1981- yil 1- sentabrda Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi 23-maktabga ilk bor qadam qoʻydim. Menda bu dargohga nisbatan muhabbat hissini uygʻotgan birinchi ustozim Qoravoy Aliyev edi.
Yoshlikda olgan bilim, toshga oʻyilgan naqsh, deb bejiz aytishmagan. Oʻqituvchimning oʻgitlari, ta’lim–tarbiyasi yillar oʻtib, hayotda oʻz yoʻlimizni topishga yordam bergan. Ustozim kabi men ham boshlangʻich sinf oʻqtuvchisi boʻlib, kelajak avlodga bilim berib kelmoqdaman.
Maktabga borganimda 5 yoshda edim. Kichkina boʻlsam-da, ustozimning iliq soʻzlari, mehribonlik bilan bilim berishi, oqkoʻngilligi, maktabda bilim olishga, yaxshi yozishga, oʻqishga, hisoblashga undagan. Birinchi ustozim juda koʻp yoshlarga ta’lim–tarbiya berdi. Mashaqqatli mehnati munosib qadr topib, “Xalq maorifi a’lochisi” unvoniga sazovor boʻldi.
Oliy oʻquv yurtini tamomlab, maktabimizga endi yosh oʻqituvchi boʻlib kelganimda ham, oʻqituvchim menga avvalgidek ustozlik qildilar. Dars oʻtishda oʻquvchilar psixologiyasini oʻrganish, og’zaki nutqini oʻstirish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida e’tibor bilan yondashish lozimligini uqtirar edi. Dars oʻtishda vaqtdan unumli foydalanish, oʻquvchilarni qiziqtirishni koʻp yillik tajribasidan kelib chiqib oʻrgatardi.
Boshlangʻich ta’lim oʻqituvchisi oʻquvchida oʻqish va yozishga muhabbat uyg’ota olsa, bu katta muvaffaqiyatdir. Mana shunday fidoiy va jonkuyar ustozlarimizdan bir umrga minnatdor boʻlishimiz kerak.
Har yili maktabimizda tadbirlar uyushtirib, barcha faxriy ustozlarimizni taklif qilamiz, ularning koʻnglini shod etishga intilamiz. Ular haligacha kerak paytda nasihatlarini ayamaydilar. Ustozlarimizga sogʻlik, uzoq umr tilaymiz, biz – shogirdlar uchun ularning yoʻlini davom ettirish – sharaf.
Mashhura ROʻZIQULOVA,
Namangan viloyati Uchqoʻrgon tumanidagi
23- umumta’lim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi.