Darsning maqsadlari:

ta’limiy: ko‘paytirish hadlari bilan tanishtirish, turli metodlar orqali misol, masalalar yechishni takomillashtirish;

tarbiyaviy: har bir matematik muammoni ahillikda, xushmuomalalik va hozirjavoblik bilan bajarish fazilatlarini tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: matematik topshiriqlarni bajarish orqali o‘quvchilarning mustaqil va mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish.

 

Dars turi: yangi bilim beruvchi.

Dars metodlari: muammoli, izlanish, kichik guruhlarda yakka tartibda ishlash metodlaridan foydalanish, «Tengdoshlarim menga pand berdi», «Kim chaqqon» mashqlari.

Dars jihozi: darslik, tarqatma materiallar.

Darsning borishi

  1. Tashkiliy qism.

Salomlashish va davomatni aniqlash. O‘quvchilar bilan savol-javob o‘tkazish.

O‘qituvchi:

Hamma quvnoq, sog‘lommi,

Darsimizga tayyormi?

O‘quvchilar:

Bizlar quvnoq, sog‘lommiz,

Darsingizga tayyormiz!

O‘qituvchi:

Dars o‘tishdan maqsad?

O‘quvchilar:

Vatanga xizmat!

Insoniylik burchim mening

O‘qib, ilm olmoqdir.

Ota-onam, elimga,

Sodiq farzand bo‘lmoqdir.

O‘qituvchi: — Biz kimmiz?

O‘quvchilar: — Barkamol avlod.

O‘qituvchi: — Shiorimiz?

O‘quvchilar:

Biz barkamol, o‘ktam avlodmiz,

Kelajagi buyuk davlatmiz.

O‘qituvchi:

Sinfda kim navbatchi —

Bir kunlik nazoratchi?

O‘quvchilar:

Sinfda men navbatchi —

Bir kunlik nazoratchi.

Bugun hafta kunining

Beshinchisi bo‘ladi.

O‘qituvchi:

Qani, o‘quvchilar, ayting-chi,

O‘tgan darsda nimalarni o‘rgandik?

Qani, kim tayyor darsga, baho qo‘yay men unga.

(Uyga vazifa ko‘paytirish mavzusi bo‘lib, 6—7- misol va masalalarni bajarish. Sinf o‘quvchilarini 2 guruhga ajratib olamiz).

1- guruh: «Zukkolar».

2- guruh: «Bilimdonlar».

(Doskaga daraxt maketi qo‘yilgan. O‘lkamizda hozir bahor fasli hukmron bo‘lgani uchun daraxtlarni gullar bilan bezaymiz. Daraxtlarga ko‘proq gul yopishtirgan guruh g‘olib bo‘ladi).

  1. Uyga vazifani so‘rab, baholash.

Uyga berilgan misol va masalalarni «Tengdoshim menga pand berdi» mashqidan foydalanib tekshiramiz. Bunda o‘quvchilar yonidagi partadoshi bilan o‘zaro daftar almashishadi. O‘qituvchi darslikka qarab, uyga berilgan misolning javobini ma’lum qiladi. O‘quvchilar daftarni tekshirib, noto‘g‘ri misollarni aytadilar. Uyga vazifa baholab olingach, o‘qituvchi matematik topishmoq aytadi.

Bir butoqda 3ta qush.

Ikkinchi butoqda birinchi butoqdagidan 2 marta ko‘p.

Ikkala butoqda qancha qush?

3 x 2 = 6        3 + 6 = 9

Javob: 9ta qush.

  1. Yangi mavzu bayoni.

Bugungi mavzu ko‘paytirish hadlari bo‘lib, uni 1—7- misol va masalalarni bajarish davomida ko‘rib chiqamiz.

1- misol.

Ko‘paytirish hadlarini yodda tuting.

      3        x            2     =       6

birinchi           ikkinchi     ko‘paytma

ko‘paytuvchi ko‘paytuvchi

3 bilan 2ning ko‘paytmasi 6ga teng.

2- misol.

Doskaga yopishtirilgan lolalar gulbargiga yozilgan misollar bajarilib, chiqqan son barglar orasiga yopishtiriladi.

8 x 2         9 x 3              6 x 4        3 x 3

16       27                        24                       9

Misollarni to‘g‘ri bajargan o‘quvchilar rag‘batlantirilib, kartochkalar berib boriladi.

Quvnoq daqiqa.

O‘quvchilar:

Baliqlardek suzamiz,

Qushlardek uchamiz.

Ayiqlardek yuramiz,

O‘quvchidek o‘tiramiz.

3- misol.

Doskaga daraxt maketi qo‘yilgan bo‘lib, uning mevasida yozilgan sonlar tipratikan ustida turgan mevadagi songa ko‘paytiriladi.

4 x 3 = 12         5 x 4 = 20

7 x 4 = 28         3 x 5 = 15

4- masala.

O‘qituvchi masalani o‘qib beradi. O‘quvchilar unga ifoda tuzishadi.

Stol ustida vazacha va anorlar bor.

Masala: har bir vazada 6tadan anor bo‘lsa, to‘rtta vazada nechta anor bo‘ladi?

6 x 4 = 24

Javob: 24ta anor.

5- misol.

Doskaga tarqatma materiallar osib qo‘yiladi. Bir o‘quvchi doskaga chiqadi. Uning bir qo‘lida misollar yozilgan tarqatma material, ikkinchi qo‘lida esa javoblar yozilgan qog‘ozlar, o‘quvchilarni chalg‘itish uchun ularning ranglari turlicha. «Kim chaqqon?» o‘yinidan foydalanib, har 2 guruh o‘quvchilari misolni bajaradi.

G‘olib guruh rag‘batlantiriladi.

2 x 6=         2 x 7= 2 x 5= 3 x 7=

2 x 8=         3 x 9= 2 x 9= 3 x 2=

  1. Yangi mavzuni mustahkamlash uchun savollar.

Doskada guldon, guldonda lolalar. O‘quvchilar lolalardan birini tanlab, orqasidagi savollarga javob beradi.

  1. Ko‘paytirishning hadlarini ayting.
  2. Ko‘paytuvchilarning o‘rni almashsa, ko‘paytma o‘zgaradimi?

Guruh o‘quvchilarining daraxtdagi gullari hisoblab chiqiladi. G‘olib guruh aniqlanadi. Darsda faol qatnashgan o‘quvchilar rag‘batlantiriladi.

  1. Uyga vazifa.

Darslikdan mavzuga oid misollar tanlab beriladi.

 

Dildora PO‘LATOVA,

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi
6- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

 

 

Add comment


Security code
Refresh