XALQ TA’LIMI XODIMLARINI XIZMAT MAJBURIYATI BILAN BOG‘LIQ BO‘LMAGAN ISHLARGA JALB ETISH  QAT’IYAN TAQIQLANADI

XALQ TA’LIMI XODIMLARINI XIZMAT MAJBURIYATI BILAN BOG‘LIQ BO‘LMAGAN ISHLARGA JALB ETISH QAT’IYAN TAQIQLANADI

Ijtimoiy tarmoq orqali maktab o‘qituvchilari tomonidan hududdagi xonadonlarda yashovchi maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ilayotgani haqida tarqalgan xabar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:

 – Eng avvalo, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va ta’lim muassasalarga hech qanday alohida topshiriqlar berilmaganligini ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 15- martdagi 140-son qaroriga muvofiq, maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklari qarori asosida umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida shu umumta’lim muassasasi tomonidan ro‘yxatga olish orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra maktab rahbariyati o‘z maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yo‘q. So‘nggi 2 yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda.

Buning uchun Vazirlikning elektron axborot tizimi (my.maktab.uz) tegishli vazirlik idoralar bilan integratsiya qilingan holda ma’lumotlar olinmoqda. Xususan qabul jarayonlarida ota-onalarning yashash manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining manzil-ro‘yxat axborot tizimi bilan, mikrohudud (mahalla) to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa axborot tizimlarni integratsiya qilingan holda aniqlanadi.

Joylardagi ayrim rahbarlarning “tashabbusi” bilan mikrohudud bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish jarayoniga pedagog-xodimlarni jalb qilish va ularni faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018- yil 14- avgustdagi PQ-3907-son qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish hamda  xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish  qat’iyan taqiqlangan.

Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlari va pedagog xodimlariga ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb etish qat’iyan ta’qiqlanganligini, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda Vazirlikning 71-202-09-09 “Ishonch telefoni”ga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.

 

Xalq ta’limi yangiliklari

 

Biz bugun inson taqdiri, uning huquq va manfaatlari eng ustuvor yo‘nalish bo‘lgan davlat siyosatini olib bormoqdamiz. Shunday ekan, sohaga doir har bir fuqaro murojaati qonuniy tarzda o‘rganilishi va hal etilishi lozim. Shu maqsadda, mazkur hafta so‘nggiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etishingiz so‘raladi. Yana bir bor ta’kidlayman, sohada faoliyat yuritayotgan har bir rahbar farzandlarimizning munosib sharoitlarda ta’lim olishlari uchun shijoat bilan harakat qilishi talab etiladi.

Baxtiyor Saidov,

Xalq ta’limi vaziri

Vazir yig‘ilish o‘tkazdi

26-oktabr kuni Xalq ta’limi vaziri tomonidan videokonferensaloqa orqali hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ta’lim sifati va mazmuni, o‘quv muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, rahbarlarning mas’uliyati, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalalari muhokama etildi.

 

Maktablarga qisqa muddatda darsliklar yetkaziladi

Vazirlik tasarrufidagi “O‘quv-ta’lim-ta’minot” hamda “Transport va logistika” davlat unitar korxonalari oldiga yangi yaratilgan o‘quv darsliklari yetib bormagan maktablarni qisqa muddatda zarur darsliklar bilan ta’minlash vazifalari belgilab berildi.

 

Kuz-qish mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil etiladi

Xalq ta’limi vazirligidagi yig‘ilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bo‘yicha mas’ullarning mavjud holat bo‘yicha hisobotlari tinglandi.

Mamlakatimizdagi mavjud 10104ta umumta’lim maktabining 7111tasi ko‘mir yoqilg‘isi yordamida, qolganlari tabiiy gaz, suyuq yoqilg‘i hamda elektr energiyasi bilan isitiladi. Hozirda ko‘mir yoqilg‘isi bilan isitiladigan maktablarga to‘liq ravishda ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilgan.

Biroq joylardagi qator maktablarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ko‘mir mahsulotlarini saqlash, isitish qozonlarining yaroqlilik holati talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi. Shuning uchun tabiiy gaz, ko‘mir, suyuq yoqilg‘i hamda elektr energiyasi yordamida isitiladigan maktablarning isitish tizimini qaytadan tahlil qilib chiqish bo‘yicha hududiy boshqarmalar qoshida maxsus Shtablar, soha xodimlari va fuqarolarning bu boradagi murojaatlarini qabul qilishga mo‘ljallangan “Call-markaz”lar tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi.

 

Trening

Toshkentdagi 191-sonli umumta’lim maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan yangi avlod darsliklari aprobatsiyasi uchun tanlab olingan 14ta maktabning 179 nafar o‘qituvchilari malaka oshirish kurslarida qatnashdi.

Besh kun davomida interfaol uslublarda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda, asosan, kollaboratsiya, kommunikativlik, kreativlik va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘qituvchilarning o‘z ishiga ijodiy yondashishi va o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish malaka oshirishning asosiy maqsadi edi.

 

BOShLANG‘ICh SINF O‘QUVChILARI HAm QUVNAShDI

Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Kosonsoy tumanidagi 11-umumta’lim maktabiga viloyat hokimi tashabbusi bilan yangi, har jihatdan qulayliklarga ega zamonaviy avtobus tuhfa etildi.

 

Tumanning Dam massivida istiqomat qilayotgan 85 ta xo‘jalikning maktab yoshidagi 82 nafar o‘g‘il-qizlari maxsus avtobusda maktabga qatnaydigan va albatta, umumta’lim fanlarini yaxshi o‘zlashtirishiga yana bir imkoniyatdan foydalanadigan bo‘lishdi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinfning jajji o‘quvchilari rosa quvnashdi.

Xalq ta’limi vazirligining rasmiy  veb sayti
(https://www.uzedu.uz/) va bosqa manbalar materiallari asosida tayyorlandi

Xalq ta’limi vazirligining rasmiy  veb sayti
(https://www.uzedu.uz/) va bosqa manbalar materiallari asosida tayyorlandi

Fikr bildirish