Kirish qismi:

1- o‘quvchi: — Assalomu alaykum, aziz ota-onalar! Maktabimizga xush kelibsiz!

2- o‘quvchi: — Sizlar uchun o‘tkazila­digan bugungi mashg‘ulotimiz «Tarbiya oiladan boshlanadi»  deb nomlanadi.

 

3- o‘quvchi: — Ota-ona farzand uchun eng aziz va mo‘tabar insonlardir. Ularni hurmat qilish bizning burchimiz hisoblanadi.

4- o‘quvchi: — Ota-ona ruxsatisiz uzoq joylarga ketmang, ularga yolg‘on gapirmang, hamisha muloyim, yoqimli gapiring, — deydilar ustozimiz.

5- o‘quvchi: — Yana ustozimiz aytadilarki, uyda va maktabda yaхshi tarbiya topib,  go‘zal odatlarni o‘zlashtirsangiz, ota-onangizga rahmat eshittirasiz.

6- o‘quvchi: 

Boshni fido ayla ato qoshig‘a,

Jismni qil sadqa ano boshig‘a,

Tun-kuningga aylaganing nur-fosh

Birisin oy angla, birisin quyosh.               

(Qo‘shiq: «Onajonim sizga»).                       

O‘qituvchi: — Assalomu alaykum, aziz va mo‘tabar ota-onalar! Bilim dargohimizga xush kelibsiz. Bugungi ota-onalar yig‘ilishini biroz boshqacharoq tarzda o‘tkazmoqchimiz. Mavjud muammolarni birga­likda hal etishga harakat qilamiz. Buyuk faylasuf Arastu aytga­nidek: «Ota-ona bolani dunyoga keltirgani uchun emas, uni odobli-aхloqli qilib tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun­gina olqishga sazovor bo‘la oladi».

Farzandlarimiz odob-axloqli bo‘lib voyaga yetishlari uchun nimalar qilishimiz kerak?

Oilada va maktabda uchrab turadigan ba’zi kamchiliklarni o‘quvchilarimiz o‘z sahna ko‘rinishlarida namoyish etadilar. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, marhamat! (Har bir guruh ota-onalariga alohida ko‘rinish namoyish etiladi. Ota-onalarning fikr-mulohazalariga ustozlar baho qo‘yib borishadi. Har bir savol o‘z o‘rnida baholab boriladi).

I shart.

1- guruhga  «Uyda farzandingizning bilim olishiga e’tibor qanday?» sahna ko‘rinishi namoyish etiladi.

Savol: Farzandlarimizning dars tayyorlashi haqida  qanday fikrdasiz? Mustaqil dars tayyorlashda nimaga e’tibor qaratish kerak?

2- guruhga «Bo‘sh vaqtni tashkil qilish» sahna ko‘rinishi.

Savol: Farzandlaringiz bo‘sh vaqtida nimalar bilan shug‘ullanishini bilasizmi? Bu haqda qanday ma’lumotlar bera olasiz?

3- guruhga «Maktabga kelgan o‘quvchi holati haqida» sahna ko‘rinishi.

Savol: Sizningcha, darsga tayyor o‘quvchi  qanday bo‘lishi kerak?

Faraz qilaylik, o‘qituvchi o‘rnida bo‘lib qolsangiz, bir necha marotaba dars tayyorlamay kelgan o‘quvchi bilan qanday ish olib borasiz?

(Ota-onalar fikri tinglanadi va baholanadi. Bosh hakam  guruhlar yiqqan ballarni e’lon qiladi).

I shartga xulosa.

O‘quvchi: — Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch»  asarida shunday yozadilar:

«Har qaysi millatning o‘ziga xos shakllanishi va yuksalishida oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi.  Oila sog‘lom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat barqarordir». 

O‘qituvchi: —  Darhaqiqat, oila muhiti yaxshi bo‘lsa, bolalar ham shunga yarasha tarbiya topadi. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi»,  degan maqol bejiz aytilmagan.

Ota-onalar farzandlari uchun quyidagilarni hozirlab berishlari kerak (ota-onalar uchun doskaga ilib qo‘yilgan kunlik ish rejasiga e’tibor qaratiladi).

