NAVRO‘Z MUBORAK O‘ZBEKISTONIM
1- sinflar uchun
Navro‘z bayrami o‘tkaziladigan joy milliy an’analarga mos tarzda bezatilgan.
Sahna rango-rang gullar, manzarali daraxtlar bilan nafis bezatilgan. “Xush kelding, Navro‘z”, “Assalom, Navro‘zim”, “Navro‘z, sen rizq-ro‘zim” kabi shiorlar ilib qo‘yilgan.
O‘quvchilar milliy liboslarda bayramona kayfiyatda davrani to‘ldirib turadi. Tadbirda ota-onalar, ustozlar mahalla faollari qatnashadilar. Sahnaga eshak mingan Nasriddin Afandi qiyofasidagi o‘quvchi kirib keladi.
Bayram boshlanishi haqida xabar beradi.
– Odamlaru odamlar,
Eshitmadim demanglar!
Eshitganlar, jilmanglar:
maktabimizda o‘tkaziladigan
“Navro‘z” bayramiga tashrif buyuringlar!
1- boshlovchi:
– Boychechak chiqibdi, bugun Navro‘z ekan,
Hamma bir-biriga jigar so‘z ekan,
Olam ham barobar kecha-kunduz ekan
Boychechak chiqibdi, bugun navro‘z ekan.
2- boshlovchi:
– Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, aziz ota-onalar; qadrli mehmonlar, quvnoq davramizga xush kelibsizlar! Avvalambor barchangizni ona yurt O‘zbekistonga kirib kelgan Navro‘zi olam bilan chin yurakdan tabriklaymiz.
1- boshlovchi:
– Mana, bepoyon o‘lkamizga zarg‘aldoqlardan gulchambarlar taqib, xushbo‘y Navro‘zi olam kirib keldi.
Gullar barg urib, keldi Navro‘zim,
Don-dunim, osh-nonim, ham rizq -ro‘zim.
Jahonga tik boqqan, sen, qora ko‘zim
Xush kelding, navro‘zim, dillarga hamdam
Bizning quvonchlarga burkansin olam.
Qizlar ijrosida “Bahor valsi’’ raqsi.
2- boshlovchi:
– Bugun o‘lkamizda Bahor nashidasi. Yoqimli shamol esmoqda, ona tabiat ham uyqudan uyg‘onmoqda.
Qir-adir, bog‘ yashil, bo‘stonlar yashil,
Bahoriy libosda jahondir yashil,
Erk yashil, istiqlol, iymonlar yashil,
Vatanim, muborak bo‘lsin NAVRO‘ZING!
1- boshlovchi:
– Navro‘z – yangi yil demakdir. Bu yangi mehnat mavsumining boshlanish bayramidir. Navro‘z kuni dalalarda, bog‘larda qizg‘in ish boshlangan. Odamlar biri-birlarini qutlaganlar.
Bedapoya yam-yashil o‘tloq,
Chinorlarda qushlar chug‘urlar
Ko‘klam ko‘rkin ko‘rdingmu, o‘rtoq?
Chamanzordek hammayoq gullar.
2- boshlovchi:
– O‘lkamizda bahor. Yilimiz o‘z umrini yangidan boshlayapti. Jamiki mavjudod o‘z umrini shu bahordan boshlaydi. Shuning uchun ham qadimda yilning boshlanishini bahorning 21- martidan hisoblaganlar va uni katta bayram sifatida nishonlaganlar.
Bu bayram Navro‘z, ya’ni, yangi kun deb aytilgan.
O‘quvchilar ijrosida Navro‘z haqida qo‘shiq ijro etiladi.
O‘quvchilar she’r aytadilar.
Navro‘z keldi, soz keldi
Turna keldi, g‘oz keldi
Yam – yashil chorbog‘larda
Bulbulday ovoz keldi.
Nur sochadi mo‘li-ko‘l
Navro‘z quyoshi
Saylgohda yurtimning
Keksa-yu, yoshi.
Ko‘hna Turon elida
Navro‘zi olam,
Yillar tutar qo‘limdan
Qani yur, oshnam.
Qozonlarda sumalak,
Yoziq dasturxon
Navro‘z bayram muborak,
Ey, O‘zbekiston!
Sahnada qor parchalari, muzlar ko‘rinishini ifodalovchi libosda Ayoz bobo kirib keladi:
Men-chi, Ayoz boboman –
Fasllarning eng zo‘ri.
Qish zavqini suraman
Kezaman qir-adirni.
Yupun yurma bolakay,
Yomondir mening qahrim.
Qalt-qalt titrar jon zoti,
Sochsam gar achchiq zahrim.
Muzlab qoladi qotib,
Bundan bormi zavqli ish.
Men shunday qudratliman,
Men shunday dahshatliman.
1- boshlovchi:
– E, bas-e, endi ayoz
Haddingdan oshding biroz
To‘g‘ri sen uch oy qishda
Bo‘lding xizmatda, ishda.
2- boshlovchi:
– Hovliqib shoshma endi,
Haddingdan oshma endi,
Boshqalarga bergin yo‘l,
Joyni bo‘shat, qani bo‘l!
Axir kulib mart keldi,
Osmonda quyosh kuldi.
Ayoz bobo:
– Ko‘pdir ayozli kunim
Endi qizir o‘yinim!
Sahnada quyoshning ko‘kka ko‘tarilayotgan rasmi ko‘rsatiladi:
Ayoz bobo:
– Voy-voy, chatoqdir holim
Qizarar mening jonim.
Ko‘rishamiz biz hali,
Kelsa qahraton kunim!
1- boshlovchi:
– Ayoz bobo, bo‘l omon,
Kelguncha qish qahraton.
Davraga dehqon bobo, Navro‘zbek, Bahoroylar kirib keladi. Ohista kuy taraladi.
Bahoroy:
– Assalomu alaykum aziz bolajonlar! Men yana sizlarning huzuringizga shoshib keldim. Hamma dov-daraxtlarga gullardan marjonlar taqib, yasanib-yastanib keldim! Buyuk yurtning ertasi – qiz-o‘g‘lonlarim, Navro‘z bayramingiz muborak bo‘lsin! Bahoriy go‘zallik qalblarga unsin!
Atroflarga atrin sochib,
Navdalarda g‘uncha ochib,
Yerlarga qor singib qochib,
Mana, keldim sabo bilan!
Tog‘dan tushar suv shaldirab,
Jilg‘a oqar sho‘x sharqirab
Quyosh chiqar, tong yaltirab
Mana keldim, sabo bilan!
Dalalarda ko‘k yalpizlar
Gulga qo‘nar ko‘p xon qizlar
Yayrab uchar bir qo‘ng‘izlar,
Mana, keldim ibo bilan.
Qalblarimda ajib surur
Yon boshimda navro‘z turur
O‘zbegimning diyoriga,
Yana keldim ziyo bilan!
Qizlar ijrosida raqs.
Navro‘zoy:
– Mustaqil o‘zbegimning
O‘g‘lonlari, qizlari,
Bugun bayram – yil boshi
Quvonar dil, yuzlari.
Hamma xursand, hamma shod
Yangi yil, yangi hayot!
“Navro‘z kelibon” qo‘shig‘i ijro etiladi:
1- boshlovchi:
Kun bilan tun teng bo‘ldi,
Olam yorug‘, keng bo‘ldi,
Qirlarda maysa gilam,
Nurlarga to‘ldi olam.
2- boshlovchi:
Dalalarda ish qaynar,
Urug‘ ekish boshlandi,
Ishboshi Dehqon bobo,
Davramizga marhabo!
Dehqon bobo:
– Ishlab, jig‘ tushib terga,
Urug‘ sochamiz yerga,
Shundan rizq-u ro‘zimiz,
Elga yorug‘ yuzimiz.
Uyamiz tog‘day xirmon,
To‘kin-sochin dasturxon
Ombor hosilga to‘lar,
Barakali yil bo‘lar.
Aziz bolalarim, Navro‘z bayrami nishonlanayotgan kunda sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Barchaning yuzida shodlik, dillarda g‘ubor yo‘q. Yurtimizda osoyishtalik. Shuning o‘zi buyuk baxt – dalayu bog‘larda mehnat sururi. Yurtdoshlarimiz umid bilan yerga baraka urug‘ini qadashmoqda. Momo yerga muhabbat azaldan bizning qon-qonimizga singib ketgan, sizlar ham, bolalarim, yurt tuprog‘in ardoqlang, seving. O‘qishu odobda namuna bo‘ling, Navro‘z barchaga muborak bo‘lsin!
Sahnada milliy urf-odatlarimiz namoyish etiladi:
“Kelin salom”, “Beshik to‘yi” marosimlari.
1- boshlovchi:
– Qutlug‘ niyatlarga esh bo‘lsin qalblar,
Yurtim, ko‘klamlaring hamisha kulsin!
Bahorday pok bo‘lsin maqsad tilaklar
Soylaring sof, zilol suvlarga to‘lsin!
Aziz mehmonlar, tadbirimiz ham o‘z nihoyasiga yetib bormoqda.
2- boshlovchi:
– Aziz mehmonlar hamda o‘quvchilar! Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin yurakdan tabriklaymiz!
Xadicha Nurbayeva,
Guliston shahridagi
4- umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.