HOSIL BAYRAMI
Hosil bayramini xalqimiz qadim zamonlardan beri kuz faslida yig‘im-terim ishlari paytida nishonlab kelgan. Bu bayramda dehqonlar, bog‘bonlar, chorvadorlar, miroblar, cho‘ponlar bilan birga usta hunarmandlar, kosiblar, kulollar, hattoki, savdogarlar, ilm-u fan ulamolari ham ishtirok etgan. Chunki, yillik hosilning mo‘l-ko‘l bo‘lishi barchaning dasturxoni to‘kin, ro‘zg‘ori but, kasb-u korida qut-baraka bo‘lishining muhim omili sanalgan. Oradan qancha vaqt o‘tishiga qaramay, bu bayram tobora sayqallanib, hanuz nishonlanib kelinadi. Bu bayramda tabiat ne‘matlariga shukronalik, xalqimiz dasturxonining to‘kin bo‘lishini ta’minlaydigan mirishkor bog‘bon-u zahmatkash bobodehqonlarga hurmat o‘z aksini topgan.
Umumta’lim maktablarida sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda II chorak boshida ushbu bayramni barcha sinflar o‘rtasida o‘tkazish o‘quvchilarning fanga qiziqishini orttirish, tabiatni sevish va oqilona munosabatda bo‘lishga o‘rgatish bilan birga diyorimizda yetishtirilayotgan shirin-shakar meva va sabzavotlar xususiyatlari, salomatlikka ta’siri, sog‘lom turmush tarzini tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hosil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha sinflarda o‘quvchilar ijodiy ishlari-fotorasmlar, referatlar, shuningdek, yurtimizda kuz faslida yetishtiriladigan mevalar, sabzavot va poliz ekinlari, donli va dukkakli ekinlardan namunalar aks etgan ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Bayram tadbirini o‘quvchilar tomonidan tashkil etilgan kuy va qo‘shiqlar, she’rlar, qiziqarli viktorina savollari asosida tashkil etish mumkin.
1- boshlovchi:
– Assalomu alaykum, aziz ustozlar, muhtaram o‘quvchilar! Har yili an’anaviy o‘tkaziladigan Hosil bayramiga xush kelibsiz!
2- boshlovchi:
– Jannatmakon yurtimiz, betakror tabiatga ega ona zaminimiz turfa ne’matlaridan tashkil topgan bugungi yarmarkani ochiq deb e’lon qilamiz!
1- boshlovchi:
– Zavqi baland azamat paxtakor-u dehqonim,
Mo‘l hosildan to‘kindir dasturxonda but nonim,
Seni jahon tanidi, qadding rostla Turonim,
Kulib boqqin olamga, ozod O‘zbekistonim!
2- boshlovchi:
– Darhaqiqat, jannatmonand vatanimiz, tuprog‘i zar, suvi gavhar ona zaminimiz bag‘ridan rango-rang noz-u ne’matlar undirayotgan dasturxonlarimizni rizq-u ro‘zga to‘ldirgan bobodehqonlarga ming tasanno, ming ofarin!
1- boshlovchi:
– Davraga kechamiz qahramoni Dehqonboboni taklif etamiz!
(Davraga qo‘lida savat to‘la mevalar bilan Dehqonbobo kirib keladi.)
Dehqonbobo:
– Assalomu alaykum, mening aziz bolajonlarim! Barchangizga Hosil bayrami muborak bo‘lsin! Bugungi bayram kechangizga taklif qilganingizdan minnatdorman. Aziz nabiralarim, sizlar aqlli dono, zukko bolalarsiz. Yonib turgan ko‘zlaringiz, jo‘shqin shijoatingiz buni yaqqol aytib turibdi. Qani bugungi bayram tadbiriga qanday tayyorlandingiz, yurtimiz tabiati, shifobaxsh ne’matlari haqida nimalarni bilasiz?
2- boshlovchi:
– Bobojon, bizning bolajonlarimiz bugungi bayram tadbiriga ajoyib she’r va qo‘shiqlar, raqslar tayyorlaganlar. Marhamat, kechamizning mehmoni bo‘lib bunga o‘zingiz ishonch hosil qiling!
(O‘quvchilar tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etiladi.)
1- boshlovchi:
– Aziz o‘quvchilar, tabiat ne’matlari haqida nimalarni bilasiz?
2- boshlovchi:
– Hozir mevalar tilga kirib, sizga o‘z xususiyatlari haqida ma’lumot beradilar. Marhamat, tinglang!
O‘RIK:
– Meni derlar qand o‘rik,
Vitaminga liq to‘liq,
Rangim sariq, zarg‘aldoq,
Olxo‘riga men o‘rtoq.
