VALONTYORLIK HARAKATINI  BOSHLANG‘ICH SINFLARDA  SHAKLLANTIRISH

VALONTYORLIK HARAKATINI BOSHLANG‘ICH SINFLARDA SHAKLLANTIRISH

VALONTYORLIK HARAKATINI BOSHLANG‘ICH SINFLARDA SHAKLLANTIRISH

 

Volontyorlik – bu odamning o‘z ixtiyori bilan, pul yoki boshqa moddiy mukofot kutmasdan, jamiyat, atrof-muhit va boshqalarga yordam berish uchun qiladigan faoliyatidir.

 

Masalan, volontyorlar ko‘ngilli ravishda xayriya tadbirlarida ishtirok etadi, bemorlarga g‘amxo‘rlik qiladi, tabiatni asraydi yoki ta’lim sohasida yordam ko‘rsatadi. Volontyorlik ko‘pincha insonparvarlik, jamoatchilik manfaatlari yoki shaxsiy tajriba ort­tirish maqsadida amalga oshiriladi.

Dunyoda har bir xalqning o‘ziga xos an’analari, milliy qadriyatlari bor. Lekin ayrim insoniy qadriyatlar borki, u faqat bitta xalqqa tegishli bo‘lmaydi. Biz buni umuminsoniy qadriyatlar deymiz.

Shunday qadriyatlardan biri bu elparvarlik va fidoyilikdir. Yillar davomida ularning rivojlanishi katta ijtimoiy harakat – volontyorlik harakatini vujudga keltirdi.
O‘quvchilarni yoshlikdan vo­lontyorlikka yo‘naltirish juda muhim va ijobiy ishdir. Bu orqali ular jamiyatga foydali bo‘lishni, mas’uliyatni va hamjihatlikni o‘rganadi. Buning uchun bir nechta samarali usullarni ko‘rib chiqamiz:
1. Ta’lim va ma’lumot berish:
– maktablarda volontyorlik haqida maxsus darslar yoki seminarlar tashkil qilish;
– volontyorlik nima ekanligi, ­uning jamiyatdagi ahamiyati va foydasi haqida o‘quvchilarga tushuntirish;
– mashhur volontyorlar haqida hayotiy misollar keltirish.
2. Amaliy tajriba yaratish:
– o‘quvchilarga kichik volontyorlik loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini berish(masalan, maktab hududini tozalash, kitob jamg‘armasi yaratish, yosh bolalarga yordam ko‘rsatish);
– o‘quvchilarni mahalliy jamg‘arma yoki tashkilotlar bilan bog‘lash.
3. Rag‘batlantirish va qo‘l­lab-quvvatlash:
– volontyorlikda faol qatnashgan o‘quvchilarni maktabda e’tirof etish, sertifikatlar berish;
– doimiy ravishda o‘quvchilarni rag‘batlantiradigan va ularni qo‘llab-quvvatlaydigan guruhlar yoki klub tashkil etish.
4. Oila va jamiyat bilan hamkorlik:
– ota-onalar va jamoatchilikni volontyorlik harakatlari haqida xabardor qilish, ularni ham jalb etish;
– volontyorlik faoliyatini jamoa uchun umumiy qadriyat sifatida shakllantirish.
5. Axborot texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar yordamida:
– ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar uchun volontyorlik bo‘yicha platformalar yaratish va faol targ‘ib qilish;
– onlayn volontyorlik loyihalariga jalb qilish.
Jismoniy kamchiligi bor o‘quv­chilarga volontyorlik orqali yordam berish – bu ularning ta’lim olish, ijtimoiy hayotga faolroq qo‘shilishlari va mustaqil bo‘lishlariga katta hissa qo‘shadi. Bunday yordam nafaqat moddiy yoki texnik tomondan, balki ruhiy va ijtimoiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

Volontyorlik orqali jismoniy kam­chiligi bor o‘quvchilarga yordam ko‘rsatish usullari:
1. Ta’lim jarayonida yordam:
– darslarda ularning ehtiyojlariga moslashtirilgan qo‘shimcha yordam berish(masalan, kitoblarni o‘qishda, yozishda);
– maxsus o‘quv materiallari va texnologiyalarni taqdim etishda ko‘maklashish.
2. Kundalik hayot va harakatda yordam:
– maktab va maktabdan tashqari joylarda harakat qilishda yordam berish (masalan, darsga kirishda, sinfxonaga borishda);
– maxsus jihozlar, stullar yoki boshqa kerakli asbob-uskunalarni joylashtirishda yordam berish.
3. Ijtimoiy integratsiya va do‘stona muhit yaratish:
– o‘quvchilarni jismoniy kamchiligi bor bolalar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga jalb qilish;
– ularni jamoaviy o‘yinlar va tadbirlarga qo‘shilishlari uchun rag‘batlantirish.
4. Ruhiy va motivatsion qo‘llab-quvvatlash:
– o‘quvchilar bilan do‘stona suhbatlar tashkil etish, motivatsion so‘zlar aytish, ular bilan birga vaqt o‘tkazish;
– ularni qiyinchiliklarga qaramay, o‘z imkoniyatlarini kengaytirishga undash.
5. Maxsus tadbirlar va lo­yihalar tashkil qilish:
– volontyorlar bilan birga ijtimoiy tadbirlar, o‘yin-kulgi va sport muso­baqalari o‘tkazish;
– maxsus ko‘ngilli yordamchi sifatida o‘quvchilarga individual e’tibor berish.
6. Oila va maktab hamkorligi:
– ota-onalar va maktab xodimlari bilan birga o‘quvchilarning ehtiyojlarini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash.
O‘quvchilarimda boshqalarga beminnat ko‘mak berish, jamiyatda faolliklarini oshirish, jipsla­shish, odob-axloq normalarini bilish, ezgu g‘oya ostida birlashish kabi ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida volontyorlik harakatiga birinchi qadamni qo‘ydik. Barchamiz birgalikda sobiq o‘quvchim – imkoniyati cheklangan, 1- guruh nogironi Ahmadxonova Muborakxonni borib yo‘qlab keldik. Uchrashuv hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Uyda zerikib o‘tirgan Muborakxon juda quvondi. O‘quvchilarimni zimdan kuzatarkanman, ularda mehr-shavqat, muruvvatlilikni ko‘rdim.

Bu loyihani yana davom ettirmoqchiman: volontyor sifatida boshqalarga xoh jismoniy, xoh ma’naviy ko‘mak bergan inson o‘z-o‘zini tarbiyalaydi, ishidan ruhiy kuch oladi, zavq­lanadi. Volontyorlik harakatidan foydalangan inson esa boshqalarga kerakligini his qiladi, motivatsiya oladi, hayotga inti­lishi oshadi.
Shunday ekan, biz ustozlar vo­lontyorlik harakatini o‘quvchilarimizga singdirishimiz kerak, deb hisob­layman. Zero mehr, oqibat yo‘qolib borayotgan bu shiddatli zamonda biz bunday harakatga muhtojmiz.

Dildora TURSUNOVA,
Toshloq tumanidagi
4- maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi.

Fikr bildirish