«Pp» HARFI VA  «Pp» TOVUSHI

«Pp» HARFI VA  «Pp» TOVUSHI

«Pp» HARFI VA  «Pp» TOVUSHI

Darsning maqsadlari:

ta’limiy: o‘quvchilarni «Pp» tovushi va «Pp» harfi bilan tanishtirish, talaffuzini o‘rgatish, p ishtirok etgan so‘zlarni mustaqil o‘qiy olishga o‘rgatish, so‘zlarni to‘g‘ri  bo‘gʻinga bo‘lish  ko‘nikma va malakasini shakllantirish. Darslikdagi «Kapalak bilan asalari» matniga o‘qituvchi ritmik sanog‘i asosida so‘zlarni bo‘gʻinlarga oy shaklining yotiq holatini to‘gʻri chizish orqali bo‘g‘inlab o‘qishga o‘rgatish.

FK-1: O, N, A, I, M, T, L, B, K, R, O‘, D, U, Y, E, G, Ng, S, H, Sh harflarini taniy oladi, ular ishtirokidagi so‘zlarni mustaqil o‘qiy oladi, ma’nosini tushuna oladi;

tarbiyaviy: o‘quvchilarni odob-axloq qoidalariga o‘rgatish, kattalarga hurmatda bo‘lish, boshqalar mehnatini qadrlashga o‘rgatish.

TK-6: oilada nechta odam borligini, kim katta-yu, kim kichikligini bilishi;

rivojlantiruvchi: o‘quvchilarning so‘z boyligini ­oshirish. Og‘zaki nutqini rivojlantirish, kichik-kichik matn­lar tuzishga o‘rgatish.

FK-2: o‘zbek tilida nutq tovushlarini to‘g‘ri qo‘llay oladi.

Dars turi: yangi bilim va tushunchalar beruvchi dars.

Dars metodi: savol-javob, jamoa bilan ishlash, tushuntirish, aqliy hujum, «Kim to‘g‘ri o‘qiydi?» musobaqasi, multimedia asosida «Harfni top!» o‘yini, «Bo‘g‘in chizma» metodi.

Dars jihozi: mavzuga oid rasmlar, tarqatmalar, «5» tashabbusga oid ko‘rgazmalar, rag‘bat kartochkalari, tayyorlangan video dars dasturi, magnit doska, «p» tovushiga oid multimedia darsi,  chizg‘ich, qora qalam.

Darsning borishi.

  1. Tashkiliy qism:
  2. a) salomlashish;
  3. b) davomatni aniqlash;
  4. d) ma’naviyat daqiqasi.

Navbatchilar yordamida sana aniqlanadi va fasl haqida suhbat uyushtiriladi:

– Hozir qaysi fasl?    (Kuz)

– Kuzning qanday belgilari bor?

– Bu faslda tabiatda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?

Bolalar javobi eshitilgach, fikrlar xulosalanadi va dars qoidalari e’lon qilinadi:

Doimgidek darsimiz musobaqa tarzida bo‘ladi. Har bir qator  alohida-alohida guruhlarga ajratib nomlanadi. Har bir shartni bajargan o‘quvchi bittadan a’lo – yulduzcha, yaxshi – to‘g‘ri to‘rtburchak, qoniqarli – uchburchak rag‘batlaridan biriga ega bo‘ladi va dars oxirida rag‘batlar sanalib, g‘olib guruh aniqlanadi. Sinf bo‘yicha eng ko‘p yulduzcha rag‘batiga ega bo‘lgan o‘quvchiga «Eng bilimdon» ragʻbat kartochkasi beriladi.

  1. O‘tgan mavzuni so‘rash va mustahkamlash.
  2. Oldingi darsda o‘tilgan harf yuzasidan savol-javob o‘tkaziladi.

– O‘tgan darsda qanday harf bilan tanishgan edik?

– «Sh» qanday tovush?

– Nega undosh?

– Belgilarini ayting (Sh ko‘rgazmada ko‘k rangda yozilgan, uni talaffuz qilishda cho‘zib aytilmaydi, Sh ni talaffuz qilganda ichimizdan chiqayotgan havo to‘siqqa uchrayapti).

– Sh tovushini  nega  harf  birikma  degan edik?

– Sh bilan boshlangan so‘zlardan aytish musobaqasi o‘tkaziladi.

  1. O‘tgan darsda o‘rganilgan matn va so‘zlar bolalar tomonidan «zanjir» usulida o‘qiladi. O‘quvchilar «Bo‘gʻin chizma» metodi orqali o‘qitiladi. Aʼlo o‘qigan o‘quvchilarga yulduzcha shaklidagi kartochka beriladi. Yaxshi o‘qigan o‘quvchilarga esa to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi tarqatma beriladi. Qoniqarli o‘qigan o‘quvchilarga uchburchak uzatilib, uyga vazifa shu orqali tekshiriladi.

III.  Yangi  mavzu  bayoni:  «Pp»  tovushi  va «Pp» harfi.

  1. Dars boshlashdan oldin bolalarga oldindan tayyorlangan video dars qo‘yib beriladi. Undagi topishmoq orqali yangi mavzu aniqlanadi:

Paxtada bor, gʻo‘zada yo‘q.

Javob: «P» harfi va «P» tovushi.

Ekranda  «Pp» harfi ko‘rsatilib, uning bosma va yozma shakli tushuntiriladi:

– «P» tovushini talaffuz qilganimizda ichimizdan chiqayotgan havo to‘siqqa uchraydi, shu sababdan undosh tovushlar  qatoriga  kiritamiz.

– «P» tovushi qisqa  talaffuz  qilinadi.

O‘quvchilarga  bo‘gʻin, so‘z, matnli tarqatmalar tarqatiladi va chizg‘ich, qora qalam yordamida bo‘gʻin chizmasi chizdiriladi.

  1. Bo‘gʻin chizmasini birgalikda chizish va birgalikda bo‘gʻinlab talaffuz qilish so‘raladi.

  1. 3. O‘quvchilar «P» harfi va «P» tovushi qatnashgan so‘zlar bilan tanishadilar va o‘qituvchi yordamida bo‘gʻin chizmasi chizdiriladi.

  1. Rasmdagi qarsak yordamida so‘zlarni bo‘gʻinga bo‘lishni o‘rgatish.

  1. Multimedia: «Sehrli harflar mamlakatiga sayohat» qilib, o‘rganilagan harflar talaffuzini takrorlash. Bo‘g‘inlar talaffuzini eshtish va takrorlash. O‘quvchilarga «Kapalak bilan asalari» matni asosidagi videolavha qo‘yib beriladi. Bolalardan video oxirida kapalak va asa­larining ijobiy va salbiy tomonlari haqida so‘raladi:

– Qaysi hasharot mehnatsevar ekan?

– Kapalak to‘gʻri ish qildimi?

– Nega oldin o‘yla, keyin so‘yla, dedi?

– Asalari keyin nima qildi?

  1. O‘quvchilar zanjir usulida tarqatmadagi matnni o‘qituvchi bilan birgalikda o‘qiydi, qora qalam yordamida bo‘gʻin chizmasini chizadi va burro talaffuz qilishadi.

   IV. Mustahkamlash.

Darslikdagi so‘zlarni navbat bilan o‘qish.

Bolalar so‘z va bo‘g‘inlarni navbat bilan o‘qishadi.

O‘quvchilar bilimlarini tekshirish:

«Harfni top» o‘yini

Multimedia orqali bajariladi. Delfin, baliq, paxta, ninachi rasmlaridagi so‘zlarning bosh harfini topadilar.

V. Darsni yakunlash va dars jarayonida faol qatnashgan o‘quvchilarni rag‘batlantirish.

– Prezidentimiz ilgari surayotgan 5 ta tashabbus haqida nimalarni bildingiz?

Bolalar 5 ta muhim tashabbus haqida dars boshida eshitgan ma’lumotlarini yodga olishadi.

– Bolalar, bizga berilayotgan imkoniyatlardan qanday foydalanish kerak?

– Siz nimalar qilmoqchisiz?

Demak, biz yaxshi o‘qib, Vatanimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shamiz va ota-onamiz ishonchini oqlaymiz!

O‘quvchilarning dars davomida to‘plagan rag‘bat kartochkalari sanaladi. Qaysi guruh ko‘p yulduzcha to‘plagani e’lon qilinadi. Haftalik individual to‘plangan rag‘bat kartochkalari hafta oxirida matematika, ona tili va o‘qish savodxonligi fanlaridan berib borilgan bo‘lib, har bir o‘quvchi­ning yiqqan rag‘bati hisoblanadi va eng ko‘p yulduzcha yiqqan o‘quvchi topiladi.  Unga «Eng bilimdon» o‘quvchi unvoni  bir haftaga beriladi.

VI. Uyga vazifa.

«Pp» tovushi va «Pp» harfini takrorlash, darsligimizdagi 48- sahifani yaxshilab bo‘gʻin asosida o‘qib kelish.

 

Nargiza XOLBOYEVA,

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rgʻon tumanidagi

37- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish