YANGI O‘ZBEKISTONNING AVLODLARI

YANGI O‘ZBEKISTONNING AVLODLARI

YANGI O‘ZBEKISTONNING AVLODLARI

(Sahna bayramona bezatilgan)

O‘qituvchi: – Assalom azizlar, muhtaram zotlar,
Tashrif uchun rahmat diydor g‘animat.
Bu damlar g‘animat, umr g‘animat,
So‘zimiz  boshlashga eting ijozat.
Assalomu alaykum, ta’limning jonkuyar ustozlari, matonatli otalar, mehribon otalar. Bugungi «Yangi O‘zbekistonning avlodlarimiz» nomli tadbirimizga xush kelibsizlar!
Qo‘limdan kelgancha, aylab ta’rifin,
O‘quvchilarimizning qilib hurmatin.
Taklif etmoqlikka berasiz ruxsat,
Qarsak urib turing, mehribonlarim!
(Musiqa sadolari ostida sahnaga bayram ishtirokchilari chiqib keladi.)
1- o‘quvchi: – Assalom, ey ahli donishlar, salom,
Mehri ummon, qalbi quyoshlar, salom.
Qo‘llar ko‘ksimizda, dermiz xush kalom,
Aziz ustozlarim, salom, assalom!
2- o‘quvchi: – Salom sizga, onajonlar,
Parvonasiz bizlarga,
Shodligimiz sheriklari,
Bizday o‘g‘il-qizlarga.
3- o‘quvchi: – Mehri daryo oftob bo‘lgan,
Har so‘zi bir kitob bo‘lgan.
Qilgan ishi savob bo‘lgan,
Otajonlar, assalom.
4- o‘quvchi: – Biz O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz. Tantanali onlarimizda yangraydigan madhiyamiz bizning g‘urur va iftixorimizdir.
Assalom, ona yurt, tonglar o‘lkasi
Ta’rif-tavsifingning yo‘q nihoyasi.
Senga bag‘ishlanur muqaddas qo‘shiq,
Bu o‘zbek elining o‘z madhiyasi!
(O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi ijro etiladi).
5- o‘quvchi: – Bugun bizlar barkamol avlod,
Shu vatanning suyanch, ardog‘i.
Azim chinor bo‘lsa, gar Vatan,
Bizlar uning ko‘rki, yaprog‘i.
6- o‘quvchi: – Mag‘rur dilda muqaddas maqsad,
Shu vatanning koriga yarash.
Va shuuriga bosilgan farah,
Tiniq fitrat, keng dunyoqarash.
7- o‘quvchi: – Biz hech kimdan kam emasmiz,
Kam bo‘lmaymiz, illo hech qachon.
Biz birdammiz, sofdil qadammiz,
Ortimizda Vatan jonajon.
8- o‘quvchi: – Xalqim orzu-niyati,
Dilga quvonch soladi.
Bayrog‘imiz dunyo uzra,
Yurtga dovrug‘ soladi.
9- o‘quvchi: – Tamg‘amizda buyuklik,
Aks etgandir biling siz.
Humo qushi yetaklar,
Maqsad sari bilingiz.
Hamma:
Biz barkamol, o‘ktam avlodmiz,
Kelajagi buyuk davlatmiz!
«Baxtli yoshlar» qo‘shig‘i
10- o‘quvchi: – Onajonim issiq bag‘ri Vatanligin bilaman,
Otam mehri, qaynoq tafti Vatanligin bilaman.
O‘z bag‘rida ulug‘lagan beshik menga Vatandir,
Shu yurtning ostonasi, beshik menga Vatandir.
11- o‘quvchi: – Ilk bor dunyo tanitgan maktabim – menga Vatan,
Doim hamjihat – hamkor-mahallam menga Vatan.
Jannatlarga alishmam, qishlog‘im ul chamandir
Nozi ne’matlarga kon O‘zbekiston – Vatandir!
12- o‘quvchi: – Shu yurtning muqaddas gul tup­rog‘ida,
Ne-ne azizlarning qadami tekkan.
Buyuk bobolarning buyuk ishlari,
Ta’rifi Mag‘ribdan Mashriqqa ketgan.
13- o‘quvchi: – Tanamdagi yetmish ikki tomirda,
To‘maris momomning jo‘shqin qoni bor.
Nodira, Uvaysiy, Zebunisoning,
Ruhlari bizlarga doim madadkor.
14- o‘quvchi: – Ibn Sino bobom yozgan hidoyat,
Barchani ezgulik sari chorlaydi.
Vatanni sevgan har bir insonni,
Bobomning ruhlari doim qo‘llaydi.
15 – o‘quvchi: – Xalqi uchun istiqlol, ozodlig-u erk bergan,
Yurtning farzandlarini o‘z bolasiday sevgan.
Buyuk Turon ishqida doim yonib yashagan,
Vatanparvar bo‘lishni Yurtboshimizdan o‘rgan.
«Diyor madhi» qo‘shig‘i
16- o‘quvchi: – Ey, umrim javhari, davlatim, Otam,
Dillari quyoshdur, mehribon Otam.
Sizga izdoshdurman abadul-abad,
Shul sabab ko‘nglim shod g‘ururim, Otam.
17- o‘quvchi: – Bu dunyo sinovli, yolg‘onchi dunyo,
O‘tgaydur umrlar misoli daryo
Do‘st degan ulfatim bo‘lsa-da, ammo
Bo‘lolmas siz kabi dardkashim, Otam.
18- o‘quvchi: – Bog‘ ichra gurkirar chamanzor ravon,
Tinmagay har nafas mehnatkash bog‘bon.
Mehnat ila ayladiz siz meni inson,
Siz mening qo‘li gul bog‘bonim, Otam.
19- o‘quvchi: – Bilsangiz, yurarman osmonda doim,
Siz borsiz, omondur ko‘kdagi boshim.
Shubha yo‘q aytarman har yerda so‘zim,
Tog‘ kabi sarviqor osmonim, Otam.
20- o‘quvchi: – Joningizga jon bo‘lolmas afsus bu jonim,
Bo‘lsa edi berardim sizga bor umrim.
Inshaalloh, ko‘rgaysiz gullagan bog‘im,
Nuri ila yoritgan jahonim, Otam!
21- o‘quvchi; – Yelkangiz o‘parkan quyosh ham bota,
Qarshilab barchani bir-bir uyg‘ota.
Bolangiz ko‘ngliga paxtadan yumshoq,
Temirdan qattiqroq qalqonim, Otam!
22- o‘quvchi: – Mehribon, xushzabon, ko‘ngli oppog‘im,
So‘zlari shirindur, qalbi yumshog‘im.
Dilimga g‘am qayg‘u, o‘rnashgan onim,
Ko‘nglimni ko‘targan mehribon Onam,
Barchadan mehribon, farishtam Onam!
23- o‘quvchi: – Dard kelsa yengasiz, bizga bildirmay,
Bizni kuldirarsiz, o‘zingiz kulmay.
O‘zingiz u joyga, bir bora bormay,
Xoji inson bo‘l deb, duo qilganim,
Barchadan mehribon, farishtam Onam!
24- o‘quvchi: – Dardingiz olayin, munis onajon,
G‘am ko‘rmang, yuzingiz kulsin onajon,
Bizning baxtimizga sog‘ bo‘ling har on.
Ozgina dard ko‘rsam, doim parvonam,
Barchaga mehribon, farishtam Onam!
25- o‘quvchi: – Yig‘lamangiz chidolmayman, ey Onam,
Siz keragim, siz munisam, farishtam.
Xizmatingiz ayting tayyorman har dam,
Barchani ko‘ngliga, yo‘l topgan Onam,
Farzandiga mehribon farishtam, Onam!
Ekranda «otam – davlatim, Onam – jannatim” mavzusida bolajonlarning ota-onalariga aytilgan dil nomalari tasvirga olingan rolik ko‘rsatiladi.
OTA-ONA HAQIDA QO‘SHIQ!
26- o‘quvchi: – O‘z farzandi, bolasiday,
Mehrin bergan ustozga.
Ko‘p rahmatlar keltiramiz,
Sizday mehri mumtozga.
37- o‘quvchi: – Oramizdan bir kun chiqar,
Tabib, olim, muallim.
Barchasining poydevori,
Erur siz bergan bilim.
38- o‘quvchi: – Bir kun o‘sib ulga’aysak ham,
Katta odam bo‘lsak ham,
Sizday aziz ustozimiz,
Unutmaymiz sira ham!
39- o‘quvchi: – Siz o‘rgatgan o‘gitlarni,
Dilimizga joylaymiz.
Ona yurtning xizmatiga,
Belni mahkam boylaymiz.
XOR:
Ming tashakkur, ming bor rahmat,
Sizga, aziz ustozim.
Bir umrga biz shogirdlar,
Qilurmiz sizga ta’zim!
RAQSLAR GULDASTASI KETMA-KETLIGI:
1. «Bahor» raqsi
2. «Do‘ppi» raqsi
3. «Qizlarjon» raqsi
4. «Popuri» raqs
5. «Askar» raqsi.
Raqslardan so‘ng «O‘zbekiston» qo‘shig‘i ijro etiladi.

Ulbike SIZDIKOVA,
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi
9- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish