Maqtov bolani buzadimi?
Mijoz bilan ishlashda ruhshunoslar ko‘pincha uning ota-onasi bilan munosabati, bolalikdagi qalb jarohatlari bilan qiziqadi. Bu bejiz emas. Har bir ota-ona o‘zi bilib-bilmay farzandi ongiga uning kelajagiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qarashlarni, fikrlash tarzini singdiradi. U yoki bu vaziyatga bo‘lgan munosabat ko‘pincha odamning muvaffaqiyatga erishishi yoki erishmasligi, muammolarni qay darajada hal etishi, o‘ziga bo‘lgan bahosini belgilab beradi.
Yaqinda qo‘limga shaxs psixologiyasi va ijtimoiy psixologiya sohasidagi tadqiqotlari bilan tanilgan Kerol Duekning «Moslashuvchan ong: kattalar va bolalar rivojlanishi psixologiyasiga yangicha nazar» kitobi tushib qoldi. U odamlar ongidagi «ustanovka»ga qarab ikki turga bo‘linishini aytadi: kimdir o‘zidagi imkoniyat va qobiliyatlardan ortig‘ini qila olmayman, deb o‘ylasa, boshqalar, har doim o‘z ustida ishlash orqali mukammallikka erishish mumkinligiga ishonadi. Taniqli sportchilar, san’atkorlar, yirik kompaniya rahbarlari hayotini o‘rgangach, muallif ularning hammasi ham tug‘ma iste’dod sohibi bo‘lmagani, ko‘p hollarda ular muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng kuchsiz tomonlariga e’tibor qaratib, o‘z ustida qayta va qayta ishlaganini ta’kidlaydi. O‘z xatolarini anglab, yana maydonga tusha olish qobiliyati ularning o‘z yo‘nalishida tengi yo‘q odamga aylanishiga yordam bergan.
Bolani maqtash yoki maqtamaslik borasidagi ikkilanish hamma ota-onalarda bo‘lsa kerak. 90-yillarda tug‘ilib, voyaga etgan davr vakili sifatida aytishim mumkinki, ota-onam meni yutuqlarim uchun ortiqcha maqtashmagan. Biroq, hozirgi bolalar maqtovlarga ko‘nikkan. Go‘daklik paytidanoq, tuvakka «tutush» qilgani, qaysidir so‘zni ayta boshlagani, birinchi qadamlarni qo‘ygani uchun bolalarimizni olqishlab, maqtashga kirishamiz. Ammo psixologlar maqtovda ham me’yor bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Hech qaysi ota-ona «farzandimning o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytirish uchun nima qilsam ekan, qanday qilib, o‘qish va mashg‘ulotlardan bezdirsam ekan», deya fikrlamaydi. Ammo ularning «rag‘batlantiruvchi» baholari, ko‘rsatmalari, motivatsiya berish usullari bola tomonidan ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin.
Aslida bizning har qanday gapimiz yoki xatti-harakatimiz bola uchun qandaydir tagma’noga ega bo‘ladi. U bolalarga o‘zini qanday qabul qilish kerakligini bildiradi. Sizning har bir so‘zingiz bola tomonidan «Sening sifatlaring o‘zgarmas va men ularni baholayman» qabilida talqin qilinishi yoki «Sen doimiy ravishda rivojlanib borasan va men sening rivojlanishingni xohlayman» kabi ma’noda tushunilishi mumkin.
«Aslida tashqaridan keluvchi har bir axborotga nisbatan ta’sirchanlik hissi bizni har doim ta’qib etadi, – deb yozadi Kerol Duek. – Bir necha yil avval turmush o‘rtog‘im bilan ikki haftaga Fransiya janubi, Provansga bordik. Hamma biz bilan yaxshi muomalada bo‘ldi, tavoze’ va saxiylik ko‘rsatdi. Sayohatimizning oxirgi kunida esa Italiyaga borib, tushlik qildik. Kichik oilaviy restoranda stolcha atrofida o‘tirganimizda men o‘zimga nisbatan shu qadar samimiy va ta’sirli g‘amxo‘rlikni his qildimki, ko‘zimga yosh keldi. Bilasizmi, – dedim Devidga, – Fransiyada sizga haddan tashqari takalluf bilan muomalada bo‘lishsa, o‘zingizni imtihon qilinayotgandek sezasiz. Italiyada esa hech qanday imtihon yo‘q.
Bor narsaga diqqat qaratadigan ota-ona va o‘qituvchilar fransuzlarga, bolani o‘sishga yo‘naltiradiganlar esa italiyaliklarga o‘xshaydi».
Keling, keng tarqalgan maqtovlar zamiridagi tagma’nolarni anglashga urinib ko‘ramiz:
«Sen juda aqllisan, chunki darsni juda tez o‘rganib olding!»
«Bu suratga bir qara, onasi, o‘g‘limiz ikkinchi Pikassoning o‘zginasi!»
«O‘zimning aqlligim, dars qilmay turib ham besh olibsan!»
Agar siz aksariyat ota-onalardek fikrlasangiz, bu jumlalarda bolani qo‘llab-quvvatlash va uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan mohiyatni ilg‘aysiz. Biroq, diqqat bilan mulohaza qilganda, buning zamirida boshqacha ma’no anglash mumkinligini ham tushunasiz.
Mana, shu kabi jumlalarni eshitgan bola ularni qanday qabul qiladi:
«Agar darsni tez o‘rganmasam, demak aqlli bo‘lmas ekanman»
«Bundan murakkabroq suratlarni chizmasligim kerak, aks holda ota-onam Pikasso emasligimni bilib qoladi»
«Uyda dars qilmasam ham bo‘ladi, aks holda ota-onam meni aqlli deb o‘ylamay qo‘yadi».
Bularni qayerdan bilaman? Esingizdami, ota-onalar farzandlariga ishonch bag‘ishlash va ularni yuksak yutuqlar sari undash uchun ularni maqtovlar bilan ko‘mib tashlashi haqida aytgandim? «Sen juda aqllisan! Sen iqtidorlisan! Sen tug‘ma sportchisan!» Va shunda o‘ylab qoldim, o‘zi haqida shu maqtovlarga tayanib xulosa chiqaradigan bola muvaffaqiyatsizliklar qarshisida juda ojiz bo‘ladi. Ular shundoq ham bor e’tiborini o‘zlaridagi sifatlarga qaratgan. Bu holatda ularning aqliy salohiyati va iqtidorini ko‘klarga ko‘tarish vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin, shunday emasmi?
Shuning uchun biz bu masalani o‘rganishga kirishdik. Bir necha yuzlab bolalar ishtirokida yettita tadqiqot o‘tkazib, avvallari men kam duch kelgan aniq hamda yakdil xulosalarga keldik. Umumiy natija shuki, bolalar intellektiga qaratilgan maqtov ularning motivatsiyasini pasaytiradi va natijalarini tushiradi.
Albatta, bolalar maqtovni yaxshi ko‘rishadi. Va, ayniqsa, bolalarga ularni intellekti va iqtidori uchun maqtashlari yoqadi. Bu chindan ularning kayfiyatini ko‘taradi. Biroq bu quvonch uzoqa cho‘zilmaydi: qandaydir qiyinchilikka duch kelishdi, deguncha, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi shu zahoti yo‘qolib, motivatsiyadan asar ham qolmaydi. Agar muvaffaqiyat ularning aqlliligi belgisi bo‘lsa, mag‘lubiyat ularning talqinida axmoqligi tasdig‘idek ko‘rinadi.
Ota-onalar farzandiga maqtov yog‘dirish orqali unga doimiy o‘ziga ishonch hissini bera olaman, deb o‘ylaydi. Go‘yoki uni sovg‘a kabi bolaning qo‘liga tutqazishadi. Ammo bunday yondashuv nafaqat ish bermaydi, balki aks ta’sirni keltirib chiqarishi ham mumkin. Doimiy maqtov eshitib yurgan bola biror qiyinchilik yuzaga kelsa yoki nimadir rejadagidek bo‘lmasa, o‘zidan shubhalana boshlaydi. Agar ota-onalar farzandiga sovg‘a bermoqchi bo‘lsa, bu ularni sinovlarni yaxshi ko‘rish, qiyinroq vazifalarni xursandchilik bilan qabul qilish va hech qachon o‘rganishdan to‘xtamaslikka o‘rgatishdir. Faqat shundagina ularning farzandlari maqtovga qul bo‘lib qolishmaydi. Faqat shundagina ular bir umrlik yo‘l o‘ziga bo‘lgan ishonchga mustaqil ravishda ega bo‘lish va uni yo‘qotmaslik sari yo‘lni topishadi.
Bu bolalarimizning yutuqlaridan hayratlanmaslik va buning uchun ularni maqtamaslik kerakligini anglatmaydi. SHunchaki biz ma’lum turdagi ularning aqli yoki iqtidoriga baho beradigan maqtovlardan uzoqroq bo‘lishimiz kerak. Maqtov orqali biz bolaning (o‘zgarmas) aqli yoki iqtidori emas, qilgan mehnatidan hayratlanayotganimizni bildirish muhim.
Bolalarni o‘sishga yo‘naltirilgan jarayon ular mashq, o‘qish, qat’iyat va to‘g‘ri strategiyani tanlash orqali erishgan muvaffaqiyat uchun istagancha maqtashimiz mumkin. Masalan,
«Sen testga rostdan ham qattiq tayyorlanding va baholaring yaxshilangani buni tasdiqlaydi. Sen materialni bir necha marotaba o‘qib chiqding, muhim narsalarga e’tibor qaratding va barcha nazorat savollariga javob berding. Barakalla!»
«Menga ushbu matematik masalaning barcha mavjud yechimlarini ko‘rib chiqib, ular orasidan yagona to‘g‘risini topganing yoqdi!»
«Men fizika darsidan bu murakkab loyihani tanlaganingdan xursandman. Boshida oson bo‘lmaydi: tadqiqot o‘tkazish, apparatni loyihalashtirish, kerakli qismlarni sotib olish va uni yig‘ish kerak. Ammo bu jarayonda ko‘p yangi narsalarni bilib olasan!»
«Bilaman, maktabda ko‘p fanlar senga oson tuyuladi, sen o‘zingni aqlli deb hisoblashga o‘rgangansan. Ammo hali miyangdagi bor imkoniyatlarni ishga solganing yo‘q. Va men katta qiziqish bilan o‘z qobiliyatlaringni rivojlantirish uchun chindan ham murakkab fanlarni o‘rgana boshlaganingni qiziqish bilan kuzatyapman».
«Bu uyga vazifa juda katta va qiyin. Men uning ustida diqqatingni jamlab ishlaganing va oxirigacha bajarganingdan hayratdaman!»
«Bu suratdagi ranglar juda chiroyli ekan. Nega ulardan foydalanganingni aytib bera olasanmi?»
«Har bir odamning o‘qish jarayoni har xil kechadi. Sen uchun eng mos bo‘lgan taktikani qidirishda davom etamiz».
(Bu usul ta’lim jarayonida qiynalayotgan bolalar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha kuchli ishtiyoqdan ko‘ra, aynan shu bolaga mos metodikani topish muhimdir).
Butun umr bolalar bilan ishlagan tarbiya bo‘yicha ekspert Xaim Ginott shunday xulosaga kelgan: «Maqtov bolaning shaxsiy sifatlari emas, uning harakati va yutuqlariga qaratilgan bo‘lishi kerak».
Shunday ekan, farzandlarimiz bilan ularga nimanidir aytishdan tashqari, ularning ichidagini bilish uchun ham ko‘proq gaplashib turish foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunonchi, ular voyaga etib, katta hayotga qadam qo‘yganida birinchi muvaffaqiyatsizlik yoki rahbarning dakkisi uning o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindirmasin.
Visola Qarshiboeva,
jurnalist.