KESMA HAQIDA  TUSHUNCHA

KESMA HAQIDA TUSHUNCHA

KESMA HAQIDA TUSHUNCHA

Kesmaga ikki xil – ko‘rgazmali tarzda yoki ma’lum shartni qanoatlantiruvchi nuqtalar to‘plami sifatida ta’rif berish mumkin:
Har qanday to‘g‘ri chiziq ustidagi ikki A va B nuqta uni uch bo‘lakka bo‘ladi.
A. Ularning ikkitasi nur bo‘lib, A va B nuqtalar bilan chegaralangan uchinchisi kesma deyiladi.


B. Ikki A va B nuqta va ular orasidagi barcha nuqtalardan tashkil topgan geometrik shakl kesma deb ataladi.
Ikkala ta’rif ham o‘quvchilarga oldindan ma’lum tu­shunchalarga asoslangan bo‘lib, o‘quvchilar ularni oson o‘zlashtiradilar, deb o‘ylayman.
Kesma to‘gri chiziq va nurdan farq qiladi. Kesma bu ikki tomonidan chegaralangan, nur esa bir tomoni cheklangan, ikkinchi tomoni chegaralanmagan chiziqlar. To‘g‘ri chiziq esa nuqtalar bilan chegaralanmaydi. Mabodo unda yotuvchi nuqtalarni qo‘ysak, u kesmaga aylanadi. O‘quvchilarga bu tushunchalar juda tez yetib boradi va mavzuni o‘zlashtirishlari oson bo‘ladi.
Kesmalarni o‘lchash va taqqoslash
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, ayniqsa, 1- sinflarga bu tushuncha hali notanish, shu bois, ular mate­matika daftarini yaxshi bilganliklari uchun 2 ta katagimiz 1cm ekanligini qayta-qayta tushuntirib o‘taman. Undan so‘ng chizg‘ichni ishlatishni, u bilan qanday o‘lchash lozimligini tushuntirib o‘taman.
O‘quvchilarga ma’lumki, geometrik shakllarni taqqoslashda birini ikkinchisiga geometrik akslantirib, aniqrog‘i, siljitib, ustma-ust qo‘yish yo‘li bilan ularning o‘zaro teng emasligini aytishimiz mumkin. Aksincha, ikki geometrik shakl bir-biriga teng bo‘lsa, ulardan birini akslantiruvchi siljitish harakat doim mavjuddir.
Kesmalarni taqqoslashda ham o‘qituvchi ularni ustma-ust qo‘yadi. Ular bir-biri bilan ustma-ust tushsa kesmalar bir-biriga teng deyiladi. Aks holda biri ikkinchisidan kichik yoki katta hisoblanadi. Ta’lim davomida o‘z vaqtiga kelib o‘quvchilar geometrik shakllar haqida eshitadilar, o‘rganadilar va hayotga tatbiq qiladilar. Biz darsimiz davomida shunga imkoniyat darajasida o‘quv­chilarni tayyorlab borishimiz ma’qul.
So‘ngra berilgan kesmaga teng kesmani yasash ko‘rsatiladi. Bunga amaliyotdan bir qancha misollar kel­tirishimiz mumkin.
Masalan, bir xil uzunlikdagi gugurt cho‘plari yoki devor panjaralarini tayyorlashda qanday yo‘l tutiladi, ­ekishga tayyorlanayotgan terak qalamchalari qanday kesiladi kabi savollar orqali amaliyot bilan bog‘lab, ularda dars mavzusiga bo‘lgan qiziqishni orttiradi.
Kesmalarni bir-biriga qo‘shish deb, uzunligi qo‘shiluv­chi kesmalarning uzunliklari yig‘indisiga teng kesmani topishga aytiladi.
Kesma va interval – asosiy geometrik shakllardan biri. To‘g‘ri chiziqning A va B nuqtalari orasidagi va shu nuqtalarni qo‘shib hisoblagandagi qismi kesma deyiladi.
Kesma A, B ko‘rinishida belgilanadi. A va B nuqtalar uning uchlari deyiladi. Kesmaning uchlari orasida yotuv­chi ixtiyoriy nuqta uning ichki nuqtasi deyiladi. Kesma­ning uzunligi uning uchlari orasidagi masofaga teng va A, B deb belgilanadi.
Agar ko‘rilayotgan to‘g‘ri chiziq haqiqiy sonlar o‘qidan iborat bo‘lsa hamda uning A va B nuqtalariga a va b haqiqiy sonlar mos kelsa(a<b), u holda a <x<b tengsizliklarni qanoatlantiruvchi barcha haqiqiy x sonlar to‘plami bo‘adi va u (a,b) kabi belgilanadi.
Mavzuni o‘rganish jarayonidagi metodlar
SINKVEYN metodi:
1. Kesma.
2. To‘g‘ri chiziqning ikki nuqta orasidagi qism.
3. Chiziladi, chegaralanadi, harflar bilan belilanadi.
4. Men kesmani chiza olaman.
5. Siniq chiziq, nur.


Dam olish daqiqasi uchun
«Devlar va mittilar» usuli
Sinf xonadagi hamma o‘quvchilar o‘rnidan turib, partadan ozroq uzoqlashishadi.
O‘qituvchi yoki lider o‘quvchi qo‘llarini ko‘tarib, tushirib, devlar va mittilarni tasvirlab, «gigant» va «mitti» deydi.
O‘qituvchi yoki lider o‘quvchi ba’zan o‘z so‘zini va harakatini teskari qilib, ishtirokchilarni chalg‘itmoqchi bo‘ladi.
Kim xato qilsa, o‘rniga o‘tiradi.
Yakunda qolgan uch kishi g‘olib deb topiladi.
O‘quvchilar bilan birgalikda dam olish daqiqasi o‘tkaziladi.
31- dars. To‘g‘ri chiziq kesmasi. Siniq chiziq kesmasi.
masala.

Mashq daftardagi 1- masala ham kesma haqida bo‘lganligi sababli ikkalasida bitta metoddan foydala­nish mumkin.

«Uzum pishdi, bog‘imizga kel» metodik o‘yini orqali kesma tushunchasini o‘quvchilarga mukammal tushuntirishga harakat qilaman. Bu o‘yinda kesmalar uzum donalariga yopishtirib chiqishadi. Bu usulda qay­si o‘quv­chilar mavzuni qanday o‘zlashtirgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Har bir o‘quvchi mana shu kesmalar chegaralarini ko‘rsatuvchi harflarni yozgan bo‘lsa yoki kesmani chizib ko‘rsatsa ham to‘g‘ri javob, deb qabul qilinadi. Qaysi guruh o‘quvchilari yaxshi o‘zlashtirganini biz mukammal uzum rasmi paydo bo‘lganidan anglaymiz. Bunda, albatta, xato yozilgan donachalarni olib tashlasak, o‘quvchi xato yozganligini tezda anglab oladi.
2-masala.


Masalani Venn diagrammasi yordamida tushuntirishni ma’qul deb bildim. Negaki, o‘quvchi unda o‘zini-o‘zi tahlil qila oladi. Ayrim qismlar negizida esa mavzuning asosiy mohiyatini o‘zlashtirish yotadi.
Uchta guruhga topshiriq beriladi va tushuntirib o‘tiladi. Chap doiraga qizil kesmalar, ularning soni va kesmalardan havorang kesmalar sonini ayirganimizda qanday son hosil bo‘lishini yozadilar.
O‘ng doiraga havorang kesmalar, ularning soni va kesmalardan qizil kesmalar sonini ayirganimizda qanday son hosil bo‘lishini yozadilar.
Doiralar kesishuviga esa ikkala doiraning o‘xshash jihatlarini yozish topshirig‘i beriladi. O‘qituvchi ularni kuzatib, adolatli baholashga harakat qiladi. Bu metod orqali ular masalaning o‘xshash va farqli jihatlarini ko‘ra oladilar.

Matluba MO‘MINOVA,
Qashqadaryo viloyati
Yakkabog‘ tumanidagi
35- maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi.

Fikr bildirish