Maktab hovlisida o‘tkaziladigan ushbu mashg‘ulot yozgi ta’til mavsumiga mo‘ljallangan. Maqsad bolalarni bir-biri bilan do‘st-inoq bo‘lishga, o‘yinlarda faol qatnashishga undash, chiroyli, xatosiz yozish ko‘nikmasini rivojlantirishdan iborat.

 

Mashg‘ulot jihozi: oq qog‘oz, ruchka,  marker, bo‘r.

Mashg‘ulotning borishi

(O‘qituvchi mashg‘ulotni yoz haqidagi istalgan she’r bilan boshlashi mumkin).

O‘qituvchi: — Assalomu alaykum, aziz bolajonlar. O‘quv yilini yakunlab, yana bir dovondan oshib o‘tdingiz. Yozgi ta’tilda esa tabiat qo‘ynida mazza qilib dam olasiz, do‘stlar  orttirasiz.

1- bosqich: «Tanishuv» mashqi.

Birinchi o‘rinda o‘tirgan bola o‘zining ismini aytadi, ikkinchi o‘rinda o‘tirgan bola esa oldin aytilgan bolaning ismiga qo‘shib o‘z ismini aytadi, uchinchi bola ham o‘zidan oldingi ikki bolaning ismini aytib, so‘ng o‘z ismini aytishi  kerak. O‘yin shu tariqa davom etadi.

Akmal,

Akmal, Botir,  

Akmal, Botir, Feruza,

Akmal, Botir, Feruza, Lola, 

Akmal, Botir, Feruza,  Lola,  Madina.....

2- bosqich: «Tarmoqlash» mashqi.

Bir-biri bilan tanishib olgan bolalarga hamisha ahil-inoq, do‘st bo‘lish kerakligi aytilgach, hamma birgalikda «Do‘st» so‘zini «Klaster» usulida tarmoqlaydi.

«Do‘st» so‘zini tarmoqlarga bo‘lish orqali uning mazmuni tushuntiriladi, aytilgan fikrlarga  amal qilish uqtiriladi.

3- bosqich: «Rasmli topshiriq».

Havo to‘ldirilgan sharchalar yorilib, ular ichidagi topshiriqlar bajariladi.

Akmalning shari yorildi, vazifa quyidagicha: «Yoz fasli» mavzusida rasm chizing. Botirga esa shunday topshiriq berilibdi: «Tinchlik» mavzusida rasm chizing.

Shu tariqa barcha bolalarning shar ichidagi topshiriqlari aniqlanadi.

Bolalar o‘z topshiriqlari asosida bo‘r bilan asfaltga rasm chizadi. Bu shartni bajarish uchun 20 daqiqa  vaqt beriladi. 

20 daqiqadan so‘ng mashg‘ulot rahbari bolalarning ishlarini kuzatib, ularning ishlariga sharh berib, bolalarni rag‘batlantiradi.

4- bosqich: «Yangi so‘z» o‘yini. 

«Gultojixo‘roz» so‘zidan yangi so‘zlar hosil  qilinadi, masalan, «gul», «toj», «xo‘roz»... 3 daqiqa  ichida eng ko‘p yangi so‘z hosil qilgan bola o‘yin g‘olibi hisoblanadi.

Hammaga oq qog‘oz, ruchka beriladi. O‘yin 3 daqiqada yakunlanadi. Bolalar  yozgan so‘zlarini o‘qiydi, xatoliklar aniqlanadi, eng ko‘p to‘g‘ri so‘z hosil qilgan bola  rag‘batlantiriladi.

O‘qituvchi: — Bolajonlar, mashg‘ulotimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqa o‘yinlarida o‘zingizning bor imkoniyat, qiziqishingiz bilan faol qatnashishga harakat qildingiz. Buning uchun hammangizga rahmat. Keyingi mashg‘ulotda uchrashguncha, xayr.

 

Mohira HASANOVA,

Zangiota tumanidagi 43- maktabning boshlang‘ich

sinf o‘qituvchisi.

Dildora PO‘LATOVA,

TVXTXQTMOI katta o‘qituvchisi.

Add comment


Security code
Refresh