DUNYO MO‘JIZALARI
(4- sinf, IV chorak)
Darsning maqsadlari:
ta’limiy: o‘quvchilarga dunyoning yetti mo‘jizalari haqida ma’lumot berish, og‘zaki nutqini o‘stirish, ifodali o‘qish ko‘nikmasini rivojlantirish;
tarbiyaviy: tarixiy obidalarga bo‘lgan e’tiborini oshirish va ularga bo‘lgan qiziqishini orttirish;
rivojlantiruvchi: yangi ma’lumotlar orqali o‘quvchilar ongini kengaytirish, dunyoqarashini oshirish.
Darsning turi: yangi bilim beruvchi.
Darsning metodi: aralash.
Darsning jihozi: darslik, doska, suratlar, tarqatma materiallar, test kartochkalari.
Darsning borishi:
Tashkiliy qism:
She’riy usulda salomlashiladi. Navbatchi axboroti tinglanadi.
O‘qituvchi: – Aziz o‘quvchilar, bugun sizlar bilan tarixiy dunyo mo‘jizlari olamiga sayohat uyishtiramiz. Buning uchun har bir guruh o‘zlariga tarixiy inshoot nomlari orqali guruhlarini atasin.
Dars davomida o‘quvchilar 3 ta guruhga bo‘linishadi.
1- guruh: «Katta piramidalar».
2- guruh: «7 mo‘jiza tadqiqotchilari».
3- guruh: «Tarix bilimdonlari».
Darsda faol qatnashgan guruh o‘quvchilari dunyoning 7 mo‘jizasi rasmi tushirilgan kartochkalar bilan taqdirlanadi va ular ushbu kartochkalar orqali «Dunyo mo‘jizalari» shahrini barpo qilishga o‘z hissalarini qo‘shishadi.
II. O‘tilgan mavzuni takrorlash.
O‘tilgan mavzu yuzasidan o‘quvchilar quyidagi rasmlar orqali kasb egalari topishlari va ular haqda qisqacha ma’lumot berishlari kerak.
III. Yangi mavzu bayoni.
DUNYO MO‘JIZALARI
O‘zining buyukligi va go‘zalligi bilan insonlarni lol qoldirgan san’at va muhandislik tafakkuri mahsullarini qadimda dunyo mo‘jizalari deb atashgan. Qadimgi olam mo‘jizalaridan faqatgina Misr ehromlari saqlanib qolgan.
Bobil osma bog‘lari. Dunyoning yetti mo‘jizasi ro‘yxatining ikkinchi pog‘onasidan Bobil osma bog‘lari o‘rin olgan. Bu sirli va noyob afsonaviy qurilma toshqin tufayli shikastlangan. Afsonalarga ko‘ra, unga bunday nom berilishiga sabab, shahar cho‘lning o‘rtasiga tushgan bo‘lib, atrofiga ustunlar yordamida yam-yashil gullab turgan ayvonlar qurilgan.
Buyuk Xitοy devori. Barcha davrlarning noyob qurilishi hisoblangan Buyuk Xitoy devori insoniyat tarafidan qurilgan eng uzun inshoot sanaladi. Uning uzunligi 8852 km dir. Devorning balandligi yetti yarim metrni, eni esa olti yarim metrni tashkil etadi. Devorni qurishdan maqsad Sin imperiyasining shimoldan qilinadigan hujumlaridan saqlanish edi. 1987-yilda esa UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Toj Mahal: Agradan uzoq bo‘lmagan Jamna daryosi qirg‘oqlarida joylashgan Toj Mahal haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Bu obida Boburiylar sulolasi tomonidan qurilgan. Shohjahon Toj Mahalni rafiqasi Mumtoz Mahal sharafiga qurdirgan. Maqbara qurilishi 1630- yilda boshlanib, 1652- yilda tugallangan.
Dunyo mo‘jizalari faqat qadimgi davlatlarda bo‘lgan deb o‘ylagan insonlar yanglishadilar. Bu kabi mo‘jizalar bugungi kunda ham barpo etilyapti. Buning isboti tariqasida Avstraliyadagi Sidney opera teatri yoki Pragadagi Raqsga tushayotgan uyni misol keltirishimiz mumkin. Bu ro‘yxatni esa yana davom ettirsa bo‘ladi.
Ushbu QR-Code ni skaner qilib, o‘quvchilarga mavzu to‘g‘risida videolavha qo‘yib beriladi.
1- topshiriq: guruhlar ortasida shart bajariladi. Ularga tarixiy inshootning rasmlari ko‘rsatiladi va savollar beriladi. Eng ko‘p va to‘g‘ri javob bergan guruh g‘olib bo‘ladi.
2- topshiriq: ma’lumotlarni davom ettiring.
a. Devorning balandligi 7,5 metrni, eni esa 6,5 metrni tashkil etadi…
b. Mumtoz Mahal sharafiga qurdirilgan maqbara 1630- yilda boshlangan…
d. Afsonalarga ko‘ra, unga bunday nom berilishiga sabab…
e. Inshootning qurilish jarayoni 20 yil davom etgan…
3- topshiriq: javobida 7 mo‘jizadan birini yashiruvchi topishmoqlar aytiladi (o‘qituvchi ijodkorligi talab etiladi). Eng birinchi to‘g‘ri javob bergan guruh ishtirokchilari kartochkalar bilan rag‘batlantiriladi.
Quvnoq dam olish daqiqasi.
O‘ng qo‘lni tepaga, chap qo‘lni pastga qil!
Keyin ikkalasini kulib-kulib birlashtir.
Aylanami, bir, ikki, uch, quvonch bilan yonar kuch,
Dam oldik, endi tayyormiz, bilimlarga ochiqmiz.
IV. Yangi mavzuni mustahkamlash.
4- topshiriq: «Mo‘jizani tugat» o‘yini. Har bir o‘quvchiga mo‘jizaning nomi va joyi beriladi, ular esa mo‘jiza haqida qisqacha ma’lumot yoki afsonani o‘z so‘zlari bilan to‘ldirib aytishadi.
V. O‘quvchilarni rag‘batlantirish va darsni yakunlash.
Darsda faol qatnashgan o‘quvchilar dunyoning 7 mo‘jizasi rasmi tushirilgan kartochkalar bilan taqdirlanadi, ushbu kartochkalar orqali «Dunyo mo‘jizalari» shahrini barpo qilishga eng ko‘p o‘z hissalarini qo‘shgan o‘quvchilar rag‘batlantiriladi.
VI. Uyga vazifa.
5- topshiriq: «Agar dunyoda yangi mo‘jiza yaratilganda qanday bo‘lardi?» mavzusida o‘quvchilar hikoya tuzishlari yoki rasm chizishlari kerak.
Zulfiya BERDIYEVA,
Yakkabog tumanidagi 42- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.