Gullarim xushbo‘y, ko‘rkam
Siylagan meni ko‘klam,
Pishgach, asalga to‘lay,
Yurakka quvvat bo‘lay!
OLMA:
– Men sizlarni olmangiz,
Xomligimda olmangiz!
Nortojiga o‘xshab so‘ng
Voy qornim! deb qolmangiz!
Bog‘larga chiroymanda,
Vitaminga boymanda!
Pishganimda yemasangiz,
Qolasiz-da armonda!
GILOS:
– Go‘zal qizlar labidek,
Yal-yal yonar yanog‘im
Tabiatga ko‘rk bergan,
Har bir gul-u yaprog‘im.
NOK:
– Mevam o‘xshar olmaga,
Ha, biroz qarindoshmiz,
Ra’nodoshlar oilasining
Madaniylariga boshmiz.
Nihollarim nozikroq,
Kech kiraman hosilga.
Lekin parvarish bo‘lsa,
Dehqonni ko‘ngli to‘lsa,
Sharbatlarga to‘laman,
Rosa quvvat bo‘laman!
YONG‘OQ:
– Yog‘och qobiq ichida
Moyga to‘lganman juda.
Quvvasizga darmonman,
Vitaminlarga konman.
Iltimosim bir faqat,
Pishgunimcha qil toqat!
Yetilib pishib olay,
Tanangga quvvat bo‘lay!
KO‘KSULTON:
– Bolajonlar joniman,
Ko‘k meva sultoniman,
Maza qilib yesangiz,
Vitaminning koniman.
1- boshlovchi:
– Aziz bolajonlar, mana, mevalar haqida qancha ma’lumotlarga ega bo‘lib oldik.
O‘ylaymanki, ularning so‘zlariga amal qilib, dov-daraxtlarga ozor bermaysiz, mevalarni pishmasdan avval uzmaysiz!
2- boshlovchi:
– Bizning o‘quvchilarimiz aqlli, dono, mehnatkash bolalar. Ular bog‘ va tomorqalarda, maktab yer uchastkasida mehnat qilib, hosilning mo‘l bo‘lishida dehqonlarimizga, bog‘bonlarimizga shuningdek, o‘z ota-onalariga yordam beradilar. Hozir ular ishtirokida meva, sazavot va poliz ekinlarining xususiyatlari haqida ma’lumotlarni tinglaymiz.
(O‘quvchilar ishtirokida meva va sabzavotlar haqida, ularning ahamiyati, o‘sish sharoiti, tabiatdagi va insonlar hayotidagi ahamiyati haqida ma’lumotlar aytiladi.)
1- o‘quvchi: – Bog‘larimizdan keng o‘rin olgan shirin-shakar mevalar zahmatkash dehqonu mirishkor bog‘bonlarimizning mashaqqatli mehnatlari bilan yetishtiriladi. Har bir daraxtning o‘ziga xos shoxlanishi tufayli bir-birlariga soya solishi mumkin. Shuning uchun bog‘bonlarimiz daraxtlarga muayyan shakl berish orqali shoxlarini qisqartirib, ildizdan kelayotgan suv va oziq moddalarni kerakli yo‘nalishga solishadi. Daraxtlarga shakl berish asosan kech kuzda yoki erta bahorda o‘simliklarda shira harakati boshlanmasdan oldin o‘tkaziladi.
2- o‘quvchi: – Tabiatda keng tarqalgan tabiiy holda o‘sadigan yovvoyi olma, olcha, nok, do‘lana kabi daraxtlardan, na’matak, malina, qorag‘at kabi butalardan payvandlash uchun bog‘bonlarimiz foydalanadilar. Chunki ular issiq-sovuqqa va kasalliklarga chidamli, serhosil bo‘lganlari uchun yangi navlar yaratishda keng qo‘llaniladi.
3- o‘quvchi: – Tuproq unumdorligini oshirishda ayniqsa dukkakli o‘simliklar, xususan burchoqdoshlar oilasining vakillarining ahamiyati katta. Chunki ularning ildizida tugunak bakteriyalar yashaydi. Bu bakteriyalar esa havodagi erkin azotni o‘zlashtirib, tuproqni azot birikmalariga boyitadi. Burchoqdoshlar oilasiga mansub beda, loviya, mosh kabi o‘simliklar ekilgandan so‘ng tuproq unumdorligi ortib hosil mo‘l bo‘ladi. Shuning uchun yerga ishlov berishda, ayniqsa, almashlab ekishni joriy qilish zarur, chunki har yili tuproqqa bir xil ekin ekish hosildorlik va tuproq unumdorligini pasaytiradi.
4- o‘quvchi: – O‘simliklar gullab changlangandan so‘ng ulardan meva hosil bo‘ladi. Hamma o‘simliklar ham meva tugavermaydi. Faqatgina changlangan gullargina hosil beradi. Gullarning changlanishida hasharotlarning ayniqsa, asalarilarning ahamiyati katta. Bir gramm asal yig‘ish uchun asalari yuzlab gulga qo‘nadi. Bir guldan ikkinchi gulga qo‘nganda gul changini ham olib o‘tib gullarni yaxshi changlantiradi. Shuning uchun bog‘bonlarimiz o‘simliklar gullagan paytda asalari qutilarini bog‘larga olib chiqadilar. Bu esa ham mo‘l hosil ham sifatli asal olish imkonini beradi.
Dehqonbobo:
– Barakalla, bolalarim, siz dov-daraxtlar, meva va urug‘lar hattoki gullarning changlanishini ham yaxshi bilar ekansiz. Shuning uchun sizlarga sovg‘a tayyorlab kelganman.
1- boshlovchi:
– Rahmat, dehqonbobo, lekin bolajonlarimizdan kimlar bu sovg‘alarga munosib ekanligini hozirgi o‘tkaziladigan viktorina savollari orqali bilib olamiz.
2- boshlovchi:
– Mevali viktorina savollariga javob bergan o‘quvchilar dehqonbobodan bittadan mevani qo‘lga kiritadi. Eng ko‘p meva qo‘lga kiritgan sinf g‘olib deb topiladi.
Mevali viktorina
1. Qaysi meva tarkibida odam bosh miyasi faoliyatini yaxshilovchi darmondorilar ko‘p bo‘ladi?
2. Qaysi mevalar kasalliklarni davolashda, vitamin yetishmaganda ko‘p qo‘llaniladi?
3. Yovvoyi olchaga qaysi mevali o‘simliklar payvand qilinadi?
4. Qaysi mevalar tarkibida yod mikroelementi ko‘p bo‘ladi?
5. Bir daraxt bor o‘tmishdan,
Mevasi oltin-kumushdan?
6. Yum-yumaloq, oy emas,
Sap-sarig‘-u moy emas,
Dumi bor-u, toy emas.
7. O‘zi pillaga o‘xshar,
Ichi tillaga o‘xshar.
8. Bir nechtadan ko‘zi bor,
Olma kabi yuzi bor.
9. Yashab yetmish yetti kun,
Kiyar yetmish yetti to‘n,
Kuzda uzib olinar,
Ovqatlarga solinar.
10. Qizil rang tuguncha,
Ichi to‘la kulcha.
11. Yotar yumshoq ko‘rpada,
Qator o‘sar har safda,
Barglari ham yam-yashil,
Tusi tillarang asil.
12. Shoxlarda qip-qizil mevalar pishdi, Ikkiga ajratsam, munchoqlar tushdi.
(Viktorina savollariga javob bergan o‘quvchilar har bir to‘g‘ri javob uchun bittadan meva bilan taqdirlanib boradi. Viktorina tugaganidan so‘ng har bir sinfning to‘plagan mevalari savatlarga solib sanaladi va g‘oliblar aniqlanadi. Dehqonbobo g‘olib sinf o‘quvchilarini taqdirlaydi.)
Dehqonbobo:
– Aziz bolajonlarim, sizlarning bugungi ishtirokingizni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Barchamiz shu aziz vatanning, shu ona zaminning farzandlarimiz. Biz qancha uni ardoqlasak, tuprog‘ini e’zozlasak, har ungan o‘simlik-niholni parvarish qilsak, tabiat o‘z ne’matlari bilan bizni mukofotlaydi. Shuning uchun biz doim tabiatga oqilona munosabatda bo‘lishimiz lozim.
1- boshlovchi:
– Rahmat, dehqonbobo! Xirmoningizga baraka bersin! Salomat bo‘ling!
2- boshlovchi:
– Aziz o‘quvchilar, shuning bilan bugungi tadbirimizni yakunlaymiz. O‘ylaymizki, bugungi tadbir orqali barchangiz tabiat ne‘matlarini asrab-avaylaysiz!
1- boshlovchi:
– Tabiat haqida bilimlaringizni hamisha boyitib boring! Tabiiy fanlarni o‘qib, o‘rganib mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, bog‘bon va dehqonlarimiz mehnatini yengillashtirishga hissa qo‘shing!
2- boshlovchi:
– E’tiboringiz uchun rahmat!

N.Isaqova,
Andijon viloyati o‘quv jarayonini metodik taʼminlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti,
D.Abdurazzaqova,
Andijon shahridagi
17- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
