Mavzu: O‘yin odobi.

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarni insonning jismoniy va ma’naviy kamolotida xalq o‘yinlarining o‘rni va ahamiyati bilan tanishtirish; o‘yin odobini o‘rgatish;  

tarbiyaviy: o‘quvchilarga milliy qadriyat, urf-odat va an’analarga hurmat hissini singdirish. Jamoa bo‘lib harakatlanish, do‘stona muhitni yaratish va o‘zaro hurmat qilishga o‘rgatish;

rivojlantiruvchi: ularda oliyjanoblik, halollik, mardlik va tantilik kabi fazilatlarni kamol toptirish, tez fikrlash, chaqqonlikni rivojlantirish.

 

Dars turi: yangi bilim beruvchi.

Dars metodlari: savol-javob, suhbat, kichik guruhlarda ishlash.

Dars jihozi: darslik, milliy o‘yinlar, musobaqa tasvirlangan ko‘rgazmalar va tarqatma materiallar, videolavhalar.

Darsning borishi

  1. Tashkiliy qism. O‘quvchilarning darsga hozirligini tekshirish. O‘quvchilar bilan salomlashib, davomatni aniqlash.
  2. Uyga vazifani so‘rash va o‘tilgan mavzuni takrorlash. O‘tilgan mavzuni so‘rash uchun o‘quvchilarga quyidagi savollar orqali murojaat etish mumkin.

O‘qituvchi: — Bolajonlar! 2015— yilga qanday nom berildi?

O‘quvchilar: — «Keksalarni e’zozlash yili».

O‘qituvchi: — Keksalarni e’zozlash deganda nimani tushunasiz?

O‘qituvchi klaster usulida javoblarni umumlashtiradi:

Har bir so‘z ma’nosi savol-javob tarzida tushuntiriladi.

— O‘lkamizda qanday fasl hukm surmoqda?

— Sumalak qanday taom?

— U nima uchun bahorning ilk kunlarida tayyorlanadi?

— Sumalak haqidagi rivoyatning mazmunini so‘zlab bering.

— Sumalak pishirish jarayoni haqida nimalarni bilasiz?

(Berilgan javoblar umumlashtiriladi. O‘quvchilar o‘zlari chizib kelgan rasmlarni ko‘rsatishadi. Mavzu mustahkamlanadi va xulosalanadi).

  1. Yangi mavzuni tushuntirish.

1. Qanday xalq o‘yinlarini bilasiz?

2. Ular orasida bahor faslida o‘ynaladigan o‘yinlarni ayting.

3. O‘zingiz sevgan o‘yin haqida so‘zlab bering.

4. Hozir qaysi o‘yindan namuna ko‘rsatib bera olasiz?

O‘quvchilar yuqoridagi savollarga javob bergach, krossvord ishlaydilar, keyin xalq o‘yinlari haqida qisqacha ma’lumot o‘qib eshittiriladi. Bu jarayonda mavzuga oid rasmlar, slaydlardan foydalanish mumkin. Mavzuni tushuntirish mobaynida o‘qituvchi o‘yin shunchaki ermak yoki vaqt o‘tkazish uchun o‘ynalmasligi, u orqali bolalarda chaqqonlik, tez fikrlash, to‘g‘ri qaror qilish ko‘nikmalari shakllanishi, do‘stlik, halollik, mardlik kabi fazilatlar kamol topishini tushuntirib beradi.

Masalan: o‘yinda ko‘p arazlaydigan yoki g‘irromlik qiladigan bolalar bilan o‘ynash o‘rtoqlari uchun maroqli bo‘lmaydi va u vaqt o‘tishi bilan yakkalanib qoladi. Bu esa yoqimsiz holat. Shu bois, arazchi va g‘irromchi bola ham boshqalarga yon berishga va o‘zidagi yomon odatlardan voz kechishga majbur bo‘ladi. O‘yinlar chog‘i orttirilgan ko‘nikmalar, kamol topgan fazilatlar insonga hayoti davomida ko‘p asqotadi.

O‘qituvchi o‘quvchilarni 2 guruhga bo‘ladi. Krossvordni topish orqali guruhlarga ball qo‘yiladi.

«Tez aytish» va «Oq terakmi — ko‘k terak» o‘yinlari o‘rgatiladi.

  1. Yangi mavzuni mustahkamlash.

Jami o‘yinlar haqida yana quyidagi savol-javob o‘tkaziladi va guruhlar bellashadi.

1. Bolalar uchun harakatli o‘yinlar nima uchun kerak?

2. Siz o‘rtoqlaringiz bilan qanday o‘yinlarni o‘ynaysiz?

3. O‘yin chog‘ida g‘irromlik qilgan, arazlagan bolalarga munosabatingiz qanday?

4. O‘yinda mag‘lub bo‘lishga sabab nima?

O‘quvchilar guruhining javobi hisobga olinadi.

  1. Darsga yakun yasash va baholash.

Dars yakunida o‘quvchilar xalq o‘yinlari haqida ma’lumotga ega bo‘ladi. Harakatli o‘yinlarning inson salomatligi va ma’naviy kamolotiga ijobiy ta’sir etishini bilib oladi.

O‘quvchilar darsda ishtiroki va faolligiga ko‘ra baholanadi.

  1. Uyga vazifa. Darslikdan matnni o‘zlashtirish. Abdulla Qahhorning «O‘tmishdan ertaklar» qissasidan olingan «Oq terakmi — ko‘k terak» matnini o‘qib, o‘rganib kelish.

Muhabbat ShAMAYeVA,

Surxondaryo viloyati Qiziriq
tumanidagi 49- maktabning
boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi

Add comment


Security code
Refresh