PREZIDENT MATBUOT KOTIBI SHERZOD ASADOV TA’LIM TIZIMIDAGI YANGI ISLOHOTLARNING MAZMUN-MOHIYATINI TUSHUNTIRDI

PREZIDENT MATBUOT KOTIBI SHERZOD ASADOV TA’LIM TIZIMIDAGI YANGI ISLOHOTLARNING MAZMUN-MOHIYATINI TUSHUNTIRDI

PREZIDENT MATBUOT KOTIBI SHERZOD ASADOV TA’LIM TIZIMIDAGI YANGI ISLOHOTLARNING MAZMUN-MOHIYATINI TUSHUNTIRDI

Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan yangi o‘zgarishlar, avvalo, tizimdagi vazifalarni aniq taqsimlash, boshqaruvni samarali tashkil etish va ta’lim sifatini oshirishga qaratilmoqda. Prezidentimizning ikki vazirlikni birlashtirish tashabbusi ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Yangi yondashuvga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi mamlakatdagi barcha bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish uchun mas’ul bo‘ladi. Vazirlik ta’lim muassasalarining kundalik va operatsion jarayonlarini muvofiqlashtiradi, ta’lim faoliyatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi, shuningdek, akkreditatsiya va litsenziyalash ishlarini amalga oshiradi.

Bunda vazirlikning asosiy vazifasi — ta’lim muassasalari faoliyati uchun zarur tashkiliy va me’yoriy sharoitlarni yaratish, tizimdagi jarayonlarni samarali boshqarish hamda ta’lim olish uchun yagona va aniq talablarni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa ta’lim mazmuni va sifatini rivojlantirishga ixtisoslashadi. Agentlik o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar, metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish va natijalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Ta’lim jarayonida aniqlangan kamchiliklar asosida mazkur materiallar va yondashuvlar muntazam takomillashtirib boriladi.

Bu jarayonning asosiy mezoni Prezidentimiz belgilab bergan «o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti» bo‘ladi. Ya’ni o‘quv dasturlari va ta’lim mazmuni maktab bitiruvchisining qanday bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarga ega bo‘lishi kerakligiga qarab shakllantiriladi. Shu orqali ta’lim mazmuni bilan uning yakuniy natijasi o‘rtasida aniq bog‘liqlik ta’minlanadi.

Islohotlarning strategik yo‘nalishlarini belgilashda Prezident Administratsiyasi va uning huzurida tashkil etiladigan alohida ishchi guruh muhim o‘rin tutadi. Ishchi guruh yangi vazirlikning tuzilmasini ishlab chiqadi, amaldagi ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi, ortiqcha va samarasiz jarayonlarni aniqlaydi hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Shu bilan birga, ishchi guruh ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab, islohotlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshirish uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqadi.

Oliy ta’limda esa asosiy e’tibor mustaqillik va raqobatni kuchaytirishga qaratiladi. Davlatning oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga aralashuvi bosqichma-bosqich qisqartirilib, oliygohlarga o‘z faoliyatini mustaqil tashkil etish uchun kengroq vakolatlar beriladi. Nodavlat oliy ta’lim muassasalarining rivojlanishi uchun ham zarur sharoitlar yaratiladi.

Bunday yondashuvda oliygohlar faoliyatini baholashda ma’muriy ko‘rsatmalardan ko‘ra, ta’lim sifati, bitiruvchilarning tayyorgarligi va mehnat bozoridagi talab muhim mezonga aylanadi. Erkin raqobat esa oliy ta’lim muassasalarini ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy dasturlarni joriy etish va talabalar uchun munosib sharoitlar yaratishga undaydi.

Umuman, yangi islohotlar doirasida boshqaruv, ta’lim mazmuni, sifat nazorati va oliygohlar mustaqilligi bo‘yicha vazifalar bir-biridan aniq ajratiladi. Bu esa ta’lim tizimida mas’uliyatni kuchaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarini samarali tashkil etish va eng muhimi, ta’lim natijasini yaxshilashga xizmat qilishi kerak.

Fikr bildirish