2026- YILDAN BOSHLAB TA’LIM SOHASIDA QATOR MUHIM  ISLOHOTLAR JORIY ETILADI

2026- YILDAN BOSHLAB TA’LIM SOHASIDA QATOR MUHIM ISLOHOTLAR JORIY ETILADI

2026- YILDAN BOSHLAB TA’LIM SOHASIDA QATOR MUHIM
ISLOHOTLAR JORIY ETILADI

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv-tarbiya jara­yonining samaradorligini oshirish hamda peda­gog kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026- yildan boshlab bir qator yangi tartib va mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi belgilandi.

Qardosh tillarda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun yangi darsliklar yaratiladi
2026- yildan e’tiboran qardosh tillarda ta’lim olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun o‘zbek tilini o‘qitishga mo‘ljallangan yangi avlod darsliklari ishlab chiqiladi. Mazkur darsliklar zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tayyorlanib, o‘quvchilarning til kompetensiyasini rivojlantirish hamda ularning amaliy nutqiy faoliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Maktabgacha ta’lim sohasida ser­tifikatlash tizimi joriy  etiladi
2026- yildan boshlab maktabgacha ta’lim tashkilotla­riga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-tarbiyachilar hamda psixologlar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi. Ushbu tartib ularning malakasini oshirish, kasbiy tayyorgarlik darajasini baholash va bolalar bilan ishlash sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan.
Texnikum bitiruvchilari uchun raqamli platforma  ishga tushiriladi
Mazkur yildan boshlab texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalariga oid barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yangi raqamli  platforma faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Platforma mehnat bozori ishtirokchilari, ta’lim muassasa­lari va bitiruvchilar uchun muhim axborot manbayi sifatida xizmat qiladi.
O‘qituvchilar uchun dars soatlari yangi tartibda taqsimlanadi
2026- yil 1- avgustdan boshlab umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun dars soatlarini taqsimlashning yangi mexa­nizmi joriy etiladi. Ushbu tartib o‘qituvchilar ish yuklamasini adolatli taqsimlash, ularning mehnatini samarali tashkil etish va sifatli ta’lim jarayonini ta’minlashga xizmat qiladi.
Maktab maslahatchilari moddiy rag‘batlantiriladi
2026- yil 1- sentabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga sertifikat amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Mazkur rag‘bat ularning kasbiy faolligi va mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan.
Pedagoglar oilalariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi
2026–2027- o‘quv yilidan boshlab davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to‘lovining 30 foizi miqdorida chegirma joriy etiladi. Ushbu choralar pedagoglarning ijtimoiy himoyasini kuchaytiradi hamda ta’lim sohasining ijtimoiy nufuzini oshiradi.
Muhandislik maktablarida yangi qabul tartibi yo‘lga qo‘yiladi
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab muhandislik yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar saralash asosida qabul qilinadi. Bir sinfda 24 nafar, maktab bo‘yicha esa jami 240 nafar o‘quvchi miqdorida cheklov o‘rnatiladi. Bu ta’lim sifati va o‘quvchilarga individual yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yangi oliy ta’lim yo‘nalishlari ochiladi
Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali o‘z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Buxoro davlat pedagogika institutlarida «Chaqiriqqacha harbiy ta’lim» yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha qabul kvotalari ajratiladi.
Bundan tashqari, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida boshqaruv tizimi takomillashtirilib, xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Universitetda «Gospital pedagogika» magistratura yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu islohotlar ta’lim tizimini tubdan yangilash, zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda pedagoglarning ijtimoiy mavqeyini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, ularning amaliy natijalari yaqin yillarda o‘z samarasini ko‘rsatishi kutilmoqda.

Fikr bildirish