O‘QUVCHILARNING  TANQIDIY FIKRLASH  QOBILIYATINI RIVOJLANTIRAMIZ

O‘QUVCHILARNING TANQIDIY FIKRLASH QOBILIYATINI RIVOJLANTIRAMIZ

Tajriba va metodlar

O‘QUVCHILARNING TANQIDIY FIKRLASH QOBILIYATINI RIVOJLANTIRAMIZ

O‘qish va tahlil
Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarga kitoblar, hikoyalar va maqolalar o‘qish orqali tahliliy fikrlashni rivojlantirish mumkin. Bu jarayonda o‘quvchilar o‘qigan matnni tahlil qilib, undagi asosiy g‘oyalarni, qahramonlarni va ularning xatti-harakatlarini baholashlari kerak bo‘ladi. Bu metod orqali o‘quvchilar o‘zlarining fikrlash va tahlil qilish qobiliyatlarini oshirishadi.

Savol-javob usuli
Bu usul orqali o‘quvchilarga murakkab savollar berilib, ulardan javob olishga harakat qilinadi. Savollar o‘quvchilarga o‘ylash, tushunish va o‘z fikrlarini izchil tarzda ifoda etishga yordam beradi. Bu metod bolalarni to‘g‘ri va aniq fikr bildirishga undaydi.

Ijodiy yozuvlar va insho yozish
O‘quvchilarga mustaqil insho yozish topshiriqlari berish orqali ularning fikrlarini tizimli va mantiqiy ravishda ifoda etishlariga yordam beriladi. O‘quvchilar o‘z fikrlarini aniq va asosli tarzda bayon qilishga o‘rgatiladi. Bu, o‘z navbatida, ularning fikrlash tizimini va mantiqiy yondashuvlarini rivojlantiradi.

Guruhda muhokama
O‘quvchilarni kichik guruhlarga ajratib, ularga muayyan mavzu asosida muhokama olib borish vazifasi beriladi. Bu metod orqali o‘quvchilar o‘z fikrlarini boshqalar bilan baham ko‘rish va ulardan o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular­ning fikrlarini argumentlar asosida himoya qilishni o‘rganishadi.

Muammo asosida o‘rganish
Bu metodda o‘quvchilarga real hayotdagi muammolarni hal qilish topshiriqlari beriladi. O‘quvchilar muammoni tahlil qilib, uning yechimini izlashi kerak. Bu metod orqali o‘quvchilar nafaqat tanqidiy fikrlashni, balki mas’uliyatni ham o‘rganishadi.
Bunday yondashuvlar o‘quvchilarda faqatgina bilimlar to‘plashni emas, balki ularni tanqidiy va ijodiy tarzda qayta ishlashni, tahlil qilishni va yangi qarorlar qabul qilishni o‘rgatadi. Bu esa kelajakda jamiyatga foydali, mas’uliyatli va mantiqiy fikrlovchi shaxslar yetishtirishda katta ahamiyatga ega.
Yuqoridagi fikrlar isboti sifatida boshlang‘ich sinflarning amaldagi ona tili fani darsligi asosida metodlarni yoritamiz.

«Tutuq belgisi» metodi
Aqlni rivojlantiruvchi, ta’lim va tajriba beruvchi ushbu metodni 3- sinf ona tili darsligida keltirilgan «Tutuq (’) belgisi» mavzusida qo‘llashni ko‘rib chiqamiz.
Metodning maqsadi.
Tanqidiy fikrlashni rivojlanti­rish: o‘quvchilarga tutuq belgisining qo‘llanilishiga oid misollar keltirish, o‘z fikrlarini tezkor va mantiqiy tarzda ifoda etish orqali tanqidiy fikrlashni rivojlantirish.
O‘quvchilarning qiziqishini oshirish: musiqa va o‘yin orqali o‘quvchilar diqqatini jalb qilish, mavzu bo‘yicha qiziqish uyg‘otish va o‘rganish jarayonini interaktiv qilish.
Bilimlarni mustahkamlash: tutuq belgisining qo‘llanilishi haqida o‘rganilgan bilimlarni amaliy tarzda mustahkamlash, o‘quvchilarga turli misollarni keltirishga yordam berish.
Mavzuni o‘rgatish va ijodiy yondashuvni shakllantirish: o‘quv­chilarga tutuq belgisi bo‘yicha ijodiy fikr va misollar keltirishni o‘rgatish, shu bilan birga ularni tezkor fikrlashga va javob berishga rag‘batlantirish.

Metodning qo‘llanilishi.
Avvalo, o‘quvchilarga tutuq belgisi nima ekanligi tushuntiriladi. So‘zlarda qo‘llash bo‘yicha bilimlar taqdim etiladi. O‘rganilgan bilimlarni mustahkamlash maqsadida ushbu metoddan foydalaniladi. O‘quvchilarni qiziqtirish uchun turli didaktik vositalarni ishlatish sinfda ijobiy muhit yaratilishiga sabab bo‘ladi. Shu jihatlarni hisobga olgan holda Canva.com ilovasi orqali mavzuga mos didaktik materiallar tayyorlab, havola qilamiz.
Tutuq belgisi ko‘rinishida shlyapa yasaladi. O‘qituvchi shlyapani birinchi partada o‘tirgan o‘quvchiga kiydirib qo‘yadi. Musiqa qo‘yiladi va o‘quvchilar parta boshidan tartib bilan shlyapani bir-biriga uzatadilar. Uzatilgan paytda har bir o‘quvchi tutuq belgisi shakllangan shlyapani boshlariga kiyadi va o‘zidan keyingi sinfdoshiga o‘tkazib yuboradi.

Musiqa to‘xtatilgan payt shlyapa kimning boshida qolib ketsa, o‘sha o‘quvchi tutuq belgisi qatnashgan so‘zga misol aytishi kerak. Agar misol aytolmay qolsa, o‘yinni tark etadi.
Shu tarzda yana musiqa qo‘yiladi va o‘quvchilar shlyapani bir-biriga taqdim qilishda davom etadilar.
Qisqa vaqt ichida mavzuni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu interaktiv metod o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Darsga qiziqmaydigan o‘quvchini ham qiziqishga majjbur qiladi. Qolaversa, o‘quvchilarni tezkorlik, hozirjavoblikka o‘rgatadi. Soniyalar ichida fikr bildirish ko‘nikmasi tanqidiy rivojlanishni ta’minlaydi.

Metodning natijalari.
O‘quvchilarni mavzu bo‘yicha chuqur tushuncha hosil qilish.
Tutuq belgisi haqida o‘rganilgan bilimlar mustahkamlanadi. O‘quvchilar mavzuni o‘zlashtirishda amaliy misollar keltirish orqali faol ishtirok etadilar.
O‘quvchilarda mustaqil fikrlash va tezkor fikr bildirish ko‘nikmalarining rivojlanishi. Interaktiv o‘yin shaklida o‘tkazilgan dars o‘quvchilarni mantiqiy fikrlash, javob berishda tezkorlik va hozirjavoblikka o‘rgatadi.
O‘quvchilarning ijtimoiy faolligi oshadi.
O‘quvchilar o‘z fikrlarini boshqalar bilan baham ko‘rib, o‘zaro muloqot qilishadi. Bu jarayon ularni ijtimoiy jihatdan faolroq qiladi.
O‘quvchilarning o‘zaro yordam va hamkorlikka tayyorligi.
O‘quvchilar bir-biriga yordam berishadi, bir-birlarining javoblarini tinglab, o‘z fikrlarini to‘g‘ri va aniq ifodalashga o‘rganadilar.
Barchaning faol ishtiroki ta’minlanadi.
Bracha o‘yin jarayonida qatnashadi, bu ularga darsda faol ishtirok etish imkonini beradi.

Metodning afzalliklari.
Motivatsiyani oshirish: musiqa va o‘yin orqali o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otiladi, bu esa darsga bo‘lgan motivatsiyalarini oshiradi.
Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish: o‘quvchilar turli misollarni tezda topish va tahlil qilishga majbur bo‘lib, bu jarayon ularning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Ijodiy yondashuvni rag‘batlantirish: o‘quvchilarga mavzuga ijodiy tarzda yondashish imkoniyati yaratiladi. Tutuq belgisi bilan bog‘liq misollarni yaratish, yangi misollarni keltirish orqali ularning ijodiy tafakkurini shakllantiradi.
Hamkorlik va guruhda ishlashni rivojlantirish: o‘quvchilar guruhda ishlash, o‘z fikrlarini boshqalarga taqdim etish va boshqalar bilan fikr almashish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.
Darsda faol ishtirok etish: ushbu metod o‘quvchilarning darsda faol ishtirok etishlarini ta’minlaydi. O‘quvchilar bir-biriga yordam berish orqali darsni samarali o‘tkazishadi.
Yosh va individual farqlarni hisobga olish: Har bir o‘quvchi o‘z tezligi bilan javob beradi, shuningdek, o‘quvchilarning ijtimoiy faolligi va o‘ziga xos xususiyatlari ham inobatga olinadi. Shunday qilib, metod individual farqlarni hisobga olgan holda har bir o‘quvchi uchun moslashadi.
Ushbu interfaol metod boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ta’lim va tajriba olishiga yordam beradi, shuningdek, ularning tanqidiy fikrlash, tezkor fikr bildirish, ijodiy yondashuv va ijtimoiy faolligini rivojlantiradi. Darsning samaradorligini oshiradi, o‘quvchilarga mavzuni qiziqarli va faol o‘rganish imkonini yaratadi.

Aziza BEGMIRZAYEVA,
Shayxontohur tumanidagi
262- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish