04.07.2017

Darsning  maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarning  qo‘shishni  tekshirishga  doir  misol  va  masalalar  yechish bo‘yicha  bilim, ko‘nikma  va  malakalarini  shakllantirish;

tarbiyaviy: har bir matematik  muammoni  ahillik, birodarlik, hamjihatlik   bilan  bajarish fazilatlarini   tarbiyalash;

rivojlantiruvchi: matematik  topshiriqlar  bajarish  orqali  o‘quvchilarning  qo‘shishni tekshirishga  doir  qobiliyatini  rivojlantirish.

Dars turi: yangi  bilim  beruvchi.

Dars metodi: suhbat, guruhlarda  ishlash, savol-javob, «Olmalarni terish» didaktik o‘yini.

Dars jihozi: darslik, rasmlar, AKT vositalari, slaydlar, rangli chiroqlar, rag‘bat kartochkalari.

 Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

O‘quvchilar davomati  aniqlanadi. Sinf o‘quvchilarining  darsga  tayyorligi  tekshiriladi.

II. O‘tilgan mavzuni so‘rash va mustahkamlash.

O‘qituvchi: — O‘quvchilar, o‘tgan darsimizda  qanday mavzu  bilan  tanishgan edik?

O‘quvchilar:  96-44  ko‘rinishidagi  misollarni  yechish.

Uyga vazifa  bajarib kelingan aylanma  daftar   yig‘ib  olinadi, 6- masalaning  javobi og‘zaki  so‘raladi.

Sinf  o‘quvchilari  guruhlarga  bo‘linadi.

1- guruh — «Birliklar».

2- guruh — «O‘nliklar». 

3- guruh — «Yig‘indi» deb nomlanadi.

O‘qituvchi: — Bor ekan-da,  yo‘q  ekan.  «Nolvoy» qorovul ekan, «Birvoy» yasovul  ekan. «Ellikxon» malika ekan, «Yuz»  sonlar  podshohi  ekan. Och emas,  to‘q  ekanlar, ajralmas,  ahil ekanlar.  Archazorlar orasida  ajoyib  o‘rmon  bor  ekan. Ajoyibligi  shundaki,  bu  yerda  faqat  1dan 100gacha  bo‘lgan  sonlar  shod-u hurram yashar  ekanlar. Sababi  o‘rmon  suvi  tiniq,  havosi  toza, mevalarga  to‘la  ekan. Bu  o‘rmonga  ko‘pgina  hayvon-u  parrandalarning  havasi  kelarkan-u, biroq o‘rmon shohi «Yuz»dan  juda  qo‘rqishar  ekan. Axir  shoh  matematikadan  misol  va masalalarni  yecha  oladigan  zukko, hozirjavob jonzotlarni  xush  ko‘rar ekan-da.

Shu  payt  o‘rmonga  uning  ta’rifini  eshitib  kelgan  kiyik, ona  qarg‘a  va  olmaxon tashrif   buyuribdi. Ularni kutib  olgan «Nolvoy» sonlar  shoxi «Yuz»ning  qasriga boshlabdi.

Biroq  buning  uchun  ular  zinadagi  ikki  xonali  sondan ikki  xonali  sonni  ayirish va qo‘shishga  doir  misollarni  yechish  kerakligini  aytibdi.

O‘qituvchi: —  O‘quvchilar, kelinglar,  ularga yordam berib yuboraylik.

«Birliklar»  guruhiga:           «O‘nliklar» guruhiga:           «Yig‘indi» guruhiga:

76-60=                                    47-22=                                   63-50=

37-30=                                    67+3=                                   25+14=

28+2=                                    68-43=                                   67-22=

36+12=                                  60+40=                                  37+12=

Misollarni to‘g‘ri yechgan har uchala guruhga qizil, yashil, sariq chiroq shaklidagi rag‘bat kartochkasi beriladi.

III. Yangi mavzu bayoni.

O‘qituvchi  o‘quvchilar diqqat-e’tiborini «Qo‘shishni tekshirish» bo‘yicha  ma’lumotlarga jalb  etadi.

Yangi  mavzu  xattaxtaga  yoziladi  va  og‘zaki  tushuntiriladi. Shu tariqa  birinchi misol  yechiladi.

O‘rmondagi  do‘stlarining  maza  qilib  yashayotganini  eshitgan  tipratikan  ham yo‘lga  otlanibdi. Uni  dastlab  malika «Ellikxon»  ko‘rib  qolibdi  va unga  daraxtdagi shirin olmalarni  ko‘rsatib,  orqasidagi  misollarni  yechish  kerakligini  aytibdi. Agar  misollar  to‘g‘ri  yechilsa,  olmalarga  ega  bo‘lishi  va  sonli  o‘rmonda  qolishi  mumkinligini  bildiribdi.

O‘qituvchi: — Qani,  zukko, aqlli  o‘quvchilar,  tipratikanga  yordamga  shoshilaylik.

