Badiiy kecha
ZULFIYAXONIM: ILHOM VA MUHABBAT SHOIRASI
Har yili bahorning ilk kunida sadoqat va vafo kuychisi, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilovaning tavallud kuni keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan Toshkent viloyati Toshkent tumani MMTBga qarashli 27- sonli maktabi 3- sinf o‘quvchilari tomonidan ham «Zulfiyaxonim – vafo va sadoqat kuychisi» deb nomlangan badiiy kecha tashkil qilindi.
O‘qituvchi: – Assalomu alaykum aziz o‘quvchilar, hurmatli o‘qituvchilar va ota-onalar barchangizni kirib kelayotgan yasharish va uyg‘onish fasli bahor bilan tabriklayman. Sizlarga baxt va omad tilagan holda bugungi badiiy kechamizni boshlaymiz.
Bugun shoira Zulfiyaning 110- yillik tavallud ayyomini nishonlamoqdamiz.
O‘quvchi:
Ona turgan xonaga,
Qizi kirdi yugurib,
Go‘yo sig‘may olamga,
Dedi shoshib-ko‘pirib:
– Oyijonim, tez yuring.
Ko‘rsataman qiziq gul.
Hurriyatning tomini Lola qoplabdi butkul.
O‘quvchi:
Hayot kitobini bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab,
Suyish kerak bo‘lsa, telbacha suydim…
Men o‘tgan umrimga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim,
Erkalandim,
Ayrildim,
Kuydim,
Izzat nima bildim. Shu-da bir yashash!..
O‘quvchi: – Zulfiya Isroilova 1915- yil 1- martda Toshkentning hunarmand-degrez oilasida tug‘ilgan. Otasi zahmatkash temirchi edi, onasi Xadicha opa esa juda ko‘p qo‘shiq, ertak, afsona va dostonlarni bilar va bolalarga aytib berardi. 1928- yili boshlang‘ich maktabni tugallab, Toshkent xotin-qizlar pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirdi.
O‘quvchi: 1930- yildan boshlab «Ishchi», «Turkiston» gazetalari, «Bolalar», «Yangi yo‘l» jurnallarida yosh shoiraning dastlabki she’rlari ko‘rinadi. 1932- yili o‘n sakkiz yoshli shoiraning birinchi she’rlar to‘plami, «Hayot varaqlari» bosilib chiqadi. Zulfiya doimo izlanishda, o‘qishda sidqidildan harakat qildi.
Raqs: Tanovor.
O‘quvchi: OYDINDA
Jilib-jilmas to‘lin oy,
Bulut xayolday yengil,
Oy anhorda qulun toy,
Gilosda shig‘il-shig‘il.
Yaxlit oynaday bo‘lib,
Hovuzga yoyilgan u.
Egilsam-tubdan to‘lib
O‘zim chiqdim ro‘baro‘:
Atrofim to‘la saf-saf,
Ming-ming yulduz ora man.
Barin sidirg‘a chayqab,
Yerga sudrab boraman.
O‘quvchi: BOG‘LAR QIYG‘OS GULDA
Bog‘lar qiyg‘os gulda – yaxlit bir chaman,
Har daraxt anvoyi bir tarovatda.
Bir kaft bog‘ mehnat-u hosilga Vatan,
O‘zga ko‘rk, o‘zga rang har bir daraxtda.
Har navda bir gulda, har gulda bir ro‘y,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya,
Har birin hosili o‘zgasiga ko‘rk,
Biri-biri uchun qudrat, himoya.
Sahna ko‘rinishi: Ustoz Zulfiya she’ri hamda ijodidan parcha aytib beradi.
O‘qituvchi: – Har bahor kelishi bilan Zulfiya she’rlari meni shaydo etadi, negaki Zulfiya umri davomida sog‘inib yashagan inson. Fasllar kelinchagi bo‘lmish bahor haqida shunday deb yozadi:
BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB
Salqin saharlarda, bodom gulida, binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi, baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…
Qancha sevar eding bag‘rim bahorni, o‘rik gullarining eding maftuni,
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.
O‘quvchi qiz va bola:
Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekindi nari.
Seni izlar ekan bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi.
Yozib ko‘rsatay deb husn ko‘rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.
O‘qituvchi:
Zulfiya sog‘inch kuychisi!
Zulfiya bahor kuychisi!
Zulfiya sadoqat kuychisi!
Zulfiya vafo kuychisi!
Uning qancha she’rlari dillarni, tillarni titratadi, balki yig‘latadi ham. Badiiy kechamizda faol qatnashgan o‘quvchi yoshlarimizga zafarlar tilab e’tiboringiz uchun rahmat deb qolamiz!