OT SO‘Z TURKUMI
Ona tili darslarida ot so‘z turkumini o‘rgatish jarayoni o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos ravishda olib borilishi lozim. Bunda an’anaviy yondashuvlardan tashqari, zamonaviy interaktiv metodlar, o‘yinli mashg‘ulotlar va vizual materiallardan foydalanish dars samaradorligini oshiradi.
1. Ot so‘z turkumining umumiy tavsifi. Ot so‘z turkumi mustaqil so‘z turkumlariga kirib, narsa-buyum, shaxs, hodisa va tushunchalar nomini bildiradi. U quyidagi xususiyatlarga ega:
• leksik-ma’noviy xususiyati – ot predmetning nomini bildiradi. Masalan: kitob, daraxt, bola, quyosh.
• morfologik belgisi – otlar son (birlik, ko‘plik) va egalik qo‘shimchalarini qabul qila oladi. Masalan: bola – bolalar, uy – uyim.
• sintaktik vazifasi – otlar gapda ega, to‘ldiruvchi va ba’zan hol vazifasida kelishi mumkin. Masalan: Bola kitob o‘qiyapti. (bola – ega).
2. Otlarning turlar. Otlar ma’no va grammatik belgilarga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi:
2.1. Ma’no jihatidan turlari: jonzot otlar – odam va hayvonlarni bildiradi. Masalan: bola, muallim, mushuk, ot; nojonzot otlar – narsalar, hodisalar, tushunchalarni bildiradi. Masalan: kitob, stol, yomg‘ir, baxt.
2.2. Umumiy va xos otlar: xos otlar – aniq bir shaxs, joy, muassasa, atamalar nomini bildiradi va bosh harf bilan yoziladi. Masalan: O‘zbekiston, Anvar, Amudaryo; umumiy otlar – umumiy tushunchalarni bildiradi. Masalan: daryo, shahar, o‘qituvchi, daraxt.
2.3. Oddiy va murakkab otlar: oddiy otlar – bitta so‘zdan iborat bo‘ladi. Masalan: kitob, suv, do‘st; murakkab otlar – ikki yoki undan ortiq so‘z birikishi natijasida hosil bo‘ladi. Masalan: oyna-ramka, boshliq-o‘rinbosar, yong‘oq daraxti.
2.4. Aniq va mavhum otlar: aniq otlar – ko‘z bilan ko‘rish yoki sezish mumkin bo‘lgan narsalarni bildiradi. Masalan: uy, non, guldon; mavhum otlar – his-tuyg‘u, tushuncha va hodisalarni bildiradi. Masalan: baxt, mehr, g‘am, ilm.
3. Otning gapdagi vazifasi. O‘zbek tilida ot gapning turli bo‘laklari vazifasida kelishi mumkin: ega – Bolalar bog‘da o‘ynayapti (bolalar – ega). To‘ldiruvchi – Men kitob o‘qiyapman (kitob – to‘ldiruvchi). Hol – O‘qituvchi qiziqish bilan gapirdi (qiziqish bilan – hol).
4. Boshlang‘ich sinflarda ot so‘z turkumini o‘rgatish metodikasi.
4.1. Ko‘rgazmali metod: bolalar vizual materiallar orqali mavzuni yaxshi o‘zlashtiradi. Masalan, rasmlar, kartochkalar va jadvallar yordamida otlarni tushuntirish mumkin. Mashq: o‘quvchilarga turli rasmlar berilib, ulardagi narsalar nomlarini aytish so‘raladi.
4.2. O‘yinli metod: o‘yin orqali o‘qitish bolalarning faolligini oshiradi. Masalan, «Kim ko‘proq ot ayta oladi?» o‘yini. Mashq: o‘quvchilar doira shaklida turib, navbat bilan ot so‘z turkumiga oid so‘zlarni aytadilar. Kim sustlik qilsa, o‘yindan chiqadi.
4.3. Interaktiv metod: guruhli va juftlikda ishlash usullari orqali mavzu chuqurroq o‘zlashtiriladi. Mashq: o‘quvchilar juftliklarga bo‘linib, bir-biriga savollar beradi va ot so‘z turkumiga oid gaplar tuzadi.
4.4. Kreativ yozuv va hikoya tuzish: o‘quvchilarga berilgan rasmlar asosida hikoya tuzish topshirig‘i beriladi. Mashq: o‘quvchilarga 3-4 ta rasm beriladi, ular rasmlarga qarab qisqa hikoya tuzishlari kerak.
5. Mustahkamlash uchun mashqlar:
5.1. Rasmdagi otlarni aniqlash: o‘quvchilarga rasm berilib, undagi barcha otlarni topish so‘raladi.
5.2. So‘zlarni to‘g‘ri ajratish: so‘zlar ro‘yxati beriladi va o‘quvchilar ularni ot va boshqa so‘z turkumlariga ajratadilar.
5.3. Matndagi otlarni ajratish: matn berilib, undagi barcha otlarni ajratib yozish topshiriladi.
5.4. Otlar bilan gap tuzish: berilgan otlar asosida gap tuzish vazifasi bajariladi.
Mavzu dоirasida interaktiv metоdlar.
«Sarguzashtli o‘qish va yozish» metodi.
Ta’rif: o‘quvchilar so‘zlarni o‘rganishda «sayohat» qilishadi. Har bir darsda ular yangi so‘zlarni o‘ziga xos tarqatilgan xaritalar yordamida o‘rganadilar. Misol uchun, o‘quvchilar biror yangi so‘zni o‘rganishdan oldin, u so‘z bilan bog‘liq tasvirlar, kinolar yoki hikoyalar orqali «sayohat» qilishadi. Keyin, o‘qish yoki yozish mashqlarida o‘sha so‘zlarni ishlatishlari kerak.
Maqsad: o‘quvchilar so‘z boyligini kengaytirish va yangi so‘zlar bilan ishlashni qiziqarli qilish.
Topshiriq. Rasmdagi ertakni oʻqing. Ertakdagi ot soʻz turkumiga oid soʻzlarni soʻroqlar yordamida aniqlang (3- sinf ona tili).
«Tayyorlovchi qahramonlar» metodi.
Ta’rif: bu metodda o‘quvchilar o‘zlari yaratgan «qahramonlar» asosida hikoya tuzishadi. O‘quvchilar bir necha qahramonni, ularning xarakterini va o‘zaro munosabatlarini tasavvur qilishadi. So‘ngra, guruh bo‘lib, birgalikda ushbu qahramonlar orqali biror hikoya yaratadilar. Bu metodni turli xil «mashqlar» bilan boyitish mumkin, masalan, «Qahramon qanday qilib muammoni hal qiladi?» kabi savollarni kiritish.
Maqsadi: o‘quvchilarga ijodiy fikrlash, hikoya tuzish va yozma nutqni rivojlantirishni o‘rgatish.
Topshiriq. Berilgan soʻzlardan asosdosh so‘zlar hosil qiling va ular ishtirokida kichik hikoya tuzing. (3-sinf ona tili.)
«So‘zlar orqali tushunish va ifodalash» metodi.
Ta’rif: bu metodda o‘quvchilar bir-birlariga «kreativ xatlar» yozishadi. Har bir o‘quvchi xatda o‘zi uchun muhim bo‘lgan biror mavzu yoki so‘zni ta’riflab, shu so‘z bilan bog‘liq shaxsiy fikrlarini yoki tajribalarini yozadi. Keyin, xatlar boshqa o‘quvchilarga yuboriladi va ular bu xatni tahlil qilib, o‘z fikrlarini yozadilar.
Maqsad: o‘quvchilarning yozma nutqini rivojlantirish, so‘z boyligini oshirish va o‘z fikrlarini aniq va tushunarli tarzda ifodalashga yordam berish.
«Tasviriy so‘zlarni o‘rganish» metodi.
Ta’rif: o‘quvchilar bu metodda so‘zlarni faqat ma’nolariga qarab emas, balki tasviriy jihatdan ham o‘rganadilar. Har bir so‘zning ma’nosini, uning qanday tasvirlanishini, qanday so‘zlar bilan bog‘lanishini ko‘rib chiqadilar. Masalan, «yog‘ingarchilik» so‘zi orqali o‘quvchilar dars davomida yomg‘irning turli holatlarini tasvirlashadi, keyin esa o‘z so‘zlarini ishlatgan holda kichik hikoyalar yaratadilar.
Maqsad: o‘quvchilarning tasavvurini rivojlantirish, so‘zlarning vizual va hissiy ahamiyatini tushuntirish.
Topshiriq. 3- sinf ona tili.
«Shirinliklar yarmarkasi»
metodi
Dastlab bu usulni birgina sinf ichida o‘tkazib ko‘ring. Istalgan shirinlik olib kelib, har bir shirinlikka savol bog‘lab chiqing. Idishga barcha shirinliklar solinadi. O‘quvchi istaganini tanlaydi. Savolga to‘g‘ri javob bera olsa, shirinlik bilan taqdirlanadi.
«Hozirjavoblik» metodi
A’zolari beshtadan iborat bo‘lgan ikkita guruh hosil qilinadi. Har bir o‘quvchida mavzuga oid o‘zlari tuzgan savollar bo‘ladi.
Qiziqarli tomoni o‘quvchilarning joylashuvida. Beshta o‘quvchi stullarini doska yoniga chiqarishadi va birining orqasidan ikkinchisi, ikkinchisining orqasidan uchinchisi o‘tirishadi(poyezdga o‘xshab). Raqib jamoa ham ularning ro‘paralarida xuddi shu tartibda o‘tirib olishadi.
A guruhdagi birinchi raqamli o‘quvchi B guruhdagi birinchi raqamli o‘quvchiga savol beradi va B guruhdagi ishtirokchi uch soniyada javob berishi kerak.
Savol-javob qilgan birinchi raqamli ishtirokchilar orqaga beshinchi stulga borib o‘tirishadi. Qolganlar ham o‘z o‘rinlarini o‘zgartirishadi. 2- raqam 1- raqamli joyga, 3- raqam 2- stulga o‘tishadi…
□ 1 □ 2 □ 3 □ 4 □ 5
Shu tarzda 5- ishtirokchilar ham savol-javob qilishadi. Va o‘quvchilar dastlabki holatga qaytishadi. Endi savolni ikkinchi jamoa beradi. To‘g‘ri javoblari soni ko‘p bo‘lgan guruh g‘olib hisoblanadi.
«Qiyin va oson» metodi
Bola uchun aniq belgilab qo‘yilgan «qiyin» yoki «oson» degan tushunchalar yo‘q. Aslida hamma narsa oson yoki qiyin bo‘lishi mumkin. Barchasi inson miyasi buni qanday qabul qilishida. O‘quvchilar bilan ham bu muammoni hal qilish choralarini izlab ko‘ring.
Ulardan mavzuga doir o‘zlari uchun qiyin va oson deb bilgan tushunchadan qog‘ozchalarga bittadan yozishini so‘rang. (Shartni galma-gal bajarishadi.) 2 quti olib, birinchisiga «oson», boshqasiga «qiyin» deb yozilgan qog‘ozlarni yopishtirib qo‘ying. O‘quvchilar qo‘llaridagi «oson» va «qiyin» tushunchalarni tegishli qutilarga soladilar. Keyin esa qutilar ustidagi yozuvlarni almashtirib qo‘ying. Endi qiyin deb bilgan iboralari «oson» tushunchalar qutisida turibdi. Ko‘rish orqali idrok qilib, miyaga «oson» signali yetib boradi va o‘sha jumlaga nisbatan fikr o‘zgaradi. Aslida esa ularda aynan qiyin deb o‘ylagan ma’lumotlari haqida ham to‘g‘ri fikr bor, to‘g‘ri xulosani bilishadi, faqatgina miyalari nimadir sabab bilan qiyin deb tasavvur qilib qolgan. Biroz chalkashlik tufayli qabul qilishni istashmaydi. O‘quvchi o‘zi uchun qiyin tuyulgan birikmani «oson» qutisidan oladi va izohlashga harakat qiladi.
Keyin esa «qiyin» qutisidan o‘zi uchun oson ma’lumotni oladi. Dastlab, bu ma’lumotni qiyin deb o‘ylashi mumkin, ammo 1 soniyadan so‘ng miyasidagi fikrlar jamlanib, o‘sha tushunchaning ma’nosini aytadi. Anglaydiki, aslida «qiyin» qutidan olingan bo‘lsa ham u buni bildi, ayta oldi. Muhimi miya holati va o‘quvchining xohishi.
Har bir tushuncha uch martadan takror-takror izohlanadi. Qaytadan qutiga solinadi. Qutilar ustidagi yozuv dastlabki holatiga qaytariladi. O‘quvchi yana qog‘ozchalarni oladi va u o‘z-o‘zidan to‘g‘ri javob bera boshlaydi. Ham takrorlash, ham yodlash orqali «qiyin» signali «oson»ga almashadi.
Manzura ABDULLAYEVA,
Qiziriq tumanidagi
32- maktabning boshlang‘ich
sinf o‘qituvchisi.