«ANTIVIRUS» DIDAKTIK O‘YINI
O‘yinning maqsadlari:
• bolalarda shaxsiy gigiyena ko‘nikmalarini shakllantirish;
• virus va kasalliklar haqida sodda tushuncha berish;
• gigiyena qoidalariga rioya qilishning foydasini anglatish;
• bolalarni faol fikrlashga va jamoada ishlashga o‘rgatish.
Ishtirokchilar: 1- sinf o‘quvchilari.
O‘yin davomiyligi: 15–20 daqiqa.
Kerakli jihozlar:
• plastilindan tayyorlangan yumaloq koptokcha(virus tanasi sifatida);
• rangli plastilindan yasalgan shoxchalar(chilcho‘p yoki tish cho‘piga plastilin boshcha qo‘yiladi);
• gigiyena rasmlari yoki belgilari(ixtiyoriy).
O‘yin borishi:
Boshlanish qismi.
Ustoz bolalarga savol beradi: «Bolajonlar, virus degani nima ekanini bilasizmi? Ular qayerlarda yashaydi?»
Ustoz virus haqida oddiy, bolalarga tushunarli qilib tushuntiradi:
• virus ko‘zga ko‘rinmaydi;
• u kir qo‘llarda, eshik tutqichlarida, koptokda, telefonlarda bo‘lishi mumkin;
• u bizni kasal qiladi.
Guruhlarga bo‘linish.
Bolalar uchta guruhga ajratiladi. Har bir guruhga plastilindan yasalgan virus shoxchalari beriladi.
Markazga esa «Virus tanasi» sifatida plastilinli koptokcha qo‘yiladi.
Savol-javob bosqichi.
1- guruh savoli:
«Viruslar qayerlarda uchraydi?»
Misol javoblar: eshik ushlagichida, qo‘limizda, koptokda, kitobda, ruchkada va hokazo.
• Har bir to‘g‘ri javob uchun guruh koptokchaga bitta shoxcha sanchadi.
• Shu tariqa virus kattalashib boradi.
2- guruh savoli:
«Virusning qanday xislatlari bor?»
Misol javoblar: yovuz, kasallik tarqatuvchi, yomon niyatli, qo‘rqinchli va hokazo.
• Har bir javobda yana bitta shoxcha sanchiladi.
• Bolalar «virus»ning qanday ko‘payishini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.
3- guruh savoli:
«Viruslar oqibatida nimalar bo‘lishi mumkin?»
Misol javoblar: isitma ko‘tariladi, yo‘tal, bosh og‘riq, ich og‘riq, gripp, ko‘z og‘riq va hokazo.
• Javob berilgach, yana shoxchalar qo‘shiladi.

Antivirus bosqichi.
Endi ustoz bolalarga tushuntiradi: «Endi virusni yo‘qotishimiz kerak! Buning uchun biz antivirus bo‘lishimiz lozim!».
Savol: «Virusga qarshi nimalar qila olamiz?»
Misol javoblar:
• qo‘llarimizni sovun bilan yuvamiz;
• shaxsiy gigiyenaga amal qilamiz;
• meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvamiz;
• uyimizni toza tutamiz;
• burun, og‘iz, yuzimizni toza saqlaymiz.
Har bir to‘g‘ri javobdan keyin virus shoxchalarining bittasi sug‘urib olinadi. Oxirida koptokcha butunlay tozalangan holatda qoladi – bu sog‘lomlik va gigiyena ramzi hisoblanadi.
Mavzuga oid she’r.
Ustoz:
Taomdan avval qo‘lni,
Yuvsangiz sog‘ bo‘lasiz.
Taomdan keyin qo‘lni,
Yuvsangiz boy bo‘lasiz.
Bu hikmatning mag‘zini,
Chaqsangiz jon bolalar.
Ulg‘ayasiz, kelajakka
Kerakli sog‘ bolalar.
Shaxsiy gigiyenaga,
Amal qilib yursangiz.
Yuz-u qo‘llaringizni,
Tez-tez yuvib tursangiz.
Bolalar(jo‘r bo‘lib):
Qo‘llarimizni doim,
Toza yuvib yuramiz.
Shaxsiy gigiyenaga,
Doim amal qilamiz.
Natija:
• bolalar virus va gigiyena haqida tushuncha oladi;
• har bir bola o‘yinda faol ishtirok etadi;
• jamoada ishlash, navbat bilan gapirish, sog‘lom turmush tarzini tushunish ko‘nikmasi shakllanadi.
Tarbiyaviy ahamiyati:
O‘yin bolalarda tozalik va gigiyena madaniyatini shakllantirish, sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Ular virus bilan kurashish uchun eng muhim qurol – tozalik ekanini anglaydilar.



Gulbahor SAMADOVA,
Jizzax shahridagi
22- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
