YER VA UNING QO‘SHNILARI

YER VA UNING QO‘SHNILARI

YER VA UNING QO‘SHNILARI

Darsning maqsadi:
a) sayyoralar haqida tushuncha berish;
FK-1: yer yuzidagi tabiiy jarayon, hodisalarni kuzatadi va ayta oladi;
b) ekologik tarbiya berish;
TK-4: jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jara­yonlarga daxldorlikni his etish;
d) tabiatga g‘amxo‘rlik hissini uyg‘otish;
FK-4:  sayyoralar nomi va ularni muhofaza qilish haqida aytib bera oladi.
Dars turi: yangi bilim berish.
Dars metodi: «Muzyorar», «Mosini top», «Ortiqchasini top», «BBB» metodlari.
Dars jihozi: rangli rasmlar, tarqatma, test, slayd, boshqotirma.
Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism.
O‘quvchilar saflanib turadi. Salomlashish. Tabiat haqida she’r. O‘qituvchi guruh nomlari bilan tanishtiradi.
1- guruh: Yulduz
2- guruh: Quyosh
3- guruh: Oy
Har bir o‘quvchi qo‘lidagi so‘zni o‘qib, o‘z guruhini topib o‘tiradi.
Har bir guruh a’zolari «Muzyorar» metodi orqali o‘z ismiga mos tabiatga oid so‘zlar aytadi. Masalan, Diyor-daraxt, Barno-barg, Salim-suv…
Navbatchi axboroti.
Tabiat haqida suhbat.
Fasl bayramlari.
Guruhlarga testlar tarqatiladi.
«Mosini top» metodi.
Quyosh – bizga eng yaqin bo‘lgan yulduz.
Yulduz – bizdan nihoyatda olisda lov-lov yonib turgan shar shaklidagi ulkan osmon jismidir.
Mirzo Ulug‘bek – osmondagi yulduzlarni o‘rgangan olim, buyuk ajdodimiz.
II. O‘tilgan mavzuni so‘rash.
Yer – Quyosh sistemasidagi sayyora.
Har bir guruh a’zolari o‘tilgan mavzuni gapirib beradi. O‘tilgan mavzuni mustahkamlash uchun boshqotirma bajariladi.
Globus bilan ishlash.
Savol-javob o‘tkaziladi:
Yulduz nima?
Yulduzlar bir-biridan qanday farq qiladi?
Nimaga Quyosh «eng yaqin yulduz» deyiladi?
Quyosh diametri Yernikidan necha marta katta?
Quyoshning jonli tabiat uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini so‘zlab bering.
III. Yangi mavzu bayoni: Sayyoralar.
Yangi mavzu tushuntiriladi.
SAYYORALAR
Quyosh sistemasi
Quyosh atrofida sayyoralar, kometalar, meteorlar va boshqa osmon jismlari aylanib yuradi.
Quyosh va uning atrofida aylanib yuruvchi barcha osmon jismlari birgalikda Quyosh sistemasini tashkil etadi.
Tunlari ba’zida xira «yulduz»ning boshqa yulduzlar orasida siljiyotganini, ya’ni sayr qilib yurganini payqash mumkin. Bunday osmon jismi aslida yulduz emas, balki sayyoradir.
Quyosh sistemasidagi yirik osmon jismlari sayyoralar deb ataladi.
Sayyoralar o‘zidan nur chiqarmaydi. Biz sayyoralardan qaytayotgan Quyosh nurlarini ko‘ramiz, xolos.
Quyosh atrofida 8ta sayyora aylanib yuradi. Ular quyidagicha nomlanadi: Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun.
         
Har bir sayyora o‘z orbitasiga ega. Sayyora orbitasi bu – Quyosh atrofida sayyoraning harakat yo‘li bo‘lib, 6- rasmda aylana chiziqlar bilan ko‘rsatilgan.
Sayyoralar katta-kichikligi, Quyoshdan uzoq-yaqinligi bilan bir-biridan farq qiladi.
Kichik sayyoralar
Merkuriy
Sayyoralarning eng kichigi Merkuriydir. Uning diamet­ri Yernikidan deyarli 3 marta kichik. Merkuriy Quyosh atrofini 88 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Sirtida tuproq yo‘q. Sirti tosh va qumliklardan iborat. Mayda osmon
jismlarining tushaverishidan sirti o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketgan. Merkuriy sirtida havo va suv yo‘q. Unda hayot borligi haqida hech qanday belgi mavjud emas. Merkuriy sirtida harorat kunduzi +430°C, kechasi esa −160°C atrofida bo‘ladi.
Venera
Venera sayyorasi Yerdan biroz kichik. Quyosh atrofini 225 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Sayyora­ni qoplagan gazlar va bulutlar Quyosh nurlarini
yaxshi qaytarishi natijasida tunlari bizga u yulduz kabi charaqlab ko‘rinadi. Hatto, erta tongda yulduzlar ko‘rinmay qolganda ham Venera sayyorasi porlab turadi. Shuning uchun qadimda Venera sayyorasini «Zuhro yulduzi», «Tong yulduzi» deb atashgan. Arabchada «zuhro» so‘zi «tong» degan ma’noni bildiradi. Sayyorada vulqonlar otilishidan tog‘lar vujudga kelgan. Sayyora sirtida harorat kunduzi +470°C gacha, kechasi +20°C gacha bo‘ladi. Venerada hayot yo‘q.
Yer
Biz yashaydigan Yer shari ham Quyosh atrofida aylanib yuruvchi sayyoralardan biridir. Sayyoramiz Qu­yosh atrofini 365 sutka 6 soatda bir marta aylanib chiqadi. Quyosh sistemasidagi mavjud 8ta sayyoradan faqat Yerda hayot bor. Faqat bizning sayyoramizdagina hayot uchun sharoit mavjud. Yer va boshqa sayyoralarning atrofida osmon jismlari aylanib yuradi.
Sayyora atrofida doimiy aylanib yuradigan yirik osmon jismi tabiiy yo‘ldosh deb ataladi.
Sayyoralardan Merkuriy va Veneraning tabiiy yo‘ldoshlari yo‘q. Boshqa barcha sayyoralarning tabiiy yo‘ldoshi mavjud. Yerning bitta tabiiy yo‘ldoshi bor. Bu – Oydir.
Mars
Marsning diametri Yernikidan ikki marta kichik. Mars Quyosh atrofini 687 sutkada bir marta aylanib chiqadi. Mars sayyorasi siyrak karbonat angidrid va boshqa gazlar bilan qoplangan. Bu gazlardan qaytgan Quyosh nurlari bizga qon rangiga yaqin bo‘lgan qizg‘ish tusda ko‘rinadi. Shuning uchun qadimda Mars sayyorasini «Urush xudosi» deb atashgan. Marsning sirti tosh va qumlar bilan qoplangan. Sayyorada harorat kunduzi +17°C gacha, kechasi −100°C gacha bo‘ladi. Mars sayyorasining 2ta tabiiy yo‘ldoshi bor. Marsdan muzla­gan suv parchalari topilgan. Lekin bu sayyorada ham hayot yo‘qligi aniqlangan.
Katta sayyoralar
Yupiter
Yupiter eng katta sayyora hisoblanadi. Quyosh atrofini 12 yilda bir marta aylanib chiqadi. Uning dia­metri Yernikidan 11 marta katta. Bu sayyora ulkan
bo‘lsa-da, uning sirtida tog‘lar va chuqurliklar yo‘q.Chunki uning sirti, asosan, suyuq holatda bo‘lib, deyarli vodorod va geliy gazlari bilan o‘ralgan. Yupiter sirti kunduz kuni ham sovuq bo‘lib, harorat −100°C gacha pasayadi.
Yupiter sayyorasining 67ta tabiiy yo‘ldoshi bor.
Saturn
Saturn ham ulkan sayyora hisoblanadi. U Yupiterdan biroz kichikroq. Quyosh atrofini bir marta aylanib chiqishi uchun 30 yilga yaqin vaqt ketadi. Saturn halqali sayyoradir. Uning halqalari turli qattiq jismlar va changlardan iborat. Sirti suyuq holatdagi moddalardan tashkil topgan. Uni vodorod, geliy, metan kabi gazlar o‘rab turadi. Sirtidagi o‘rtacha harorat −180°C atrofida bo‘ladi. Saturn sayyorasining 60ta tabiiy yo‘ldoshi bor.
Uran
Uran sayyorasining diametri Yernikidan 3 marta katta. Lekin Yerdan juda uzoqda bo‘lgani uchun bu sayyorani ko‘rib bo‘lmaydi. Bu va undan uzoqdagi
Neptun sayyorasini faqat maxsus asboblar yordamida ko‘rish mumkin. Quyosh atrofini 84 yilda bir marta aylanib chiqadi. Sayyora sirti muzlagan moddalardan
iborat. Sirti vodorod, geliy, metan kabi gazlar bilan qoplangan. Sayyora sirtidagi o‘rtacha harorat −210°C ni tashkil etadi. Uran sayyorasining 27ta tabiiy yo‘ldoshi bor.
Neptun
Neptun sayyorasi Uran sayyorasidan biroz katta. Quyosh atrofini 168 yilda bir marta aylanib chiqadi. Sayyora sirti suyuq holatdagi moddalardan iborat.
Sirtini vodorod, geliy, metan kabi gazlar o‘rab turadi. Neptun sirtidagi harorat −200°C atrofida bo‘ladi. Neptun sayyorasining 13ta tabiiy yo‘ldoshi bor. O‘quvchilar parta oralab o‘qitiladi.
IV. Mustahkamlash.
«Rasmlarni  joylashtirish» mashqida   o‘quvchilar  oldindan  tayyorlangan
Oy, Quyosh, yulduzlar, Yerning  kesma rasmlaridan  applikatsiya  ko‘rinishidagi ajoyib  manzarani  yasashga  harakat  qiladilar.
Yangi mavzuni  mustahkamlash maqsadida savol-javob o‘tkaziladi:
1. Yer  Quyosh atrofida necha kunda 1 marta aylanib chiqadi?
A. 362           B.364       D. 365
2. Yer o‘z o‘qi atrofida aylanganda qanday hodisa  ro‘y beradi?
A. Fasllar  almashadi  B. Tun  va  kun bo‘ladi   D. Yil  almashadi
3. Oy bizga  nega  har  xil ko‘rinadi?
A. Bir tomonini quyosh  yoritganda
B. Nur sochmaganligi uchun
D. Juda  olisdaligi  sabab
«Davom  ettiring» mashqi o‘tkaziladi. Bunda  o‘qituv­chi  darslikda  berilgan  mavzudan istalgan  so‘zni  o‘qiydi.  O‘quvchilar esa, davom ettirishlari kerak.
O‘quvchilarning  mavzuni qanchalik  tushunganliklari ular  bergan javoblari  asosida  aniqlanadi.
«Ortiqchasini top» metodi.
Tekisliklar, tog‘, daryo, okean, adir, qir, uran, yulduz.
Yupiter, Mars, Venera, Turon, Oy, Mekuriy, Yer.
Kometa, yulduz, oy, quyosh, tekislik, meteoritlar, daryo.
Savollarga javob topish.
V. Darsni yakunlash.
Baholash: O‘quvchilarni  darsdagi  ishtiroki  uchun  rag’batlantirish, kartochkalarni  tarqatish, faol  ishtirok  etgan  o‘quvchilarga  «Ofarin» maqtovini  birgalikda  aytib, olqishlash.
«BBB» metodi
O‘quvchilarning  og‘zaki  javoblari  tinglanadi, darsdan  olgan  taassurotlari  umumlashtiriladi, dars  yakunlanadi.
Bilaman Bilib oldim Bilishni istayman
VI. Uyga vazifa: o‘qib, o‘rganish.
Shoiraxon XODJAYEVA,
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 
319- IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.

Fikr bildirish