1. Farzandlarining sog‘lom ovqatlanishi uchun sharoit yaratish.

2. Bolalar uchun kun tartibi tuzish.

3. Bolaga hayotiy voqealarni to‘g‘ri tushuntirish.

4. Bolalarning o‘qishini doimiy nazorat ostiga olish.

5. Ularni badiiy kitoblar bilan ta’minlash.

6. Bolalarning barcha sa’y-harakatlari, qiziqishlarini rivojlantirish. 

Ota-bobolarimiz «Rejasiz ish — qolipsiz g‘isht», deya uqtirishgan. Shuning uchun o‘quv va tarbiyada reja bo‘lishi shart.

II shart.

1- guruhga «Yaxshi xislat — go‘zal fazilat».

(«Odobing — obro‘ying» sahna ko‘rinishi).

O‘quvchilardan biri: — Luqmoni Hakim aytadi: «Barakalla, o‘g‘lim. Ota-onang insoniy go‘zal xislatlarni juda yaхshi o‘rgatibdi. Mashg‘ulotimizga tashrif buyurgan hurmatli ota-onalar farzandlariga go‘zal fazilatlarni qanday uqtirishar ekan?»

Savol: Siz insonga xos go‘zal fazilatlarni farzandlaringizga qanday tushuntirasiz?

2- guruhga «Vatan» tushunchasi haqida topshiriq beriladi. (Sahna ko‘rinishi).

— Guljahon, ayting-chi, Vatan nima degani?

— Vatan — ulug‘ so‘z. Bobolarimizning kindik qoni to‘kilgan joy. Vatan bizning yashayotgan uyimiz. Unga mehr onamiz allasidan boshlanar ekan.

— Shunday degin.

— Ha, dadam va oyim  shunday o‘rgatganlar.

— Bugungi mehmon ota-onalarimiz farzandlariga Vatan haqida nima deyishar ekan? Eshitaylik-chi.

Savol: Vatan nima ekanini farzandingizga qanday tushuntirasiz?

(Vatan haqida qo‘shiq qo‘yib eshittiriladi).

3- guruhga: «Ilm olish, hunar egallash haqida». (Sahna ko‘rinishi).

Bobo: — Nima qilyapsan, o‘g‘lim?

Nabira: — Kitob o‘qiyapman, bobojon.

Bobo: – Barakallа, o‘g‘lim. Ilm bu hayot, bu — odob. Ilm inson qadrini oshiradi.

Buvi: — Ilmli bola o‘rtoqlari orasida izzatda, hurmatda bo‘ladi.

Bobo: — Vaqtida ilmning qadriga yetmay, ilm o‘rganmay yurgan bolalar ulg‘ayganda  pushaymon bo‘ladilar.

Buvi: — Ammo bu foydasiz, chunki,  so‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman.

Savol: — Farzandingizga ilm o‘rganishning ahamiyatini qanday tushuntirasiz?

O‘qituvchi: — Shunday ekan, aziz ota-onalar, farzandlarimiz yaxshi bilim va hunar egalari bo‘lishiga sizlar yo‘l ko‘rsating va maslahat bering.

(Jami ballar e’lon qilinadi va g‘olib guruh rag‘batlantiriladi).

1- o‘quvchi:

Urug‘ yerga tushib chechak bo‘ldi,

Qurt jondan kechib ipak bo‘ldi.

Lola tuxumicha g‘ayrating yo‘qmu?

Ipak qurticha himmating yo‘qmu?

O‘qituvchi: — Navoiyning ushbu misralari jasoratni tabiatdan o‘rganishga undaydi. Shunday ekan, umrimizni yaxshi va savobli ishlar qilishga, farzandlarimizni komil inson qilib tarbiyalashga bag‘ishlaylik.

Bugun juda ko‘p muammolar haqida maslahatlashdik. Rahmat. Endi aziz bolajonlarimizga ruxsat bersak-da, kelgusidagi rejalarimiz haqida siz, aziz ota-onalar bilan suhbatlashib olsak.

 

Ra’no IMINOVA,

Namangan viloyati Uychi tumanidagi 36- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

 

Add comment


Security code
Refresh