Bolalarning yoshligidanoq sevimli o‘yinchog‘i bo‘lgan koptok asosan futbol, basketbol, golf, tennis va voleybol kabi sport o‘yinlarida foydalaniladigan shar shaklidagi predmet. Undan gimnastika sport turida ham foydalaniladi.U sport o‘yinlari uchun qulay bo‘lib, turtib chiqqan joylarining yo‘qligi va yumshoqligi jarohat olishni kamaytiradi. Dumaloq shakli to‘pga istalgan yo‘nalishda uzoq masofaga uchish imkonini beradi. O‘yinlar darvozaga gol kiritish maqsadida va koptokni to‘rdan oshirish yo‘nalishida kechadi.
Har xil sport turlaridagi koptoklar rangi va hajmi bilan bir-biridan farq qiladi. Bugungi kunda ularning 40dan ortiq turi mavjud. Biz bilgan bugungi koptoklar shu ko‘rinishga kelgunga qadar qanday bo‘lganligi haqida yangi «Sport sahnasi» ruknida suhbatlashamiz.
Quyosh kabi dumaloq bo‘lganligi uchun qadimgi Gretsiyada koptok eng mukammal jism hisoblangan. Ular to‘plarni teridan tikib, ichini qush patlari yoki jun, rimliklar esa anjir urug‘i bilan to‘ldirishgan. Mahalliy hindular to‘pni daraxt po‘stlog‘ining kesilgan joyidan chiqadigan yelim (bizga kauchuk nomi bilan ma’lum)dan tayyorlashgan. Bugungi kunda esa ular asosan rezinadan sport turiga qarab mustahkam qilib tayyorlanmoqda.
Futbol to‘pi. Eski koptoklar dastlab jigarrang va oq rangda bo‘lgan. Keyinchalik oq-qora televizorda futbol o‘yinlarini uzatishni yaxshilash maqsadida ular olachipor — qora besh burchak va oq olti burchakli bo‘ldi. Bu rang koptoklar uchun standart va tartib ramziga aylandi. 1872- yili futbol to‘pining standart og‘irligi va hajmi belgilanmagunga qadar tomonlarning kelishuviga ko‘ra aniqlangan. Bugungi kunda futbol koptogining og‘irligi 410—450 gramgacha, hajmi 68.6 sm.dan 71.7sm.gacha belgilangan.
Tennis koptogi. Diametri taxminan 6,35—6,67 santimetr bo‘lgan tennis koptoklari bo‘lishi ham mumkin. Ammo katta musobaqalarda asosan sariq rangda bo‘ladi. Tennis koptogi unga boshqacha shakl beruvchi namat bilan qoplangan. Uning ustini to‘lqinsimon oq chiziq o‘rab turadi. Og‘irligi 58.5 gramm.
Basketbol koptogi. An’anaviy basketbol to‘pi to‘q sariq rangda bo‘ladi. Uning ustki qismi deyarli har doim turli shakldagi qora chuqur chiziqlar bilan ajratiladi. Odatda 567—650 g. og‘irlikda, aylanasi 750—780mm. Unda o‘n minglab mayda «g‘urrachalar» ham mavjud.
Voleybol to‘pi. To‘pni urib qaytarishdan iborat o‘yin — voleybolning parvoz qiluvchi to‘pi vazni 340 g., aylanasi 63.5—68.5 sm.ni tashkil etadi.
Hokkey koptogi. Darvozaga kiritilishi lozim bo‘lgan bu to‘pning diametri 63 mm, og‘irligi 60—65 gramm. Uning o‘zagi namlik va muzlikka chidamli ekanligi bilan ajralib turadi. U muzda yaxshi ko‘rinishi uchun qizil, to‘q sariq kabi yorqin rangda bo‘ladi.
Angliyaning Regbi shaharchasi nomidan olingan sport o‘yinining koptogi boshqa sport turlaridagidan o‘zining uzunchoq shakli bilan farq qiladi.
Madina MIRZAQOBILOVA