BOSHLANG‘ICH SINFLARDA AMIR TEMUR SHAXSIYATINI
TUSHUNTIRISHNING KREATIV METODLARI
Boshlang‘ich ta’limda tarixiy shaxslarni o‘rgatish oddiy fakt va sanalarni aytish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Bu yoshdagi bolalar tarixni hikoya, tasavvur va hissiyot orqali qabul qiladi. Shuning uchun zamonaviy pedagogikada tarixiy obrazlarni o‘rgatishda interaktiv va psixologik metodlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur shaxsiyati boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun nafaqat tarixiy bilim manbayi, balki tarbiyaviy obraz ham hisoblanadi. O‘quvchilarga tushuntirishda qiziqarli kirish, shaxsiyatiga nisbatan tasavvur uyg‘otish va shaxsiy bog‘lanish kabi usullar muhim ahamiyatga ega.

Darsni «Sirli kirish» usuli bilan boshlash.
Pedagogika tajribasida darsni hayrat uyg‘otuvchi usul bilan boshlash bolalarning diqqatini tez jalb qiladi. Masalan, o‘qituvchi sinfga «sirli xat» olib kirishi mumkin.
Xatda quyidagi mazmundagi so‘zlar yozilgan bo‘ladi:
«Men yoshligimdan jasur bo‘lishni o‘rganganman. Shaharlarni obod qilishni yaxshi ko‘rganman. Ilmli insonlarni hurmat qilganman. Mening eng sevimli shahrim – Samarqand edi. Siz meni taniysizmi?».
Bolalar xat muallifini taxmin qilishadi. Shundan so‘ng o‘qituvchi xat buyuk sarkarda Amir Temur nomidan yozilganini aytadi. Bunday kirish usuli bolalarda qiziqish uyg‘otadi va tarixiy shaxsni «jonli obraz» sifatida tasavvur qilishga yordam beradi.
Tarixiy shaxsni bolalik obrazi orqali tushuntirish.
Psixologlarning ta’kidlashicha, bolalar tarixiy shaxslarni ko‘pincha ulkan qahramon sifatida tasavvur qiladi. Ammo ularning ham bolalik davri bo‘lganini ko‘rsatish tarixiy obrazni bolalarga yaqinlashtiradi.
O‘qituvchi o‘quvchilarga savol beradi:
– «Buyuk sarkarda ham bir paytlar siz kabi yosh edi. Ayting-chi, sizningcha, u qanday bola bo‘lgan?».
O‘quvchilar turli javoblar berishadi: jasur, qiziquvchan, do‘stlariga yordam beradigan. Bu jarayon orqali bolalar Amir Temur shaxsiyatini insoniy jihatdan tasavvur qila boshlaydi.
Qahramonlik vaziyatlari orqali fikrlashni rivojlantirish.
Tarixni tushuntirishda vaziyatli savollar ham samarali hisoblanadi. Masalan, o‘qituvchi quyidagi savolni berishi mumkin:
– «Tasavvur qiling, siz yashayotgan joyda odamlar yordamga muhtoj. Siz nima qilgan bo‘lardingiz?».
Bolalar turli javoblar beradi: yordam berish, odamlarni birlashtirish, tartib o‘rnatish. Shundan so‘ng o‘qituvchi tarixda Amir Temur ham shunday yetakchilik fazilatlarini namoyon qilganini tushuntiradi.
Fazilatlar orqali tarixiy obrazni ochish.
Doskaga bir nechta fazilatlar yoziladi:
• jasorat;
• adolat;
• bilim;
• mehnatsevarlik.

O‘quvchilardan qaysi fazilatlar Amir Temur shaxsiga xos ekanini aniqlash so‘raladi. Shu orqali bolalar tarixiy shaxsning xarakterini tushuna boshlaydi.
Shuningdek, o‘qituvchi Temuriylar davrida Samarqand shahri ilm-fan, hunarmandchilik va me’morchilik markaziga aylanganini ham tushuntiradi.
O‘quvchilarda shaxsiy bog‘lanish hosil qilish.
Dars yakunida o‘quvchilarga quyidagi savol beriladi:
– «Siz ham buyuk bobomiz kabi qaysi fazilatga ega bo‘lishni xohlaysiz?».
Bolalar jasur, ko‘p o‘qish yoki do‘stlarga yordam berish kabi fikrlarni aytishadi. Bu bosqich tarixiy bilimni tarbiyaviy mazmun bilan boyitadi.
Xulosa qilib aytganda, boshlang‘ich sinflarda tarixiy shaxslarni o‘qitishda an’anaviy ma’lumot berish usullaridan tashqari kreativ metodlardan foydalanish muhimdir. Sirli kirish, tasavvur uyg‘otish, vaziyatli savollar va fazilatlarni tahlil qilish kabi usullar orqali Amir Temur shaxsiyati bolalar ongida jonli va mazmunli obraz sifatida shakllanadi.
Natijada o‘quvchilar buyuk ajdodlarimiz tarixini nafaqat bilib oladi, balki ularning fazilatlarini o‘z hayotida qo‘llashga intiladi.
Gavhar G‘OYIBNAZAROVA,
Toshkent viloyati Qiziltog‘ qo‘rg‘onidagi
55-maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi.
