IMMUNITET QAYDAY ISHLAYDI?
Darsning maqsadlari:
ta’limiy: o‘quvchilarni immunitet haqidagi bilimlarini mustahkamlash;
tarbiyaviy: immunitet haqidagi tushunchalarini kengaytirish orqali sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga o‘rgatish;
rivojlantiruvchi: o‘quvchilar dunyoqarashini shakllantirish va mustaqil fikrlashga o‘rgatish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi.
Dars metodi: savol-javob, guruhlarda ishlash, «Chaqqon quyonchalar» ta’limiy o‘yini.
Dars jihozi: darslik, mavzuga oid rasmlar, ko‘rgazma, AKT, elektron doska.
Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism:
Sinf ozodaligini, o‘quvchilar kiyinish madaniyatini tekshirish.
O‘quvchilar bilan salomlashish (she’riy usulda).
O‘qituvchi:
So‘zlarning eng shirini,
Ochiq aytsam sirini.
Odob bog‘in sharbatin,
Qalb gavharin qimmatin.
Ko‘ngillarni shod qilgan,
Qaysi shirin so‘z ekan?
O‘quvchilar:
So‘zimiz boshi salom,
Ish boshidir intizom.
Ustozimizga dildan,
Deymiz salom assalom.
Davomatni aniqlash:
O‘qituvchi: – Sinfda kim navbatchi, har narsadan darakchi?
O‘quvchi: – Bugun sinfda men navbatchi. Sinfmizdagi o‘quvchilarning barchasi darsga qatnashyabdi.
O‘qituvchi: – Bizning shior:
O‘quvchi: – A’lo o‘qish burchimiz,
Beshga yetar kuchimiz.
O‘quvchilarga oltin qoidalar eslatiladi. Sinfdagi o‘quvchilar 3 guruhga bo‘linadi. Har bir guruh nomlari e’lon qilinadi.
II. O‘tilgan mavzuni mustahkamlash:
O‘qituvchi: – Ayting-chi, bolajonlar o‘tgan darsimizda qanday mavzu bilan tanishgan edik.
O‘quvchi: – Kasalliklar qanday davolanadi?
O‘qituvchi: – Bolajonlar, o‘tgan mavzuni mustahkamlash uchun «Chaqqon quyonchalar» o‘yinidan foydalanamiz.
«Chaqqon quyonchalar»
ta’limiy o‘yini
O‘quvchilar guruhlarga bo‘linadi. Birinchi guruh «Zukkolar», ikkinchi guruh «Bilimdonlar», uchinchi guruh «Donolar». Har bir guruhga quyoncha rasmi beriladi. Doskaga magnit yordamida yopishtiriladi. O‘quvchilar savollarga javob berganda quyoncha bir pog‘ona ko‘tariladi. Shu tarzda qaysi guruh savatchadagi sabzilarga birinchi bo‘lib yetib borsa, o‘sha guruh g‘olib bo‘ladi. Quyonchalarimiz savatchadagi sabzilarga yetib borishi uchun tabiiy fan darsidan olgan bilimlarimiz yordam beradi.
Savollar:
1. Shifokorlar aniq tashxis qo‘yish uchun nimalar qiladi?
2. Tahlil topshirmasdan turib ham sog‘ayib ketish mumkinmi?
3. Nima deb o‘ylaysiz, shifokor nega tahlil uchun qon topshirishni buyuradi?
4. Nima uchun shifokor rentgenga tushishga yuboradi?
5. Siz qanday yo‘nalishdagi shifokorlarni bilasiz?

III. Yangi mavzu bayoni:
Mavzu: Immunitet qanday ishlaydi?
Aziz bolajonlar, bugun «Immunitet qanday ishlaydi?» mavzusi bilan tanishamiz. Immunitet organizmning qarshi kurasha olish qobiliyati. Immunitetning kuchi barcha himoyachi hujayralarning hamjihat bo‘lib ishlashiga, ular qanchalik kuchli va tajribali ekaniga bog‘liq.
Immunitetni mustahkamlash uchun foydali maslahatlar:
• har kuni ertalab badantarbiya qilish;
• chiniqish;
• kuniga kamida 2 soat piyoda sayr qilish;
• kun tartibiga rioya qilish.
IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.
O‘qituvchi: – Immunitetni mustahkamlash uchun bizga nimalar kerak? Guruhlarga bo‘lingan holda doskadagi klasterga joylashtirib chiqamiz. Daftarimizga klaster chizib yozib qo‘yamiz.
V. Darsga yakun yasash va baholash.
O‘quvchilar egallagan bilimlari va darsdan chiqargan xulosalarini bayon etadilar, faol qatnashgan bolalar rag‘batlantiriladi.
VI. Uyga vazifa: mavzuni o‘qib kelish.
Feruzaxon QOHHOROVA,
Andijon tumanidagi
31- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.
