UZUNLIK O‘LCHOV BIRLIKLARI
Kundalik hayotda, dars o‘tish jarayonimizda atrofdagi narsalarning uzunligi, balandligi yoki masofalarni o‘lchaymiz.
Uzunlik o‘lchov birliklari – jismlar va masofalarning uzunligini o‘lchash uchun ishlatiladigan maxsus birliklardir. Bugungi kunda eng keng tarqalgan tizim – metrik tizim bo‘lib, u butun dunyoda qo‘llaniladi.
Uzunlikni qanday o‘lchaymiz?
Dastlab odamlar narsalarni o‘lchash uchun qo‘l va oyoqlaridan foydalangan. Masalan:
1. Qarich – kaftimizni yoyib o‘lchaydigan masofa.
2. Gaz – bilakdan barmoqlargacha bo‘lgan masofa.
3. Qadam – bir qadam tashlanganda, bosib o‘tilgan uzunlik.
Lekin bu usullar har doim aniq bo‘lmagani sabab, odamlar bir xil uzunliklarni ifodalash uchun o‘lchov birliklarini o‘ylab topdilar.
Uzunlik o‘lchov birliklari.
Hozirgi kunda biz metrik tizim deb ataluvchi o‘lchov tizimidan foydalanamiz. U quyidagi birliklardan iborat:
1. Millimetr (mm) – juda kichik uzunliklar uchun.
2. Santimetr (sm) – kichik narsalarni o‘lchash uchun.
3. Metr (m) – kattaroq narsalarni o‘lchash uchun.
4. Kilometr (km) – uzoq masofalarni o‘lchash uchun.
Masalan:
1. Qalam uzunligi taxminan – 15 sm.
2. Sinf xonasining eni – 4–5 metr.
3. Maktab bilan uyingiz orasidagi masofa 1 yoki 2 km bo‘lishi mumkin.
Uzunlikni qanday o‘lchash mumkin?
Uzunlikni o‘lchash uchun maxsus asboblardan foydalaniladi:
1. Chizg‘ich – kichik narsalarni santimetr va millimetrda o‘lchashda.
2. Ruletka – kattaroq narsalarni metr va santimetrda o‘lchashda.
3. Yo‘l belgilari – uzun masofalarni kilometrda aniqlashda ishlatiladi.
1- sinf o‘quvchilari uchun qiziqarli mashg‘ulot:
– o‘quvchilar, chizg‘ich yordamida daftaringiz uzunligini o‘lchang;
– doskaning uzunligini aniqlash uchun qo‘llar yoki qarich bilan necha marta o‘lchash mumkinligini aniqlang;
– kimning qadam uzunligi qancha ekanligini tekshiring va necha qadam tashlab 5 metrga yetib borishingizni hisoblang.
Misol: Anvarning qalami 14 sm uzunlikda, kitobi esa 25 sm. Kitob qalamdan necha santimetr uzun?
Bu misolni ishlashda o‘qituvchi o‘quvchilarga ayirish amalidan foydalanib, yechimni topish kerakligini o‘rgatadi.
Misol: Maktab bilan Boburning uyi orasidagi masofa 2 km. Agar u ertalab maktabga borib, kechqurun uyiga qaytsa, u jami necha kilometr yo‘l bosadi?
Bunday holatlarda o‘quvchilarga qadamlab o‘lchash osonroq ekanligi va har bir qadam orasidagi masofa taxminan 1 m deb hisoblansa,1000 qadamimiz 1 km ga to‘g‘ri kelishi aytib o‘tiladi.
Yechim: 2 km (borish) + 2 km (qaytish) = 4 km. Javob: Bobur jami 4 km yo‘l bosadi.
Uzunlik o‘lchov birliklari haqida maktab o‘quvchilariga hayotiy misollardan foydalanib tushuntirish yaxshi samara beradi. Bu usullar bilan ular buyumlarning uzunligini qanday o‘lchash va ularni qanday birliklarda ifodalashni bilib oladilar, buyumlar va masofalar haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘ladilar. Shuningdek, o‘lchov asboblaridan foydalanish ko‘nikmasi ham hosil bo’ladi.
Xafiza KUBAYEVA,
Forish tumanidagi
15- maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.