga mahkamlanadi. So‘ng unga bo‘yoqlar bilan ishlov beriladi. Kungaboqarning o‘rtasiga tarqatma materiallar va savollar solish uchun konvert yelimlanadi. Unga o‘tilgan mavzularga oid savollar solish mumkin. Kungaboqarning gulbarglariga ham kichik «cho‘ntakcha»lar yopishtirilsa, konvertdagi savollarning javoblarini unga joylash mumkin. 

Masalan, ona tili darsida «Nuqtalar o‘rniga tushib qolgan harflarni qo‘ying» degan topshiriq berilgan. O‘quvchi berilgan so‘zga mos harfni to‘g‘ri topsa, kungaboqar kuladi. Agar noto‘g‘ri javob berilsa, o‘qituvchi «Yana bir harakat qilib ko‘r-chi, balki javobini topa olarsan», deb unga ikkinchi imkoniyatni berishi lozim. Bu ko‘rgazmali quroldan boshqa fanlarda ham foydalanish mumkin. Uni yanada boyitish esa har bir o‘qituvchining ijodkorligiga bog‘liq.

Bu ko‘rgazmadan dars mavzusini aniqlashda ham foydalanish mumkin. Bunda mavzu aniqlanishi bilan birga, fanlararo uyg‘unlikka erishiladi. Masalan, 3- sinf o‘qish darsida «Vatanimiz gerbi — tug‘ro haqida ertak» mavzusini o‘tish paytida undan foydalanishni ko‘rsatsak.

Mavzu nomi 5ta so‘zdan iborat. Bu so‘zlar kungaboqar gulbargidagi xaltacha­lardagi raqamlar ortiga yashiringan. O‘qituvchi 5 nafar o‘quvchiga maqollarni davom ettirishni aytadi.

1. Yetti o‘lchab... (bir kes).

2. Yomonga gapirsang, bir balo, gapirmasang,... (ikki balo).

3. Bir bo‘lsa uchgacha, ... (uch bo‘lsa kechgacha).

4. Sanamay ...(sakkiz dema).

5. Birni kessang, ... (o‘nni ek).

Har bir maqoldan bitta raqam aniqlanib, uning ortidagi so‘zlar ketma-ketlikda o‘qiladi. Raqamlarni topganda uning toq yoki juft sonligi, ingliz tilida qanday nomlanishini ham so‘rab borish mumkin.

Matematika darsida esa amallar tartibi bo‘yicha misollarni yechishda, matematik atamalarning qoidalarini yod olishda va masalalarning yechimini topishda foydalanish mumkin. Bu ko‘rgazmali qurolni darsning tashkiliy qismida, yangi mavzuga kirib borishda, shuningdek, darsni mustahkamlashda ham qo‘llash tavsiya etiladi.

MIRZAQOBILOVA tayyorladi.