BOLANING AQLINI CHARXLASH

BOLANING AQLINI CHARXLASH

BOLANING AQLINI CHARXLASH

 

Ota-ona bolam aqlli bo‘lsin deb ko‘p harakat qiladi. Lekin bolaning miyasini tabiiy ravishda rivojlantirish uchun birgina narsa kerak, u ham bo‘lsa, ota-onaning bolaning rivojlanishiga to‘g‘ri yondashishidir.

 

Janubiy Koreya ta’lim tizimida bu masalaga qanday qaraladi?

1. Bolaga ta’limni na erta, na kech, balki o‘z vaqtida berish lozim. Bolaning yoshiga muvofiq ravishda unga bilim berish kerak. Ikki yoshlik bolaga alifbeni o‘rgatsa, tez orada o‘rganib oladi, lekin shu bilan bir qatorda uning kreativlik, tabiiy qiziqish va tasavvur qilish qobiliyatlari so‘nib boradi. Endi unga «non» so‘zini aytsangiz, u «och qorin, issiqqina non, yumshoq patir, onamning qo‘llari» kabi tasavvurlarni o‘rniga «n», «o», «n» harflaridan iborat so‘zni tasavvur qiladi xolos. Bu uning miyasining tasavvur va xayol qilish qobiliyatini zaiflashtiradi.
Bolaning 3 yoshigacha miyasining asosiy tuzilmalari va asab to‘qimalari shakllanadi. Hissiyotlar miya rivojlanishida katta turtki bo‘lgani uchun, bu davrda bolaga ota-onaning mehr va muhabbati kerak xolos. Agar bola shu davrda ota-onaning mehrini yetarlicha olishga ulgurmasa kelajakda insonlarga bog‘lana olmay, mehr yetishmovchiligidan qiynalib yashaydi.
Bolaning 3 yoshidan 5 yoshiga qadar miyasining o‘ylash qobiliyatini, odamgarchilik va axloq tuyg‘ularini shaklantiruvchi qismi keskin rivojlanadi.
Bolaning 6 yoshidan 12 yoshiga qadar miyasining til, matematika va jismoniy qobiliyatlarni shakllanti­ruvchi qismi rivojlanadi.
Bolaga ta’lim berilayotganda ana shu davrlarga mos keluvchi bilimni berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
2. Bolaga shunday ta’lim berish kerakki, bunda ­uning barcha hissiyot a’zolari jalb etilgan bo‘lishi lozim. Ya’ni bola rivojlanish jarayonida o‘zi mustaqil ravishda tegish, ko‘rish, eshitish, hidlash va mazasini bilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlash muhim.
3. Bolaga yoshligidan axloqni o‘rgatish miya rivoj­lanishida katta ahamiyatga ega. Kichikligidan kattalarni hurmat qilishni, salom berishni, qoidalarga amal qilishni, yo‘l harakati qoidalar va boshqa shu kabilarni o‘rganib borgan bola hayot davomida qiynalmaydi va kam xato qiladi.
4. Bolaga bilim olish xursandchilik keltirishi kerak. Bolani qiynab, barvaqt o‘qish yoki yozishga o‘rgatib, o‘yindan holi qilish stress olishiga olib keladi. Natijada bolada har xil kasalliklar yuzaga kelishi mumkin. Bola bilimni o‘z xohishi bilan o‘zlashtirishi kerak. Agar istamayotgan bo‘lsa, demak ota-ona uni qiziqtirish yo‘lini topa olmayapti.
5. Agar ota-ona quyidagi tamoyillarga amal qilsa, bola aqlli bo‘lib o‘sadi:
*bola ertalab albatta nonushta qilishi muhim: uyqudan so‘ng bolaning miyasi o‘z faoliyatini boshlashi uchun energiyaga muhtoj bo‘ladi;
*bolani kun mobaynida tez-tez ovqatlantirish lozim: bunda uning xotirasi rivojlanadi;
*bola yetarlicha uxlashi lozim: uyquda miya to‘qimalari dam oladi va imkoniyatlari yaxshilanadi;
*faol bolaning miyasi ham faol rivojlanadi. Bola ovqatlanishni, xonasini yig‘ishtirishni, o‘yinchoqlarini o‘ynash va hokazolarni mustaqil ravishda bajarishi kerak;
*tegish natijasida yuz beradigan hissiyotlar miya bilan keskin bog‘liq. Bolani kun mobaynida ko‘proq o‘pib, quchoqlab turish kerak!

Dilnoza MUSTAFOYEVA,
Vobkent tumanidagi 34- maktabning
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish