04.07.2017

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: «Qodir boboning orzusi» matnining  mazmuni bilan tanishtirish, bog‘lanishli nutq va matn ustida ishlash ko‘nikmalarini o‘stirish;

tarbiyaviy: o‘quvchilarda dunyoga mashhur bo‘lgan shunday avtomobillarni ishlab chiqarayotgan Vatanga faxr tuyg‘usini uyg‘otish va mehnatsevarlikka  o‘rgatish;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning ijodiy fikrlash qobiliyatlarini,  lug‘at ustida ishlash, ongli va ifodali o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Dars turi: yangi tushuncha va bilimlarni shakllantiruvchi.

Dars metodlari: savol-javob, «Zanjir» usuli, «Topib o‘qi» mashqi, «Kasblarga  ta’rif», «Davom ettir» o‘yinlari.

Dars jihozi: darslik, mavzuga oid rasmlar, didaktik va tarqatma materiallar, multimediali ilovalar.

 Darsning borishi

I. Tashkiliy qism.

Davomatni aniqlash.

O‘quvchilarni darsga hozirlash.

II. Uy vazifasini so‘rash va o‘tilgan mavzuni mustahkamlash.

O‘quvchilar Abdulla Oripovning «Iqboli buyuksan» she’rini yoddan aytib beradi.

She’r asosida savol-javob o‘tkaziladi .

1. Ona bilan Vatan tushunchalari nima uchun qiyoslanadi?

2. Ustozni nima uchun unutmaslik kerak?

3. Suyuksan  so‘zining qofiyadosh so‘zini toping.

4. Dilbandi  so‘ziga ma’nodosh so‘z ayting.

III. Yangi mavzuni tushunturish.

Bugungi dars mavzusi: «Qodir boboning orzusi».

Muallif To‘lqin Hayit haqida o‘qituvchi tomonidan qisqacha ma’lumot beriladi.                        

To‘lqin Hayit 1957- yil 15- noyabrda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Uning «Meni kechir, bolajon!» nomli voqeiy hikoya  va badialari (1991yil), «Dashnobod hangomalari» (1992 yil ), «Turon tunlari» (1996 yil), «Shohi Zinda» (2004 yil), «Vafo malikasi» romani (2005 yil), «Amir Temur haqida hikoyalar» (2009 yil), «Odamning yaxshisi» (2010 yil), «Sizdan boshqa kimim bor» (2012 yil), «Buyuk salohiyat sohibi» (2016 yil) kabi kitoblari bosilib chiqqan.

Matn mazmuniga mos videolavha namoyish etiladi va kadr ortidan matn o‘qiladi.

«Qodir boboning orzusi» matni mazmuni tushuntiriladi. O‘quvchilar ketma-ket matnni o‘qiydi. Qolgan o‘quvchilar kuzatib boradilar.

Notanish so‘zlar yuzasidan lug‘at ishi o‘tkaziladi.

Lug‘at ishi.

Xiyla o‘ylantirib qo‘ydi — ko‘p, bir muncha fursat, ancha vaqt o‘ylantirib qo‘ydi.

Shukronalik — shukur qilish, qanoatli va mamnun holat.

Shirin o‘y — shirin xayol.

Qanot bag‘ishlab — madad berib, «Uchish», «parvoz»ga imkon yaratmoq, shunday imkon bilan ta’minlamoq (ko‘chma shaxs yoki narsaning «uchish»i, «parvoz»iga xizmat qiluvchi a’zosining ramzi ma’nosini bildiradi).

Turna qator — qator bo‘lib tizilib, birining ketidan biri.

Ilinjida — yetishish umidida, ko‘zlangan dard-maqsad, umidvorlikda.

Yuragi go‘yoki o‘z qolipiga tushgandek — xotirjam bo‘ldi.

Dam olish daqiqasi o‘tkaziladi.

«Bahru bayt» oyini.

O‘quvchilar yodlagan she’rlari asosida bahru bayt o‘yini o‘tkaziladi.

IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.

Darslik bilan ishlash:

Matn o‘quvchilarga «Zanjir» usulida o‘qitiladi. Matn mazmuni hikoya qildiriladi.

Savol va topshiriq:

Qodir boboning oldingi hayoti bilan hozirgi hayotini solishtiring,

Siz qanday kasblarni bilasiz?

«Topib o‘qi» mashqi.

Bu mashqda matndan 1- qator o‘quvchilari ikki bo‘g‘inli, 2- qator o‘quvchilari uch bo‘g‘inli, 3- qator o‘quvchilari to‘rt bo‘g‘inli so‘zlarni topib, o‘qib berishlari lozim bo‘ladi. Eng ko‘p va tez topgan qator g‘olib bo‘ladi.

«Kasblarga  ta‘rif» o‘yini o‘tkaziladi.                                                                                  

O‘quvchilar uchta guruhga bo‘linadi. Kasblarga ta‘rif beriladi. O‘quvchilar bu kasb nomlarini topishadi.

…………   xurmacha,

Loydan  oldim  bir parcha.

Buyumlarim  sifatli,

Hammasidir o‘zgacha.

(Kulolchiman).

Menman  mohir……… ,

Ish ketidan yerman osh.

Shogirdlarim, bor yo‘ldosh,

Men ham ularga yo‘lbosh.

(Sartarosh).

Qo‘li  shirin pazanda,

Ovqatni qilmas  kanda.

Olib, tatib  ko‘ringlar,

Ta’mi juda mazza-da. 

(Oshpaz).

Test topshiriqlari:

1. Qodir bobo  bu yil nechi yoshga kiradi?

a) sakson besh              

b) oltmish       

d) sakson        

e) yetmish bir

2. Asaka shahrida qanday ishlab chiqarish  zavodi qurildi?

a) yengil  mashina        

b) neft maxsulotlari    

d)  yengil sanoat         

e) paxta tozalash

3. Birinchi bo ‘lib qaysi avtomobillar ishlab chiqarildi?

a) «Volga», «Jiguli», «Tiko»      

b) «Otayo‘l», «Moskvich», «Neksiya»

d) «Jiguli», «Damas», «Traktor»      

e) «Tiko», «Damas», «Neksiya»

4. Qodir boboning nevarasi nimaning rasmini chizgan edi?

a) gullarni         

b) mashinalarni                      

c) daraxtlarni              

d) hayvonlarni

5. Qodir boboning ozusini kim amalga oshiradi?

a) o‘g‘li             

b) qizi                        

c) nevarasi                 

d) yoshlar;

V. Darsga yakun yasash va baholash.

O‘quvchilarga yangi mavzu yuzasidan olgan bilim, ko‘nikma va malakalarini mustahkamlash maqsadida quyidagicha savollar bilan murojaat etiladi:

1. Hikoyani o‘qib, qanday xulosa chiqardingiz?

2. Kelajakda siz kim bo‘lmoqchisiz?

O‘quvchilarning javoblari to‘ldirilib, umumlashtiriladi.

Darsda faol ishtirok etgan o‘quvchilar baholari e’lon qilinadi. Faol ishtirok etgan o‘quvchilar namuna qilib ko‘rsatiladi.

VI. Uyga vazifa berish.

«Qodir boboning orzusi» matnini ifodali o‘qib, mazmunini so‘zlab berish.

 

Xadicha SATTOROVA,

Nizomiy nomidagi TDPU

BTM  kafedrasi  katta o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh