04.07.2017

Darsning  maqsadlari:

ta’limiy:  o‘quvchilarga  O‘zbekistonda  o‘sadigan  dorivor  o‘simliklar  haqida  ma’lumot   berish;

tarbiyaviy: yurtimizdagi  dorivor  o‘simliklar   haqida  tushuncha  hosil  qilib,  ona  tabiatga  mehr  uyg‘otish;

rivojlantiruvchi:  o‘quvchilarning  qaysi  o‘simliklar  qanday  kasalliklarga   shifo  bo‘lishi  haqida   bilimlarini  rivojlantirish.

Dars  turi:  yangi  bilim  beruvchi.

Dars uslubi:  savol-javob, suhbat,  tarmoqlash.

Dars jihozi: shifobaxsh  o‘simliklar, darslik,  elektron  vositalar,  multimedia  ilova.

 Darsning  borishi

I. Tashkiliy qism.

Salomlashiladi  o‘quvchilar  davomati  tekshiriladi.

II. O‘tilgan mavzuni takrorlash.

«Tabiat  va  biz»  mavzusi  asosida  o‘zlashtirgan  bilimlari  takrorlanadi.

— Tabiat  bizlarga  nimalarni  in’om  etadi?

— Tabiatni  nima  uchun  asrab-avaylashimiz  kerak?                                                                             

— Odamlar  tabiatga  qanday  qilib yordam berishlari  mumkin?

Olqor  Daminning  «Tabiatni  asraymiz»  she’ri  o‘qiladi

Qushchalarni  qiynamaymiz,

Qanotlarini  yulmaymiz.

O‘tlarni  payhon  qilmaymiz

Tabiatni  avaylaymiz!

Teraverib  lolalarni, 

Ranjitmaymiz  odamlarni.

Sindirmaymiz  bodomlarni,

Tabiatni  avaylaymiz.

Ming  xil  giyoh,  jonivorlar.

Tabiatni  qilar  dilbar

Keling,  birgalikda  do‘stlar,

Tabiatni  avaylaymiz!

III. Yangi mavzu bayoni.

— Bolajonlar, bugun  sizlar  bilan  O‘zbekistonimizning  boy  tabiatida uchraydigan,  atrofimizda  o‘sadigan,  turli-tuman kasalliklarga  shifo   bo‘la  oladigan  o‘simliklar  haqida  suhbatlashamiz.

 Animatsiya  namoyish  etiladi:

— Biror  bir  o‘simliklarning  qandaydir  kasallikka  davo  bo‘lganini  eshitganmisiz?

— Olmaning  nimalarga  davo  ekanligini  bilasizmi?

— Na’matak,  moychechak  damlamasi  qachon  ishlatiladi?

— Isiriq  haqida  nimalarni  bilasiz?

— O‘zbekistonda  yetishtiriladigan  mevalardan  qaysilari  qanday  kasalliklarga  davo  sifatida  ishlatilishini  aytishga  harakat  qiling-chi?

Olchali,  malinali,   qizil  va qora qorag‘atli  murabbo kamqonlikda,  shamollaganda  iste’mol  qilinadi.

Olmada  temir  moddasi  ko‘p.

Nok — ichak  faoliyatini  yaxshilaydi.

Behi  daraxtining  mevasi  ham,  shoxlari  ham  shifobaxshdir. Shoxlari  va  barglaridan  tayyorlangan  damlama  qon  bosimini  pasaytiradi.

Qadimda  hozirgi  zamondagiday  dorixonalar,  shifoxonalar  bo‘lmagan.  Tabiblar  dorivor  o‘simliklardan  turli  kasalliklarda  shifo  bo‘ladigan  dorilar,  damlamalar,  malhamlar  tayyorlab  berganlar.

— O‘zbekistonda  o‘sadigan  har bir  meva  va  o‘simlik, albatta,  biror  dardga  davo  bo‘ladi.  Hamma   meva  va  sabzavotlar   darmondorilar  (vitaminlar)ga boydir. Shuning  uchun  onajoningiz  tayyorlab  bergan  ovqatdagi  sabzi, sholg‘om, bulg‘or  qalampirini  ajratmay, ularni  iste’mol  qiling.

Kimning  qorni  og‘riguday  bo‘lsa  unga  anor,  uning  suvi,  po‘stlog‘i  va bargi  ham  davo  sifatida  tavsiya  qilinadi. Quloq  og‘rig‘ida  shaftoli  guli,  ortiqcha  vaznni  yo‘qotishda  olma,  yurakka  darmon  sifatida  o‘rik  ko‘makka keladi.

(Videolavha  namoyish  etiladi).

Dam  olish  daqiqasi (harakatlar  bilan  bajariladi).

Daraxt  tagin   yumshatamiz,

Daraxtga  suv  quyamiz.

Daraxtim  o‘sib  ketdi,

Bo‘yi  osmonga  yetdi.

IV. Mustahkamlash.

Darslik  bilan  ishlash  tashkillashtiriladi.

— Rasmdagi  o‘simliklar nimalarga davo  ekanini  bilasizmi?

Ko‘proq  yovvoyi holda uchraydigan  yalpiz, qichitqi  o‘t,  moychechak,  gulxayri  kabi  o‘simliklar  ko‘plab  dardlarga   davodir.

Asalning  dorivorlik   xususiyatlarining   sabablarini  (2- rasmga  qarab)  aytib  bering.

— Atrofimizdagi  o‘simliklarni   kuzating. Ular  nimalarga  davo  bo‘lishi  bilan  qiziqing.

— Dorilarning  qay  biri  afzal?  Nima  uchun?

«Ortiqchasini  top» o‘yini.

Dorivor  o‘simliklar  qatoriga  ruchka,  qalam,   o‘chirg‘ichlar  ham  qo‘yiladi.  O‘tilgan   mavzuga  mos  narsalar  olinadi.  Mavzuga  tegishli   bo‘lmagan  ortiqcha  narsalar  topiladi.

O‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi.

1- guruhga tоpshiriq: 10ta dоrivоr o‘simliklar nоmini yozing.

2- guruhga tоpshiriq: 10ta madaniy o‘simliklar nоmini yozing.

3- guruhga tоpshiriq: 10ta sabzavоtlar nоmini yozing.

Qaysi guruh birinchi bo‘lib to‘g‘ri yozib bo‘lsa g‘оlib bo‘ladi. Tоpshiriq tekshirilib, g‘оlib guruh rag‘batlantiriladi.

-Test  topshiriqlari   ekranda  namoyish  etiladi.

1. Bahor oylari  qaysi qatorda  berilgan?

a) aprel,  oktabr,  sentabr

b) may,  iyun,  avgust

d) mart, aprel, may

2. Yovvoyi  o‘simliklar  berilgan  to‘g‘ri   javobni  toping?

a)  qamish,  sho‘ra,  yantoq, saksovul

b)  rayhon,  atirgul, namozshomgul

d) qamish,  rayhon,  atirgul

3. Madaniy  o‘simliklarni  ayting. 

a) cho‘l  yalpizi,  yantoq, saksovul

b) rayhon, atirgul, namozshomgul

d)  jag‘-jag‘, otquloq, sachratqi

V. Darsni yakunlash.

Darsni  xulosalab,  o‘quvchilar  javoblari  umumlashtiriladi. Faol  o‘quvchilar  baholanadi  va  rag‘batlantiriladi.

VI. Uyga vazifa.

O‘zbekistonda uchraydigan dorivor o‘simliklar haqida ma’lumotlar to‘plash. Uyga  vazifa  ota-ona  yoki  kattalar  yordamida  bajarilishi  aytiladi     

 

Gulnоra MIRZYEVA,  

Namangan tumanidagi  1- umumtalim

maktabning bоshlang‘ich  sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh