«Super o‘qituvchi»
loyihasi uchun
BOLANING FIKRINI O‘ZGARTIRSANGIZ — TAQDIRINI O‘ZGARTIRASIZ
Birinchi sinfga kelgan bola nimadan qo‘rqadi? Bu savolga javobni turli kuzatuvlar orqali izohlash mumkin. Keling, asosiylarini sanab o‘tsak: yangi muhitdan, o‘qituvchidan, xato qilishdan, yangi do‘stlar topa olmasligidan, talablar ko‘pligidan. Ustoz qarshisida topshiriqlarni bajara olmayotganidan. Sinfingizda ham shunday bolalar bormi? Masalan, matematikadan misol yecha olmay, «Men buni uddalay olmayman» deydigan yoki futbol o‘ynayotganda bir marta tepgan to‘pi darvozaga kirmasa, yana urinib ko‘rish o‘rniga «men eplay olmayman» fikri bilan chekinib qoladiganlar-chi? Albatta, bu kabi bolalar barcha sinflarda bor. Bugungi adabiyotimiz aynan insonning fikrlash uslubi haqida hikoya qiladi.

Mindset: The New Psychology of Success – amerikalik psixolog Carol S.Dweck tomonidan yozilgan mashhur kitob bo‘lib, u inson muvaffaqiyatida fikrlash tarzining qanchalik muhim ekanini tushuntiradi. Kitob 2006- yili nashr etilgan hamda ta’lim, biznes va shaxsiy rivojlanish sohasida katta ta’sir ko‘rsatgan.
Muallifning fikricha, odamlar asosan ikki xil fikrlash turiga ega bo‘ladi:
- Fixed Mindset (o‘zgarmas fikrlash).
Bu fikrlashga ega odamlar shunday o‘ylaydi:
- qobiliyat va aql tug‘ma;
- agar biror narsani uddalay olmasa → demak u bunga qobiliyatsiz;
- xatodan qo‘rqadi;
- qiyinchiliklardan qochadi.
Masalan: «Men matematika odamimasman, baribir o‘rganolmayman». Bunday fikrlash insonni rivojlanishdan to‘xtatadi.
- Growth Mindset (o‘sishga yo‘naltirilgan fikrlash).
Bu fikrlashga ega odamlar esa shunday o‘ylaydi:
- qobiliyat mehnat va mashq orqali rivojlanadi;
- xatolar – o‘rganish imkoniyati;
- qiyinchilik – rivojlanish bosqichi.
Masalan: «Hozir bilmayman, lekin mashq qilsam o‘rganaman». Bunday odamlar: qiyinchiliklarni qabul qiladi, tanqiddan o‘rganadi, muvaffaqiyatsizlikdan saboq oladi.
Bu kitobni o‘qigan o‘qituvchi darsdagi vaziyatga boshqa nigoh bilan qaray boshlaydi. Masalan, o‘qish darsini olaylik, bir o‘quvchi matnni sekin o‘qiydi va xato qiladi.
Noto‘g‘ri yondashuv: «Sen hali yaxshi o‘qiy olmaysan».
To‘g‘ri yondashuv: «Bugun sen kechagidan yaxshiroq o‘qiding. Mashq qilishda davom etsak, yanada yaxshi bo‘ladi».
Natijada bola o‘z rivojlanishini ko‘ra boshlaydi.
Yoki o‘quvchi harflarni chiroyli yozolmayapti.
Noto‘g‘ri yondashuv: «Qaranglar, Dilshod qanday chiroyli yozdi, siz ham shunday yozing».
Kitobga ko‘ra yondashuv: «Kecha yozganingdan ko‘ra bugun harflaring ancha tekis bo‘libdi».
Natijada bola boshqalar bilan emas, o‘zi bilan solishtiriladi.
Xulosa qilib aytganda, muallif kitobda:
- muvaffaqiyat faqat iste’dodga emas, balki fikrlash tarziga bog‘liqligi;
- qiyinchilikdan qochadigan odam rivojlana olmasligi;
- xato qilish – bu o‘sish jarayonining bir qismi ekani;
- o‘qituvchilar va ota-onalar bolani iste’dodi uchun emas, harakati uchun maqtashi kerakligi haqidagi g‘oyalarni birlashtiradi.

Shunday qilib, Mindset: The New Psychology of Success kitobi bizga muhim haqiqatni eslatadi: bola muvaffaqiyatining kaliti faqat iste’dodda emas, balki uning fikrlash tarzida yashirin.
Sinfda aytilgan oddiy bir jumla ham bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini kuchaytirishi yoki aksincha, uni qo‘rquv va ikkilanish ichida qoldirishi mumkin. Shuning uchun o‘qituvchi bolalarga xato qilish – bu mag‘lubiyat emas, balki o‘rganishning boshlanishi ekanini o‘rgatishi kerak.
Agar bola «Men uddalay olmayman» degan fikr o‘rniga «Men hali o‘rganaman» deb ayta boshlasa, demak o‘qituvchi eng muhim vazifasini bajargan bo‘ladi. Chunki aynan shu fikr kelajakda muvaffaqiyatga eltadigan eng katta kuchga aylanadi.
Sadoqat RO‘ZIYEVA.
