MILLIY CHOLG‘ULARNI MUSIQA  MADANIYATI DARSLARIDA O‘RGANAMIZ

MILLIY CHOLG‘ULARNI MUSIQA MADANIYATI DARSLARIDA O‘RGANAMIZ

MILLIY CHOLG‘ULARNI MUSIQA MADANIYATI DARSLARIDA O‘RGANAMIZ

 

Darsni o‘quvchilar bilan salomlashib boshlar ekanman, nogohon ularning musiqa xonasining jovonida bir qator qilib terilgan tanbur, dutor, rubob, do‘mbira, g‘ijjak, nay va doira cholg‘ularini qiziqib kuzatayotganini sezaman. Yaqingacha ushbu cholg‘ular rasmini faqat darsliklarda tomosha qilib, do‘mbirani nog‘ora bilan adashtirgan bolalar bugun ularni jonli ko‘rib turibdi. Prezidentimizning 2022- yil 2- fev­raldagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi, 2024- yil
15- noyabrdagi «Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosidan maktabimiz milliy cholg‘ular bilan to‘liq ta’minlandi.

Barcha qulayliklarga ega sinflarda o‘quvchilarimga o‘zbek milliy cholg‘ulari­ning yaratilish tarixi, yasalishi va ijro eti­lishini ko‘rsatar ekanman, bir muddat moziyga yuzlanaman. Baxshi do‘mbira cholg‘usida «Alpomish» dostonini madh etganligi, Komil Xorazmiy dastlabki nota yozuvi «Tanbur chizig‘i»ni yaratganligi, «Boburiylar davri»ning eng mashhur cholg‘usi g‘ijjak Abu Nasr Al-Forobiy tomonidan ixtiro qilinganligi, shoir Mir ­Alisher Navoiy va do‘sti Husayn Boyqaro bilan birga nay cholg‘usi ovoziga mahliyo bo‘lganligi, «Xorazmshohlar davri»da maq­tovlarga sazovor bolgan rubob cholg‘usi usta Mahmud tomonidan yasal­ganligi, doira cholg‘usi dovrug‘ini chet elgacha olib chiqqan Usta Olim Komilovning kaftlaridan olingan gips nusxa Angliya muzeyida hozirgacha saqlanayotganligi, «Temuriylar davri»da musiqa asarlari dutor cholg‘usida bastalanganligi, o‘zbek mumtoz musiqasi «Shashmaqom»ning «Cholg‘u yo‘llari» ushbu milliy musiqa cholg‘u asboblari yordamida ijro etilganligi haqida gapirish ifti­xor tuyg‘usini baxsh etadi.
Musiqani o‘rganishda ustoz-shogirdlik an’anasi alohida o‘rin tutadi. Bu haqda gap ketsa, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub «Matmusa­ning dutori» she’ri yodimga tushadi. Qiziquvchan Matmusa dutor cholg‘usini chalishni bilmasa-da bir qo‘yning puliga uni sotib oladi, tuzilishiga zavq bilan ta’rif beradi. Matmusaning «Munojot» kuyini chalaypman deb o‘ylab, sozsiz dutorning bir pardasidan boshqasiga o‘tolmay turgan holati dutor cholg‘usida kuy chalish uchun qiziqishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi, aksincha uni ustozga shogird tushib o‘rganish kerakligi haqida xulosa chiqari­shimizga sabab bo‘ladi.
Ustoz bo‘lsa-yu, shogird o‘rganishni xohlamasachi? Nikolay Nosovning «Bil­masvoy musiqachi bo‘lmoqchi» hikoyasi aynan shu savolga javob beradi. Bilmasvoy mehnat qilishni yoqtirmasdi. Biror ish bo‘lsa-yu, mashaqqati bo‘lmasa. Uning do‘sti Mashshoqvoy esa ajoyib sozanda edi. Do‘sti kabi olqishlar ichida qolishni xohlagan Bilmasvoy unga cholg‘uvchi bo‘lmoqchiligini aytib, eng oson o‘rganila­digan asbobni chalishni o‘rgatishini so‘raydi. Avval balalayka, undan ko‘ngli to‘lmagach, tovushi balandroq chiqadigan skripkani va oxiri kattakon mis karnayni tanlar ekan, Bilmasvoy ham xuddi Matmusa singari karnayni qattiq puflab, yoqimsiz ovozlar chiqaradi. Do‘sti Mashshoqvoydan to‘g‘ri chalish sir-asrorlarini o‘rga­nishni xohlamaydi. Natijada bu ishni ham eplolmay, ko‘p bilimlardan bebahra qoladi.
Bugun o‘quvchilar Matmusa va Bil­masvoy singari uquvsiz bo‘lib qolmasligi uchun musiqa fani o‘qituvchilaridan yuksak mahorat, fanga qiziqtira olish malakasi talab etiladi. Hamma zo‘r sozanda yoki san’atkor bo‘la olmas, lekin har bir inson musiqiy savodxonlikka, haqiqiy san’atni tushinish qobiliyatiga ega bo‘lishi zarur. O‘zbek xalqining yoshligidan to qarigunicha bo‘lgan hayot yo‘li musiqa bilan chambarchas bog‘liq. To‘y va marosimlarimiz musiqasiz o‘tmaydi. Shunday ekan, bola yoshligidan o‘z milliy musiqasini tushu­nish va hurmat qilishga, bu soha darg‘alari bilan faxrlanishga odatlanmog‘i zarur. Shundagina yosh avlod axloq me’yorlariga mos kelmaydigan musiqalarning faqatgina ting­lovchisi bo‘lib qoladi, iste’molchisi emas. Shular haqida o‘ylab turar ekan, nogohon o‘quvchimning «Ustoz, ushlab ko‘rsam maylimi?» deb qo‘limdagi cholg‘u asbobini ko‘rsatib bergan savoli xayolimni buzdi. – Albatta bolajonim, nafaqat ushlay olasan, balki bu cholg‘uni o‘rga­nib, unda kuy chalib, o‘z iqtidoringni jahon sahnala­rida namoyish etasan, – deya darsni yakunladim.

Xulosa qilib aytamizki, musiqa – inson ma’naviy olamining tarjimoni, u inson tuyg‘usiga ta’sir etish bilan kishini ma’naviy jihatdan tarbiyalaydi. Bugungi kunda musiqa san’ati insonlarga va ayniqsa yoshlarga ko‘tarinki ruh berishi, ularni ijodkorlikka, bunyodkorlikka yo‘naltirishi bilan ahamiyatlidir. Shuning uchun ham yurtimizda musiqa san’atini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga katta ahamiyat beril­moqda. Yangi O‘zbekiston musiqa san’ati ko‘p janrli, mazmun jihatdan boy, o‘z milliy xarakteriga ko‘ra zamonaviy san’atdir.

Gulxumor XUDOYBERDIYEVA,
Beshariq tumanidagi
11- maktabning musiqa
madaniyati fani o‘qituvchisi.

Fikr bildirish