(2- misol  xattaxtada  bajariladi. Har  guruhdan  o‘quvchilar  chiqib  misollarni  yechadi. O‘quvchilar  o‘tirgan  joylarida  misolni bajarib  kelib,  rag‘bat  kartochkalarini olishi  mumkin. Misolni ayirish amali  bilan  tekshirish  kerakligi  tushuntiriladi).

2- misol.

34+12=                  

 41+27=                 

62+3=                

56+22=

26+13=                   

27+11=                  

57+3=               

 44+32=

Namuna:   34+12=46         46-34=12

Kunlarning  birida  o‘rmonga  xat  tashuvchi  amaki  kelibdi. Qasr darvozasini  taqillatgan ekan, «Birvoy»   darvozani  ochmay,  3- masalani  yechishni, to‘g‘ri  yechsa, darvozani ochishini aytibdi. Masala matni xattaxtaga yoziladi. Masalalarning  yechilishini  taqqoslash  o‘rgatiladi.

Oq atirgul —    60 ta.

Qizil  atirgul  —  40 ta.

Hammasi  bo‘lib — ? ta atirgul  bor.

Yechish: 60+40=100ta.

Javob: Issiqxonada  hammasi  bo‘lib 100ta  atirgul bor.

Sizlarning  yordamingiz  bilan  amakiga  darvoza  ochiladi  va  qasrga  kirgan  amakining  qo‘lidagi  shohga  kelgan  xatni  ona  qarg‘a  pir  etib olib  ketadi. Xatni  qaytarishni  so‘raganida, yechgan  masalasiga teskari  masala ham borligini  aytadi.

O‘qituvchi  ushbu masala  matnini  xattaxtaga  yozadi. O‘quvchilar  masalani  yechadilar  va  daftarlariga  ko‘chirib  oladilar.

2) Hammasi  —  100ta  atirgul.

Olib ketdi  —  60ta  atirgul

Qoldi — ?

Yechish:  100-60=40

Javob: Issiqxonada  40ta  atirgul qolgan.

Dam olish  daqiqasi.

O‘qituvchi  odam  tana  a’zolarini o‘zbek tilida aytadi, o‘quvchilar ingilizchasini  aytishadi  va  harakatlar  bilan  ko‘rsatishadi.

Bosh, qo‘l, oyoq, ko‘z, quloq  va hоkаzo.

Sonli o‘rmonga Quyonvoy va Ayiqpolvon kelibdi. Ular ham bu yerda qolish istagini bildiribdi.

O‘qituvchi:  — О‘quvchilar,  quyonvoyning  bir  qo‘liga  10  kg, ikkinchi  qo‘liga  8  kg  sabzi solingan chelak  berilib, unga ikkala  chelakdagi  sabzining  og‘irligini  topish  kerakligi  aytildi.

(5- masala  og‘zaki  bajariladi).

1) Yechish: 10+8=18

Javob: Ikkala  chelakdagi  sabzi  18  kg  edi. 

2) Ayiqpolvonga  ikkita  bochka  asalning  yig‘indisi 70 kg ekanligi  aytiladi.

1- bochkada  40  kg  asal, 2- bochkada qancha  kg  asal  borligini topish  kerakligi  aytiladi.

O‘quvchilar  masalani og‘zaki  bajaradi.

Yechish: 70-40=30  kg  ikkinchi  bochkadagi  asal.

IV. Yangi mavzuni  mustahkamlash.

O‘qituvchi: — Sonli o‘rmonda barcha jonivorlar bayram o‘tkazmoqchi bo‘lishibdi. Ayiqpolvon ularga yordam berish uchun boltasini yelkasiga olib shunday archani izlab ketibdi. Katta archani topibdi-yu, biroq archani o‘zi bilmay, uch qismga bo‘lib yuboribdi, qismlarni bir-biriga ulash uchun undagi  misollarni yechish kerak ekan. Archaning o‘ng tomonidagi misolni yechgach, chap tomonida shu misolni tekshirish kerak. Bolalar, keling o‘rmondagi bazm uchun ularga archa qismlarini yig‘ishib yuboramiz. 

Xattaxtada  misollar  yechilib, ularni  tekshirish  orqali  mavzu  mustahkamlanadi.

Uch  guruhga  uchta  misol  beriladi.

32+9=             

16+9=            

15+5=

25+5=           

26+31=         

50+6=           

V. Darsda yakun yasash va o‘quvchilarni baholash.

Shunday qilib, o‘rmonda katta archa qad rostlabdi. Endi o‘rmonga rangli chiroqlar kerak ekan. O‘quvchilarning  rag‘bat  kartochkalari, ya’ni  rangli  chiroqlar  o‘qituvchiga olib kelinib, sanaladi  va   g‘olib  guruh  aniqlanadi.  O‘quvchilar rag‘bat  kartochkalari  va   darsdagi  ishtirokiga  qarab  baholanadi.

VI. Uyga vazifa.

Darslikdagi  6, 7- misollarni yechish.

Munira TOKIMBETOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

To‘rtko‘l tumanidagi 43- maktabning

boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh